Welcome to Statistika qo'mitasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Statistika qo'mitasi Powered By GSpeech
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning taklifiga binoan Ostona shahrining 20 yilligiga bag‘ishlangan tantanalarda ishtirok etish uchun 6-iyul kuni ushbu mamlakatga jo‘nab ketdi.
 
O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlik azaliy qardoshlik, yaxshi qo‘shnilik va o‘zaro hurmat ruhida rivojlanmoqda. Ayniqsa keyingi ikki yilda o‘zaro aloqalar barcha sohalarda yanada faollashdi.
 
Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 22-23-mart kunlari Qozog‘istonga davlat tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochdi. Ushbu tashrif chog‘ida erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilmoqda.
 
O‘zbekiston va Qozog‘iston mustaqil taraqqiyot yo‘lini bir davrda boshlagan. Bugun mamlakatlarimiz o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Prezident Nursulton Nazarboyevning Qozog‘iston xalqiga joriy yilgi murojaatida mamlakatni modernizatsiya qilishning uchinchi bosqichi belgilab berildi.
 
Qozog‘iston mamlakatimizning savdo-iqtisodiy sohadagi muhim sheriklaridan biridir. O‘zbekiston qo‘shni mamlakatga tabiiy gaz, avtomobillar va transport vositalari, mineral o‘g‘itlar, to‘qimachilik, elektrotexnika va qurilish materiallari, meva-sabzavot va boshqa ko‘plab tovarlar, turli xizmatlar eksport qiladi. Qozog‘istondan yurtimizga neft, metall, un, yog‘-moy mahsulotlari keltiriladi.
 
Mamlakatimizda Qozog‘iston kapitali ishtirokida tuzilgan qariyb 230, Qozog‘istonda O‘zbekiston ishbilarmonlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan 130 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.
 
Davlatimiz rahbarining Qozog‘istonga tashrifi doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi ham ko‘zda tutilgan. 
 
O‘zA
 
Tugmani bosing Tinglash