Welcome to Statistika qo'mitasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Statistika qo'mitasi Powered By GSpeech

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 26 iyul kuni xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish, bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etish, sarmoyalarni o‘zlashtirishni jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. 

Unda Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, vazirlik va idoralar, kompaniya va uyushmalar rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi. 

Ta’kidlanganidek, joriy yil investitsiya va infratuzilma loyihalari dasturlari doirasida barcha manbalar hisobidan 2 ming 612 loyiha amalga oshirilib, 6 milliard 850 million dollardan ziyod mablag‘ o‘zlashtirish belgilangan. Shundan 4,9 milliard dollari xorijiy investitsiyalar bo‘lib, uning 2,3 milliard dollarini xalqaro moliya institutlari kreditlari va 2,6 milliard dollarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar tashkil etadi. 

Yig‘ilishda ushbu mablag‘larni o‘zlashtirish va loyihalarni amalga oshirish holati sustligi tanqid qilindi. Masalan, joriy yilda xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar ishtirokidagi 82 loyiha doirasida 2 milliard 283 million dollar o‘zlashtirish belgilangan. Lekin birinchi yarim yillikda bu mablag‘ning atigi 26 foizi o‘zlashtirilgan, xolos. 

Buning asosiy sabablaridan biri mablag‘larning 70 foizgacha bo‘lgan qismini o‘zlashtirishni yil oxiriga belgilash amaliyotidir. Xorijiy investorlar bunday holatlar bo‘yicha asosli e’tirozlar bildirmoqda. Puxta ishlangan va hujjatlari tayyor loyihalar uchun emas, balki “oldin mablag‘ olaylik, keyin bir gap bo‘lar” qabilida ish tutish ham shunday salbiy holatlarga sabab bo‘lmoqda. Ta’kidlash kerakki, mablag‘larni o‘zlashtirish qanchalik sust bo‘lsa, kelajakdagi loyihalar ijrosi uchun investitsiya jalb qilish ham shunchalik mushkul bo‘ladi. 

Shuni inobatga olgan holda, Vazirlar Mahkamasining tegishli komplekslari rahbarlari investitsiyalarni o‘zlashtirish holatini chuqur o‘rganib, muammolarni, jumladan, loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, tender o‘tkazish, loyiha va shartnomalarni ekspertiza qilishdagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish choralarini ko‘rishi kerak. 

Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir va uning o‘rinbosarlariga xalqaro va xorijiy moliya tashkilotlari mablag‘larining asosiy qismini avgust-oktyabr oylarida o‘zlashtirish va yil yakunida prognoz ko‘rsatkichlarini to‘liq bajarish bo‘yicha yangi tarmoq jadvallarini tasdiqlash vazifasini topshirdi. 

Investitsiya loyihalari ijrosi bilan bog‘liq jarayonlar murakkablashtirib yuborilgani, ortiqcha byurokratik to‘siqlar paydo bo‘lib, mas’ul idoralar faoliyati lozim darajada tartibga solinmagani kabi muammolarni bartaraf etish, investitsiya loyihalari samaradorligini oshirish va mablag‘larni o‘z vaqtida o‘zlashtirishni ta’minlash zarur. Shu maqsadda yaqinda xalqaro va xorijiy moliya tashkilotlari mablag‘larini jalb etish va nazoratini yuritish, loyiha hujjatlarini tayyorlash va ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha Prezident qarori qabul qilindi. Endilikda xalqaro va xorijiy moliya tashkilotlari mablag‘lari ishtirokidagi loyihalar mutlaqo yangi tizim asosida amalga oshiriladi. Ya’ni, xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish tartibi belgilandi, ekspertiza uchun 60 emas, 14 kun talab etiladi, tender hujjatlari va tender asosida tuzilgan shartnomalar esa umuman ekspertizadan o‘tmaydi, kvorum va talabgorlar soni bo‘yicha talablar bekor qilindi. 

Davlatimiz rahbari xalqaro moliya tashkilotlari ishtirokidagi investitsiya loyihalarini sifatli amalga oshirish uchun “Loyihalarni amalga oshirish guruhlari” faoliyatini samarali tashkil qilish muhim ekanini ta’kidladi. Guruhlar faoliyati samarali tashkil etilmagan, ayrim vazirlik va idoralar tizimida bir necha loyiha guruhlari mavjud. Bu guruhlar donor tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlamaydi, aksariyat xodimlarining malakasi past. Oqibatda ko‘plab investitsiya loyihalari 5-6 yillab ishga tushirilmasdan, muammoli masalaga aylanib qolmoqda. 

Shu bois joriy yil 21 iyun kuni qabul qilingan Prezident qaroriga binoan xalqaro va xorijiy moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarni muvofiqlashtirish va nazorat qilish vakolati to‘liq Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi zimmasiga yuklandi. Yig‘ilishda qo‘mita rahbariga “Loyihalarni amalga oshirish guruhlari” tarkibini qayta ko‘rib chiqish, ularni loyihalar kesimida emas, tarmoqlar yo‘nalishida ixtisoslashtirish asosida qaytadan tashkil qilish, maxsus o‘quv kurslari tashkil etgan holda rahbar va mutaxassislar malakasini oshirish, xalqaro va xorijiy moliya tashkilotlari ishtirokidagi barcha loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari, tender hujjatlari, import shartnomalarini yangi tartib bo‘yichajadal ekspertiza qilish yoki ro‘yxatga olish topshirildi. 

