Welcome to Statistika qo'mitasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Statistika qo'mitasi Powered By GSpeech

Joriy yilning 29-aprel kuni Davlat statistika qo‘mitasi hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlikda videokonferensiya tashkil etildi.

Respublikamizning turli hududlaridan onlayn ulangan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori boshchiligida professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar va talabalarga Davlat statistika qo‘mitasi mutaxassislari tomonidan vebinar qilindi.

Mazkur vebinarda Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti direktori B.G‘oyibnazarov, qo‘mita boshqarma boshliqlari O.Mamadaliyev va S.Jo‘rayev qatnashdi.


Dastlab, Sanoat statistikasi boshqarmasi boshlig‘i Jo‘raev Sardor Botirovich 1-chorak yakunlariga ko‘ra, mamlakatimiz sanoat ishlab chiqarish  holati bo‘yicha ma'ruza qilib berdi.Ma'ruzachining qayd etishicha, 2020-yilning yanvar–mart oylarida respublika korxonalari tomonidan 82,2 trln. so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lib, 2019-yilning yanvar–mart oylariga nisbatan sanoat ishlab chiqarishning fizik hajmi indeksi 104,0 % ni tashkil etdi. Sanoat ishlab chiqarish tarkibida eng katta ulush ishlab chiqaradigan sanoat hissasiga to‘g‘ri kelib, uning jami sanoat ishlab chiqarishdagi ulushi 78,6 % ni tashkil etdi.

 

Jami sanoat ishlab chiqarish fizik hajmi o‘sishining asosiy omili bo‘lib, ishlab chiqaradigan (qayta ishlash) sanoatning – 8,9 % ga hamda elektr, gaz, bug‘ bilan ta'minlash va havoni konditsiyalashning – 2,3 % ga o‘sishiga xizmat qildi. Shuningdek, suv bilan ta'minlash, kanalizatsiya tizimi, chiqindilarni utilizatsiya qilishda – 9,8 % ga hamda tog‘-kon sanoati va ochiq konlarni ishlash sanoatida – 11,9 % ga pasayish kuzatildi.

Respublika sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishning yuqori o‘sish sur'atlariga erishishda tayyor mahsulotlar, butlovchi qismlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturining amalga oshirilishi ham o‘z ta'sirini ko‘rsatdi. Mazkur dastur doirasida kiritilgan 690 ta loyiha bo‘yicha 1,9 trln. so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi. Mahalliylashtirish dasturi doirasida ishlab chiqarilgan mahsulotlardan 24,9 mln. AQSH dollari miqdorida eksport qilindi. Mahalliylashtirish dasturi doirasida 2020-yilning yanvar–mart oylarida 1 977 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda yangi tashkil etilgan ish o‘rinlari soni 1,8 martaga oshdi. Shu bilan birga, 2019-yil yanvar–mart oylariga nisbatan mahalliylashtirilgan mahsulotlarni eksport hajmining pasayganligi kuzatildi.

Shundan so‘ng, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari mavzu yuzasidan savollar berishdi. Ularning aksariyati pandemiya mamlakatning sanoat ishlab chiqarish holatiga qanday ta'sir etgani xususida hamda sanoat sohasi iqtisodiyotning boshqa tarmoqlariga ko‘rsatadigan ta'siriga oid savollar bilan murojaat qilishdi. Savollarga Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti direktori B.G‘oyibnazarov, qo‘mita boshqarma boshliqlari O.Mamadaliyev va S.Jo‘rayev javob berishdi.

Bugungi pandemiya sharoitida hamda mamlakatimizning raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratayotgan e'tiborini inobatga olgan holda tashkil etilayotgan vebinar muhim ahamiyatga ega. Shundan kelib chiqib, professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar va talabalar uchun bu kabi amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan onlayn uchrashuvlarni doimiy o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.

Mazkur videokonferensaloqaning to‘liq tavsilotlarini qo‘mitaning “Youtube”dagi rasmiy sahifasida kuzatishingiz mumkin.

Axborot  xizmati

 

  • ASOSIY SAHIFA
  • QO‘MITA HAQIDA
  • AXBOROT XIZMATI
  • INTERAKTIV XIZMATLAR
  • OCHIQ MA’LUMOTLAR
  • MUROJAATLAR
  • KONTAKTLAR
  • Tugmani bosing Tinglash