Welcome to Statistika qo'mitasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Statistika qo'mitasi Powered By GSpeech

Oʻzbekistonning turli hududlarida joylashgan 14 umumtaʼlim maktabining oʻqituvchi va psixologlari oʻsmirlar va ularning ota-onalari bilan ishlashda zamonaviy psixologik va pedagogik texnologiyalarga bagʻishlangan seminar-treningda ishtirok etish uchun Toshkentga tashrif buyurdi. 

Aynan ular uchun Oʻzbekiston Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi bilan hamkorlikda uch kunlik oʻquv kursi ishlab chiqildi. U oʻz ichiga BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining “Mustahkam oila“ dasturi boʻyicha treningni qamrab olgan boʻlib, oʻquvchilar bilan ishlashni yaxshilash, oʻqituvchilarda ijtimoiy-psixologik koʻnikmalarni rivojlantirish, ota-onalar bilan samarali muloqot qilish masalalarida xalq taʼlimi mutaxassislarining pedagogik kompetentligini oshirishga yoʻnaltirilgan. Shuning uchun yangi loyiha “Baxt maktablari“ deb nomlandi. 

Oʻzbekiston Xalq taʼlimi vazirligi maʼlumotlariga koʻra, “Baxt maktablari“ loyihasida ishtirok etish uchun mamlakatimizning har bir viloyatidan bittadan sinov maktabi tanlab olindi. Amalga oshirilayotgan loyihaning ikkinchi bosqichida oʻzining kasbiy mahoratini oshirish uchun Toshkentga kelgan 70 nafar pedagog tanlandi. Ular oldida murakkab vazifa – bor-yoʻgʻi uch kun ichida oʻqituvchilar, oʻquvchilar va ularning ota-onalarini ruhlantirish, ularning faoliyati, oʻqishi va hayotini baxtga toʻldirishga oʻrgatish kabi vazifa qoʻyildi. Bu masalada ularga malakali chet el va mahalliy psixologlar yordam berdi. 

Oʻsmirlarning maktab qoidalari va tartiblariga amal qilishi, oʻquvchilar oʻrtasida shafqatsizlik va zoʻravonlik, jinoyatchilik harakatlari profilaktikasi va ularning oldini olishni ragʻbatlantirish uslublarini koʻrib chiqish treningning muhim yoʻnalishlaridan biri boʻldi. Mutaxassislar maktabda taqiqlangan zararli odatlarga qarshi kurashish sohasidagi soʻnggi tadqiqotlarni alohida muhokama qildilar. Bu yoʻnalishda muhim ijtimoiy institut sifatida oiladagi psixologik muhitni yaxshilash alohida ahamiyat kasb etmoqda. Demak, pedagog ishi nafaqat muayyan oʻquv fanlaridan saboq berish, balki muhim oilaviy qadriyatlarni mustahkamlashga ham qaratilgan boʻlishi shart. 

Yangi bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan mutaxassislar oʻz maktablariga qaytadi. U yerda ular yordamga muhtoj oilalar va feʼl-atvorida ayrim muammolar mavjud oʻsmirlar uchun yetti haftalik treninglar oʻtkazadi. Shu bilan birga “Oʻz ustida ishlash kuni“ doirasida sinov maktablari mutaxassislari mamlakat boʻylab hamkasblari bilan jamoada va yoshlar bilan ishlashda stressga chidamlilikka doir tajriba va bilimlari bilan oʻrtoqlashadi. Shu orqali ular uch kunlik seminar doirasida ega boʻlgan bilimlarini amaliyotda muntazam qoʻllashlari mumkin boʻladi. Soʻnggi ikki yil ichida BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining “Mustahkam oila“ dasturi Toshkent shahrining 19 ta maktabida muvaffaqiyatli amalga oshirilib, ijobiy natijalar berganini taʼkidlash zarur. 

Yakuniy bosqichda “Baxt maktablari“ loyihasini kengaytirishning “yoʻl xaritasi“ ishlab chiqilib, Oʻzbekistonning turli hududlarida shunday maktablar negizida murabbiylar uchun uch kunlik bosqichma-bosqich treninglar oʻtkaziladi.

O'zA

Tugmani bosing Tinglash