Welcome to Statistika qo'mitasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Statistika qo'mitasi Powered By GSpeech
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 27 iyul kuni jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasidagi ishlarning bugungi holati, bu borada ichki ishlar organlari va boshqa davlat idoralarining mas’uliyatini yanada oshirish, tizimda mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Yig‘ilishda Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, prokuratura, ichki ishlar va mudofaa vazirliklari rahbarlari, Milliy gvardiya qo‘mondoni va Oliy sud raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar, Toshkent shahri hokimlari ishtirok etdi. 

Qonun ustuvorligini ta’minlamasdan, jinoyatchilikning oldini olmasdan xalq ishonchini qozonish mumkin emas. Davlatimiz rahbari tomonidan bu masalaga alohida e’tibor qaratilmoqda, barcha darajadagi rahbarlardan qat’iy mas’uliyat va javobgarlik talab qilinmoqda. 

Shu maqsadda ichki ishlar tizimi tubdan isloh qilindi. Jumladan, ilgari barcha xodimlarning 60 foizi shahar va tuman boshqarmalarida, 40 foizi joylarda faoliyat yuritgan bo‘lsa, endi 35 foizi idoralarda qoldirilib, 65 foizi aholiga yaqin bo‘lishi uchun mahalla fuqarolar yig‘inlari huzurida ishlay boshladi. Tizimni takomillashtirishga oid 80 dan ortiq hujjat qabul qilindi. 

Ammo bunday chora-tadbirlarga qaramasdan, joylarda hali jinoyatchilikning tub ildiziga to‘liq yetib borilmayapti. Jinoyatlarning asl sabablari o‘rganilmayapti, mahalla, mehnat jamoalari va ta’lim muassasalaridagi muhokamalar nomiga tashkil qilinib, rasmiyatchilikdan nariga o‘tmayapti. 

Ma’lumotlarga qaraganda, 2017 yilda jinoyatlar 2016 yilga nisbatan 16 foizga, joriy yil 6 oyida esa, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 39 foizga kamaygan. Lekin qasddan odam o‘ldirish, og‘ir tan jarohati yetkazish, talonchilik, bosqinchilik, o‘g‘rilik va firibgarlik jinoyatlarining soni hamon yuqoriligicha qolmoqda. 

– Hamma birdek yeng shimarib, muammolardan to‘liq xabardor bo‘lib, ularni hal etishga ko‘maklashgan, jinoyatchilikning barvaqt oldini olgan va uning tub mohiyatini tushuntirganida edi, bugungi ahvol va raqamlar umuman boshqacha bo‘lardi, – dedi davlatimiz rahbari. – Afsuski, jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida hanuzgacha eskicha ishlash tizimidan voz kecha olmayapmiz. 

Yig‘ilishda qayd etilganidek, huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda ko‘rsatkichlarni oldingi davr bilan taqqoslash amaliyoti avj olgan. Shu sababli endi jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha ishlar butunlay yangicha tizimda tashkil etiladi. Bu tizim “Jinoyat haqiqati va adolat” deb nomlanadi. Mas’ul rahbarlar joylarga borib, jinoyatlarning sabablarini o‘rganadi, muhokama qiladi, takrorlanishining oldini olishga qaratilgan aniq choralar ko‘radi. Ommaviy axborot vositalarida “Jinoyat haqiqati va adolat” rukni tashkil etilib, barcha ishlar batafsil yoritib boriladi. 

Shuni inobatga olgan holda, Toshkent shahrida joriy etila boshlagan “Xavfsiz poytaxt” konsepsiyasini mamlakatimizning boshqa hududlarida “Xavfsiz shahar” shaklida yo‘lga qo‘yish, bunda har bir hududning o‘z xususiyatlarini hisobga olish lozimligi ta’kidlandi. Bosh vazir, Bosh prokuror, ichki ishlar va mudofaa vazirlari, Milliy gvardiya qo‘mondoni va Oliy sud raisiga bu borada tegishli topshiriqlar berildi. 

Jinoyatchilikka qarshi kurashishda huquqbuzarliklar va ularni sodir etishga moyil shaxslar hisobini yuritishning samarali mexanizmini joriy etish zarur. Ichki ishlar vazirligining huquqbuzarliklarning yagona hisobini yuritish, tahlil qilish va o‘zaro axborot almashuviga mas’ul Axborot markazi esa loqayd maskanga aylanib qolgan. Bunga chek qo‘yish uchun Axborot markazini Bosh prokuratura tarkibiga o‘tkazish maqsadga muvofiqdir. Shuningdek, huquqbuzarliklarni ro‘yxatga olishning elektron tizimini joriy qilish lozim. Bu ishlarning uzviy davomi sifatida har bir hududda jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish faoliyati reytingini joriy etish kerak. 

Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi va aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan boshqa tashkilotlar, hokimliklar, ichki ishlar bo‘limlarida yoshlar bo‘yicha o‘rinbosar lavozimi joriy etildi. Lekin jinoyat sodir bo‘lganda ularning faolligi ko‘zga tashlanmayapti. Joylardagi mas’ullar jinoyat bo‘yicha muhokamalarni o‘zlari tashkillashtirishi va sabablarini aniqlashi, ommaviy axborot vositalarida bevosita chiqib ma’lumot berishi darkor. Shundagina har bir jinoyatning ildizigacha yetib borish mumkin bo‘ladi. Aks holda, hamma jinoyatchilikka qarshi kurashish immunitetini shakllantirish o‘rniga uning oqibatlari bilan ovora bo‘lib qolaveradi. 

Yig‘ilishda so‘nggi paytda o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘paygani bilan bog‘liq muammo muhokama qilindi. Aholiga psixiatriya yordami ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirishga oid dasturlar doirasida psixiatriya shifoxonalari va psixonevrologiya dispanserlarining moddiy-texnik bazasi yaxshilangani, kadrlar malakasini oshirish tizimi yo‘lga qo‘yilgani, Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazi, tuman xotin-qizlar qo‘mitalari huzurida maxsus markazlar tashkil etilayotgani, “xavf ostidagi guruh”da bo‘lgan shaxslarning yagona elektron bazasi shakllantirilayotganiga qaramay, mas’ullarning bu masalaga yondashuv va munosabatida keskin o‘zgarish kuzatilmayapti. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi, Sog‘liqni saqlash, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi vazirliklari, Yoshlar ittifoqi va Xotin-qizlar qo‘mitasi o‘z joniga qasd qilish bilan bog‘liq har bir hodisaga “favqulodda holat” sifatida qarashi, ta’lim muassasalarida o‘z joniga qasd qilishga moyil xulq-atvor paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan psixologik dasturlar ishlab chiqishi lozim. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi o‘z joniga qasd qilishga nisbatan muqaddas dinimizning munosabatini ta’sirchan usullarda keng ommaga tushuntirishi zarur. 

Joriy yil 6 oyida ro‘yxatga olingan jinoyatlarni asosan o‘g‘rilik, firibgarlik, talonchilik va bosqinchilik tashkil qilgan. Bu holat profilaktika, jinoyat-qidiruv va qo‘riqlash xizmatlari faoliyati mutlaqo qoniqarsiz ekanidan dalolat beradi. Masalan, yurtimizdagi xonadonlarning 0,7, tadbirkorlik obyektlarining 12 foizigina qo‘riqlash pultiga ulangan, ommaviy joylardagi videokameralar yagona tizimga ulanmagan. Ya’ni, qo‘riqlash xizmati hamon eskicha tizimda ishlamoqda, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishda sustkashlikka yo‘l qo‘ymoqda. Bunday holatlar jinoyatlar ochilmay qolishining sabablaridan biri hisoblanadi. Shundan kelib chiqqan holda, Qo‘riqlash xizmati faoliyatini yangi tizim asosida tashkil etish, axborot texnologiyalarini to‘liq joriy qilish, davlat-xususiy sheriklikka muvofiq servis sifati va ko‘lamini oshirish lozim.

Yig‘ilishda yoshlar orasida jinoyatchilik kamaymayotgani masalasi ko‘rib chiqildi. Joriy yilning 6 oyida yurtimizda qayd etilgan jami jinoyatlarning 30 foizida yoshlarning qo‘li borligi achinarlidir. Buning sababi yoshlar yagona g‘oya, yagona maqsadlar yo‘lida jipslashtirilmayotgani, ta’lim-tarbiya va bandlikni ta’minlashda ko‘plab tizimli muammolar hal etilmayotganidadir. Masalan, bir yilda 600 mingdan ziyod yigit-qiz maktab, litsey va kollejlarni bitiradi. Oliy o‘quv yurtlari ularning 10-15 foizini qabul qiladi. Demak, qolganlar ertaga kim bo‘lishi haqida bosh qotirish zarur. Ularga munosib sharoit yaratib berilmas ekan, ertaga nimanidir talab qilishga hech kimning ma’naviy huquqi bo‘lmaydi. Shuning uchun ham “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi qabul qilindi, 800 milliard so‘m mablag‘ aynan yoshlar tadbirkorligi, bandligi uchun yo‘naltirildi. Mas’ullar uyma-uy yurib, yoshlar bilan suhbatlashishi, ularning orzu-maqsadlarini bilish orqali ushbu dasturning to‘liq ijrosini ta’minlashi lozim. 

