Welcome to Statistika qo'mitasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Statistika qo'mitasi Powered By GSpeech

Hurmatli Davlat statistika qo`mitasi axborot resurslaridan foydalanuvchilar!

Iqtisodiy rivojlanishga ko`maklashish markazi eksperti Yuriy Naumovning www.spot.uz saytida “Davlat statistika qo`mitasining O`zbekiston YaIM ko`rsatkichi to`g`risidagi hisobotida nima noto`g`ri?” nomli maqolasi e`lon qilinishi munosabati bilan, O`zbekiston Respublikasining makroiqtisodiy ko`rsatkichlari bo`yicha kelib chiqqan savollarga tushuntirishlar bermoqchimiz.

Mazkur maqolada Davlat statistika qo`mitasining turli davrlarda e`lon qilingan press-relizlarida 2017 yil uchun YaIM bo`yicha keltirilgan ma`lumotlarning o`zaro mos emasligi to`g`risida so`z boradi. Bu quyidagi ob`ektiv sabablarga egadir.

Yurtimiz hayotining har bir jabhasida, jumladan milliy statistika sohasida davlatimiz tomonidan olib borilayotgan ochiqlik siyosati, shuningdek, statistika axborotlarining haqqoniyligi va shaffofligini ta`minlash to`g`risidagi mamlakat Prezidentining bir qator qarorlari natijasida Davlat statistika qo`mitasi tomonidan YaIM va uning tarkibiga kiruvchi tarmoqlar darajasini xolisona baholash imkonini beruvchi statistika uslubiyotini takomillashtirish, hisobot ma`lumotlarining to`liqligini ta`minlash bo`yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu maqsadda Davlat statistika qo`mitasi tomonidan doimiy ravishda Xalqaro valyuta jamg`armasi (XVJ) va Osiyo taraqqiyot banki (OTB) kabi xalqaro tashkilotlarning milliy hisoblar statistikasi bo`yicha ekspertlari jalb etilmoqda hamda ular ishtirokida xalqaro tajribani inobatga olgan holda statistik yondashuvlarni qayta ko`rib chiqish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda va kelgusida ham amalga oshiriladi. Bundan tashqari, statistika uslubiyotini takomillashtirish jarayonida Jahon banki, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi, BMT Aholishunoslik jamg`armasi, BMT Xalqaro favqulotda bolalar jamg`armasi va boshqa xalqaro tashkilotlarning tavsiyalari va texnik ko`magidan keng foydalanilmoqda.

2017 yil uchun YaIM ko`rsatkichi bo`yicha tafovutlar tarmoqlar statistikasi ma`lumotlarini qayta hisoblab chiqish natijalari bilan bog`liq. Davlat statistika qo`mitasining 2018 yil yanvar oyida e`lon qilingan dastlabki baholashlariga ko`ra, O`zbekistonda YaIM hajmi 249,1 trln. so`mni tashkil etdi. Keyinchalik, 2018 yilning may oyida Davlat statistika qo`mitasi YaIM hajmiga dastlabki aniqliklarni kiritdi va unga ko`ra YaIM hajmi 254,0 trln. so`mni tashkil etdi. Ushbu ma`lumotlar Davlat statistika qo`mitasining rasmiy saytida, shuningdek, XVJning kengaytirilgan Ma`lumotlarni tarqatishning umumiy tizimi (k-MTUT) doirasida O`zbekistonning yig`ma ma`lumotlar milliy sahifasida (r-OSRD) joylashtirildi.

2019 yil yanvar oyida Davlat statistika qo`mitasi tomonidan 2017 yil uchun YaIM ko`rsatkichi keng miqyosda qayta ko`rib chiqildi va bu asosan qishloq xo`jaligi tarmog`i ma`lumotlaridagi o`zgarishlar natijasida kelib chiqdi. Bu o`zgarishlar, bir necha yillar davomida qishloq xo`jaligida ishlab chiqarish hajmini hisoblashda bozor narxlariga nisbatan sezilarli darajada past bo`lgan narxlardan foydalanilganligi bilan izohlanadi.

Ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida qishloq xo`jaligi mahsulotlarining barcha turlari bo`yicha o`rtacha yillik narxlar qayta ko`rib chiqilib, bozor narxlariga o`tkazildi. Bunda qishloq xo`jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish miqdori, ya`ni natura ko`rinishidagi hajmlari o`zgarmadi. Masalan, 2017 yil uchun qayta baholashga qadar 1 kg donning o`rtacha yillik narxi 648 so`mni tashkil qilgan bo`lsa, qayta baholashdan keyin 1686 so`mni, sabzavotlar qayta baholashga qadar – 895 so`mni, qayta baholashdan keyin – 2547 so`mni, poliz ekinlari qayta baholashga qadar – 865 so`mni, qayta baholashdan keyin – 1128 so`mni, tirik vazndagi mol go`shti qayta baholashga qadar – 5986 so`mni, qayta baholashdan keyin – 17470 so`mni; sut qayta baholashga qadar – 577 so`mni, qayta baholashdan keyin – 1678 so`mni tashkil etdi.