Yig‘ilishda tarmoq va hududlardagi loyihalar monitoringi ularning ijrosi qoniqarsiz ekanini ko‘rsatishi ta’kidlandi. Shu sababli o‘tgan hafta investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha Prezident qarori qabul qilinib, unda 2018-2019 yillarda umumiy qiymati 30 milliard dollarlik, jumladan, 26 milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar ishtirokidagi 580 loyihani amalga oshirish belgilandi. Bu loyihalarning 148 tasi xo‘jalik birlashmalari va 432 tasi hududiy korxonalar tomonidan amalga oshiriladi. Shundan joriy yilda 456 ta loyiha doirasida 2,6 milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni o‘zlashtirish talab etiladi. 

Shu munosabat bilan Bosh vazir o‘rinbosarlariga 2018-2019 yillarda xo‘jalik birlashmalari 3,9 milliard dollarlik va hududiy korxonalar 3 milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni to‘liq o‘zlashtirishini nazarda tutgan holda, mazkur loyihalarni o‘z muddatida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha tarmoq jadvallarini ishlab chiqish topshirildi. Ayni paytda xo‘jalik birlashmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlari 69 tarmoq va 189 hududiy istiqbolli investitsiya loyihasi bo‘yicha investorlar topish, texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish va loyiha ijrosini jadallashtirishga qaratilgan “Yo‘l xaritalari"ni ishlab chiqishi kerak. Vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari va mahalliy hokimliklar investitsiya loyihalarini amalga oshirishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilishga e’tiborni kuchaytirishi zarur. 

Yig‘ilishda investitsiya loyihalari bo‘yicha hujjatlar ishlab chiqish va kelishish jarayonlarini tezlashtirish maqsadida Prezident qarori bilan qator qulaylik va yengilliklar yaratilgani ta’kidlandi. Jumladan, dastlabki texnik-iqtisodiy asoslar yoki hisob-kitoblarni majburiy ishlab chiqish bo‘yicha talablar, shuningdek, qurilishlarning manzilli ro‘yxatini Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan kelishish bekor qilindi. Xalqaro va xorijiy moliya tashkilotlari ishtirok etayotgan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ulushi 70 foizdan yuqori bo‘lgan, mahsulotni taqsimlash bitimlariga muvofiq amalga oshirilayotgan loyihalar ham mazkur agentlik ekspertizasidan o‘tkazilmaydi. Tender savdolari yakunida tuzilgan import shartnomalari Loyiha boshqaruvi milliy agentligida faqat tender hujjatlariga va milliy qonunchilikka mosligi, matnning to‘g‘ri tarjima qilingani bo‘yicha ekspertizadan o‘tkaziladi. Shuningdek, mazkur qarorga binoan umumiy qiymati 27 milliard dollar bo‘lgan 37 yirik muhim investitsiya loyihasi bo‘yicha qurilish-montaj ishlarini loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan bir vaqtda amalga oshirishga, bir bosqichli loyihalashtirish va moliyalashtirishni tezlashtirishga ruxsat berildi. Tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ana shu 37 loyihaning har biri bo‘yicha maxsus ishchi guruhi tuzib, bajarilayotgan ishlarni jadallashtirish, obyektlarni sifatli va muddatida qurish, xarid narxlari asossiz oshirib yuborilmasligini ta’minlash, pudratchi va yetkazib beruvchilarni aniqlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rishi lozim. 

Yig‘ilishda yilning yarmidan ko‘pi o‘tgan bo‘lsa-da, hanuzgacha barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan 2019 yilda amalga oshiriladigan loyihalar ro‘yxati tayyor emasligi tanqid qilindi. Vaholanki, joriy yil 1 aprelgacha – tarmoqlar va hududlarni uzoq muddatga mo‘ljallangan rivojlantirish konsepsiyalari, 15 iyulgacha – Loyihalar portfeli, 10 oktyabrgacha – Davlat rivojlanish dasturi loyihasini ishlab chiqish belgilangan, hozirgi kunda esa kelasi yil obyektlarining loyiha hujjatlarini tayyorlash ishlari boshlangan bo‘lishi kerak edi. 

Bu holatni o‘nglash uchun Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi tegishli vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va hokimliklar bilan birga barcha manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar bo‘yicha takliflar asosida Investitsiya dasturi loyihasini shakllantirishi zarur. 

