Welcome to Statistika qo'mitasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Statistika qo'mitasi Powered By GSpeech

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 5 avgust kuni mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo`lib turgan Hindiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj xonimni qabul qildi.

 Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, O`zbekiston va Hindiston o`rtasidagi do`stlik va strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib borayotganini chuqur mamnuniyat bilan ta`kidladi.

 Joriy yil iyun oyida Sindao shahridagi Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida bo`lib o`tgan oliy darajadagi muzokaralar va uning yakunlari bo`yicha erishilgan kelishuvlar amaliy hamkorlikning yangi yo`nalishlarini belgilab olish imkonini berdi.  Suhbatda mamlakatlarimiz o`rtasidagi keng ko`lamli, avvalo savdo-iqtisodiy, investitsiya, innovatsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash muhimligi alohida qayd etildi.

 Farmatsevtika va tibbiyot, axborot texnologiyalari, qishloq xo`jaligi, turizm va boshqa tarmoqlarda qo`shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Hindistonga bo`lajak davlat tashrifi O`zbekiston va Hindiston o`rtasidagi azaliy ko`p asrlik do`stlik rishtalariga asoslangan munosabatlarda yangi davrni boshlashga, ikki tomonlama hamkorlikni yanada yuqori bosqichga olib chiqishga qaratilgani alohida ta`kidlandi.  Xalqaro va mintaqaviy siyosatning tomonlarni qiziqtiruvchi dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Hindiston Respublikasi Prezidenti Ram Nath Kovind va Bosh vaziri Narendra Modining salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.  Hindiston hukumati mamlakatimizni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasi va sifatini yuksaltirishga borasida O`zbekistonda amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohot va yangilanishlarni to`liq qo`llab-quvvatlashi ta`kidlandi.

 Hindiston mamlakatimizning mintaqada xavfsizlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta`minlash borasidagi tashabbuslarini yuqori baholashi va qo`llab-quvvatlashi qayd etildi.

 Sushma Svaraj Hindiston Respublikasining O`zbekiston Respublikasi bilan ko`p qirrali hamkorlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga intilishi qat`iy ekanini ta`kidladi.

 

O'zA
 
Tugmani bosing Tinglash