Qishloq xo`jaligi mahsulotlarining o`rtacha yillik narxlari qayta hisoblab chiqilganidan so`ng ushbu tarmoqning yalpi qo`shilgan qiymati hajmi 43,1 trln. so`mdan 91,0 trln. so`mga va mos ravishda, YaIM hajmi 254,0 trln. so`mdan 302,5 trln. so`mga oshdi (+47,9 trln. so`m qishloq xo`jaligi hisobiga, +0,6 trln. so`m boshqa tarmoqlarga kiritilgan aniqliklar hisobiga). Shu bilan birga, qayta hisoblash natijasida YaIMning o`sish sur`atlari 5,2 % dan 4,5 % gacha pasaydi. Shuningdek, qishloq xo`jaligining YaIM tarmoqlari bo`yicha tarkibidagi ulushi 19,7 % dan 34,0 % gacha o`sdi, sanoatning ulushi 27,2 % dan 22,2 % gacha, qurilishning ulushi 6,9 % dan 5,7 % gacha, xizmatlar sohasining ulushi 46,2 % dan 38,1 % gacha kamaydi.

Qayd etib o`tish lozimki, mahsulotlarga sof soliqlar ko`rsatkichidagi o`zgarishlar Milliy hisoblar tizimi va Davlat moliyasi statistikasi ma`lumotlari o`rtasidagi o`zaro muvofiqlikni ta`minlash maqsadida amalga oshirilganligi bilan izohlanadi.

Jahon tajribasida qabul qilinganidek, dinamik qatorlarda o`zaro muvofiqlikni ta`minlash maqsadida 2014-2016 yillar uchun YaIMni qayta baholash ishlari amalga oshirildi va ushbu ma`lumotlar foydalanuvchilar uchun Davlat statistika qo`mitasining rasmiy saytiga zaruriy tushuntirishlar bilan joylashtirildi (https://stat.uz/uz/statinfo/milliy-hisoblar/statistik-jadvallar). 2019 yil iyul oyiga qadar yaIMni 2010 yildan boshlab retrospektiv qayta hisoblashlarni davom ettirish va ularni Davlat statistika qo`mitasi rasmiy saytida e`lon qilish rejalashtirilgan.

Ta`kidlash lozimki, uzoq davrlar uchun statistik ko`rsatkichlarni bunday qayta hisoblash ishlari tez-tez amalga oshirilmaydi va ular, odatda, uslubiy yondashuvlardagi sezilarli o`zarishlar bilan bog`liqdir. Xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda, Davlat statistika qo`mitasi statistik axborotlarni siklli qayta ko`rib chiqish tamoyili asosida shakllantiradi. Boshlang`ich bosqichda statistik ko`rsatkichlar bo`yicha dastlabki baholashlar amalga oshiriladi, keyinchalik esa hisob-kitoblar kengroq axborot bazasini olish asosida aniqlashtiriladi.

Shu bilan birga, dastlabki ma`lumotlarni noto`g`ri talqin qilmaslik uchun foydalanuvchilardan rasmiy saytimizning “Chorak natijalari” bo`limidagi “Ushbu bo`limda statistik ko`rsatkichlar dastlabki ma`lumotlar hisoblanadi” ko`rinishidagi va boshqa eslatmalarga e`tibor qaratishingizni so`raymiz. Kelgusida Davlat statistika qo`mitasi tomonidan ma`lumotlardan foydalanuvchilar uchun qulayliklar yaratish maqsadida rasmiy saytni texnik jihatdan takomillashtirish masalalari ko`rib chiqiladi.

YaIM deflyatori indeksi (2018 yil yakunlari bo`yicha – 128,1 %) bo`yicha shuni ta`kidlash kerakki, bu ko`rsatkich mohiyatan iste`mol narxlari indeksi (INI) ko`rsatkichidan farq qiladi. INI faqatgina iste`mol savatiga kiritilgan cheklangan sonli tovarlar va xizmatlar narxlarining o`zgarishini ifodalasa, YaIM deflyatori indeksi iqtisodiyotda ishlab chiqarilgan barcha tovarlar va xizmatlar, jumladan, investitsion tovarlar, eksport qilinadigan tovar va xizmatlar hamda bozorga xos bo`lmagan (bepul ko`rsatilgan) xizmatlarni ham qamrab oladi. Shuningdek, INI import qilinadigan tovarlarni ham qamrab olsa, YaIM deflyatori indeksi hisob-kitoblarida faqatgina milliy iqtisodiyot rezidentlari tomonidan ishlab chiqariladigan tovarlar hisobga olinadi.

Bizning nashrlarimiz bo`yicha bildiriladigan har qanday sharhlar va takliflar uchun minnatdor bo`lamiz. Kelgusida Davlat statistika qo`mitasi tomonidan statistik ma`lumotlar va ularni hisoblash uslubiyotida vujudga kelayotgan o`zgarishlar, shuningdek, bunday o`zgarishlarning sabablari batafsil yoritib boriladi. Jamoatchilik bilan o`rnatiladigan yaqin munosabatlar statistik ma`lumotlarning yanada to`g`ri talqin qilinishiga va ularning shaffof bo`lishiga xizmat qiladi.

Davlat statistika qo`mitasi Axborot xizmati

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING FARMONI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA 2022 YILDA AHOLINI ROʻYXATGA OLISHNI OʻTKAZISH KONSEPSIYASINI TASDIQLASH TOʻGʻRISIDA
O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI
DAVLAT BOSHQARUVINING OCHIQLIGI VA SHAFFOFLIGINI TA`MINLASH HAMDA MAMLAKATNING STATISTIKA SALOHIYATINI OSHIRISH YUZASIDAN QO`SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO`G`RISIDA
PRESS-RELIZLAR
CHORAK NATIJALARI
USLUBIY MATERIALLAR

DIAGRAMMA VA GRAFIKLAR
 
ISTE`MOL NARXLARI INDEKSI KALKULATORI

TADBIRKORLAR UCHUN

Tugmani bosing Tinglash