Yig‘ilishda yo‘l-transport hodisalari ko‘paygani bilan bog‘liq masala muhokama qilinib, bu borada eng asosiy muammo haydovchi va piyodalarning bilim-ko‘nikmalari, qonunga itoatkorlik va boshqa yo‘l harakati ishtirokchilariga o‘zaro hurmat madaniyatining o‘ta pastligida ekani ta’kidlandi. Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jazo qo‘llanilyapti, lekin natija kutilganidek emas. Yo‘llarning ahvoli, yo‘l belgilarini xatlovdan o‘tkazish, ularni bosqichma-bosqich zamonaviy qoplamali yo‘l belgilari bilan almashtirish borasidagi ishlar talabga javob bermaydi. Ichki ishlar vazirligi, Avtomobil transporti agentligi, Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi 2018-2022 yillarga mo‘ljallangan yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash konsepsiyasida ko‘rsatilgan vazifalarning to‘liq va sifatli bajarilishini ta’minlashi darkor. Shu bilan birga, sohaga davlat-xususiy sheriklik mexanizmini joriy etish, hududlarda magistral yo‘llarni xususiylashtirish, pullik xizmatni yo‘lga qo‘yish, yo‘l harakati qoidalarini qasddan buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish choralarini ko‘rish kerak. 

Mana shunday kamchiliklar tufayli ichki ishlar idoralari chinakam “Xalqchil ichki ishlar organlari”ga aylanmayapti. Hanuzgacha murojaatlarni e’tiborsiz qoldirish, xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan yondashish holatlari mavjud. Keyingi vaqtlarda tizim xodimlarining nomaqbul harakatlari, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilishiga doir holatlar internetda keng muhokama qilinayotgani ichki ishlar organlarining obro‘siga putur yetkazmoqda. Ichki ishlar vazirligi kengaytirilgan hay’at majlisi o‘tkazib, bunday hodisalarni muhokama qilishi, kelgusida yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rishi lozim. 

Ma’lumki, hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish Respublika komissiyasi faoliyatini samarali tashkil etish uchun 5 ta mintaqaviy ishchi guruhning har biriga tegishli hudud va mas’ul rahbarlar biriktirilib, aniq vazifalar yuklatilgan. Soni oshgan jinoyatlarning sodir etilishiga imkon berayotgan shart-sharoit o‘rganilib, har bir turdagi jinoyatning barvaqt oldini olishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan. 

Davlatimiz rahbari bu boradagi tadbirlar qog‘ozda qolib ketmasligi kerakligini, har bir tadbir, har bir harakat aniq natijaga qaratilgan bo‘lishi, aholining mushkulini yengil qilishga safarbar etilishi zarurligini qayd etdi. Buning uchun Respublika komissiyasi har bir tuman va shaharga kriminogen vaziyat nuqtai nazaridan “tashxis” qo‘yib, uning natijasiga ko‘ra mamlakatning kriminogen xaritasini ishlab chiqishi kerak. 

Ayni paytda jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi hammaga, jumladan, sudlarga ham birdek tegishli vazifadir. Lekin ayrim sudlar raislari nafaqat bu ishni, balki o‘ziga yuklatilgan professional vazifalarni ham lozim darajada bajarmayapti. Shu nuqtai nazardan, Sudyalar oliy kengashi, Oliy sud sudlarda ishni to‘g‘ri va samarali tashkil etish, sud raislari faoliyatini baholashning aniq mezonlarini belgilash, jinoyatchilikning oldini olishda sudlarning ishtiroki va mas’uliyatini oshirish bo‘yicha aniq tadbirlar ko‘rishi darkor. 

Muhokama qilingan barcha masalalarning tahlili shuni ko‘rsatadiki, ichki ishlar organlarining tahliliy-huquqiy va prognozlash faoliyati bugungi kun talablariga javob bermaydi. Tahlil qilish qobiliyatiga ega kadrlarni tarbiyalash borasida Ichki ishlar vazirligi akademiyasining faoliyatini qoniqarli, deb bo‘lmaydi. Chunki, jinoyatchilikning barvaqt oldini olishda uning dinamikasini prognoz qilish muhim shartlardan hisoblanadi. Shuni inobatga olgan holda, tegishli mutasaddilarga ichki ishlar organlarining boshqaruv, tizimli tahlil, prognoz va nazorat yo‘nalishlaridagi faoliyatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish vazifasi topshirildi. 

Yig‘ilishda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, aniq maqsadli chora-tadbirlar belgilab olindi.
 
O‘zA 
 
  • ASOSIY SAHIFA
  • QO‘MITA HAQIDA
  • AXBOROT XIZMATI
  • INTERAKTIV XIZMATLAR
  • OCHIQ MA’LUMOTLAR
  • MUROJAATLAR
  • KONTAKTLAR
  • Tugmani bosing Tinglash