Ma’lumki, mahalliy hokimliklar rahbarlarining xizmat safari bilan xorijga chiqib, o‘z hududiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilish yuzasidan chet ellik hamkorlar bilan muzokara o‘tkazishi uchun keng sharoit yaratildi. Ta’kidlash kerakki, bunday amaliyot ilgari bo‘lmagan. Hokimlar, ularning o‘rinbosarlari, hududiy korxona va tashkilotlar rahbarlari xohlagan davlatiga borib, hamkorlar bilan bemalol muloqotga kirishayapti. Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida hokimliklarning 33 delegatsiyasi xorijiy xizmat safariga bordi. Natijada umumiy qiymati 5 milliard 290 million dollar bo‘lgan 195 loyiha bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Hozirgi kunda 1 milliard 500 million dollarlik 75 loyihaning ijrosi boshlangan. 

Lekin hokimlik vakillarining xizmat safarlari asosan Xitoy, Rossiya, Turkiya, Janubiy Koreya va ayrim MDH mamlakatlari bilan cheklanib qolmoqda. AQSH, Yaponiya va Yevropa davlatlaridagi diplomatik vakolatxonalarimiz rahbarlari yurtimizdagi o‘zlariga biriktirilgan hududlarga investitsiya jalb qilishda faollik ko‘rsatmayapti. 

O‘z navbatida, hokimliklar elchixonalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymagan. Bu esa xorijiy xizmat safarlarida erishilgan kelishuvlarning ko‘pchiligi faqat qog‘ozda qolib ketishiga sabab bo‘layapti. Masalan, Farg‘ona viloyati hokimligi delegatsiyasi 1-4 fevral kunlari Latviyaga xizmat safari davomida 6 ta memorandum imzolagan, lekin bugungacha ularning birortasi bo‘yicha aniq natijaga erishilmagan. 

Yana bir e’tibor qaratish zarur bo‘lgan jihat shuki, hokimliklar erishgan kelishuvlar asosan xomashyoni birlamchi qayta ishlash, to‘qimachilik va qurilish materiallari ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish sohalariga yo‘naltirilgan. Yuqori texnologiyali ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish bilan bog‘liq loyihalar deyarli mavjud emas. 

Bu boradagi ishlarni tanqidiy o‘rgangan Ishchi guruh hokimliklar delegatsiyalarini chet elga yuborish oldidan tayyorgarlik ishlari talab darajasida tashkil etilmayotgani, aksariyat holatlarda delegatsiya a’zolarining aniq ish rejasi mavjud emasligi, tegishli viloyatning iqtisodiy salohiyati va amalga oshirish mumkin bo‘lgan loyihalar to‘g‘risida zarur va yetarli ma’lumot beradigan materiallar, rolik va bukletlar tayyorlanmaganini aniqladi. O‘rganish o‘tkazilgan Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlari delegatsiyalari tarkibiga kiritilgan 40 tadbirkordan atigi 12 tasi aniq kelishuvga erishgan, xolos. 

Xizmat safari davomida shartnomalarning quruq soni orqasidan quvish holatlari kuzatilayotgani ham tanqid qilindi. Imzolangan memorandum, kelishuv bitimlari, investitsiya va eksport shartnomalari aniq natijadorlikka qaratilmasdan, mavhum – madaniy-gumanitar xarakterga ega bo‘lib qolmoqda. 

Ayrim rahbarlarning ishga mas’uliyatsiz yondashishi tufayli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan “Yo‘l xaritalari” va tarmoq jadvallari ishlab chiqilmagan, ijro bo‘yicha qat’iy monitoring tizimi yo‘q. Loyihalar faqat tashabbuskorlar – xususiy tadbirkorlarning sa’y-harakatlari natijasida qiyinchilik bilan, mahalliy hokimliklarning zarur yordamisiz amalga oshirilmoqda. 

Ishchi guruh barcha hududlarda mazkur masalalarni o‘rganib chiqish bo‘yicha reja-grafik tayyorlab, shu asosda joylardagi vaziyatni ko‘rib chiqishi, mavjud muammolar va ularning sabablarini aniqlashi, tahlil qilishi, bartaraf etish choralarini ko‘rishi va ishlarni faollashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishi kerak. Bundan tashqari, biriktirilgan diplomatik vakolatxonalar rahbarlari bilan birgalikda hududlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish uchun qo‘shimcha loyihalarni shakllantirish, eksportni ko‘paytirish, investitsiya loyihalari bo‘yicha tarmoq jadvallarini tasdiqlash va jadal amalga oshirish, yangi quvvatlarni o‘z vaqtida ishga tushirish yuzasidan zarur choralar belgilashi lozim. 

Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va Tashqi ishlar vazirligiga hokimliklar delegatsiyalarining xorijiy xizmat safarlarida erishilgan kelishuvlar ijrosi yuzasidan ta’sirchan nazorat va muvofiqlashtirish tizimini joriy etish vazifasi topshirildi. 

Yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasi komplekslari rahbarlari, mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchilari va hokimlarning hisobotlari tinglandi. Xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish va loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

O‘zA 

  • ASOSIY SAHIFA
  • QO‘MITA HAQIDA
  • AXBOROT XIZMATI
  • INTERAKTIV XIZMATLAR
  • OCHIQ MA’LUMOTLAR
  • MUROJAATLAR
  • KONTAKTLAR
  • Tugmani bosing Tinglash