Welcome to Statistika qo'mitasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Statistika qo'mitasi Powered By GSpeech

1965 yil mustaqillikka erishgan davrga qadar Singapur zamonaviy korrupsiyalashgan mamlakatlardagi manzarani eslatuvchi vaziyatga tushib qolgandi. Mamlakat oʻta ogʻir iqtisodiy kunlarni boshdan kechirar, jamiyatda qonunsizlik hukm surardi… 


Bir tomondan qonunchilik uzoq Angliyadan, yaʼni Britaniya mustamlakachilari tomonidan import qilingan, ikkinchi tomondan huquqni muhofaza qiluvchi organlar uyushgan jinoyatchilikka kurashish qobiliyatiga ega emasdi. Amaldorlarning aksariyati esa korrupsiya botqogʻiga botib boʻlgandi. Aholining koʻpchiligi savodsiz boʻlib, oʻz huquqlarini himoya qilolmasdi. Mamlakat rahbarlari korrupsiya va oʻziboʻlarchilikni ildizi bilan qoʻporib tashlash kerakligini, busiz mamlakatning kelajagi yoʻqligini tushunib yetdi. Bu esa qatʼiyligi va izchilligi bilan ajralib turuvchi butun bir choralar tizimini qabul qilish uchun asos boʻlib xizmat qildi. Amaldorlarning harakatlari yoʻlga solindi, byurokratik toʻsiqlar bartaraf etildi, yuqori axloq-odob standartlariga rioya etish ustidan kuchli nazorat taʼminlandi. Mazkur choralarni hayotga tatbiq etgan va oʻz vakolatlarini bugungacha saqlab qolgan organ – korrupsiya holatlarini tergov qiluvchi maxsus Byuro illatni mahv etishda ulkan rol oʻynadi. Fuqarolar Byuroga davlat xizmatchilarining harakatlari ustidan shikoyat bilan murojaat qilishar va ziyonni undirib berishni talab qilardi. 

Bir vaqtning oʻzida korrupsiya harakatlari uchun jinoiy jazo kuchaytirildi, sud tizimi mustaqilligi oshirildi, sudyalarning maoshlari keskin oshirildi, ularning ijtimoiy maqomi taʼminlandi, pora berganlik yoki korrupsiyaga qarshi tergovda ishtirok etishdan boʻyin tovlaganlik uchun sezilarli iqtisodiy jazo joriy etildi. Koʻplab davlat tashkilotlarida barcha xodimlarni ishdan haydashgacha boʻlgan qattiq choralar koʻrildi. Ushbu choralar davlatning iqtisodiyotga aralashuvini kamaytirish, amaldorlarning maoshini oshirish, malakali maʼmuriy kadrlarni tayyorlash orqali amalga oshirildi. “Foiz”, “taqdirlash”, “bakshish” – mahalliy jargonda korrupsiyani qanday atashmasin, u osiyocha turmush tarzining koʻrinishlaridan biridir. Vazirlar va amaldor shaxslar ehtiyojlari talab qilayotgan darajada maoshlariga yashay olmaydi. Mansabi qanchalik yuqori boʻlsa, ularning uylari ham shuncha koʻp. Bu ham yetmaganidek, ularning xotinlari, jazmanlari koʻp. Erlarining mansablariga qarab tilla taqinchoqlari ham qimmatbaho. Bunday mamlakatlarda biznes qiluvchi singapurliklar yaramas odatlarni uyga olib kirmasliklari kerak, deb yozgan edi mamlakat bosh vaziri, Singapurdagi islohot tashabbuskorlaridan biri Li Kuan Yu. 

Hozirgi paytda kuchli avtoritar boshqaruvli davlat - Singapur korrupsiya koʻlami kamligi, iqtisodiy erkinlik va taraqqiyot darajasi boʻyicha jahon reytinggida yetakchi oʻrinda bormoqda. Atigi 4 million aholi istiqomat qilayotgan Singapur tajribasi siyosiy iroda, samarali antikorrupsion qonunchilik va pulga sotilmas mustaqil agentlik evaziga atigi bir necha yilda korrupsiyani juda past darajaga tushirish mumkinligini namoyish etdi. 

Singapur tarixi haqida


XV-XVI asrlarda Singapur Joxor sultonligi tarkibiga kirgan. 1819 yilda Britaniyaning Ost-Hind kompaniyasi vakili Joxor sultoni bilan Singapurda turli etnik guruhlarga muhojirlikka ruxsat bergan holda savdo zonasini tashkil etish haqida kelishuv imzolaydi. 1867 yilda Singapur Britaniya imperiyasining mustamlakasiga aylanadi. Inglizlar Singapurga Xitoy yoʻlidagi muhim tayanch nuqtasi sifatida katta ahamiyat qaratishardi. 

Ikkinchi jahon urushi paytida Yaponiya Malayziyani egallaydi, Singapur uchun jangni yutadi. 1942 yildan to 1945 yil sentyabr oyida Yaponiya magʻlubiyatigacha uning qaramogʻida qoladi. 1959 yildan eʼtiboran Singapur Britaniya imperiyasi tarkibidagi oʻzini idora etuvchi davlatga aylanadi. Saylovdan keyin Li Kuan Yu bosh vazir lavozimini egallaydi. 1963 yilgi referendum natijasida Singapur Malay federatsiyasiga qoʻshiladi, 1965 yilning 7 avgustida federatsiya tarkibidan chiqariladi va 1965 yilning 9 avgustida mustaqillikni qoʻlga kiritadi. Tabiiy boyliklardan mahrum Singapur 1959 yildan 1990 yilgacha koʻplab ichki muammolarini yechishga, uchinchi dunyo mamlakatidan, aholisi farovon, sanoati yuksak rivojlangan davlatlar safiga qoʻshilishga muvaffaq boʻladi. 

Korrupsiyaga qarshi kurash strategiyasi: oyoqqa turish


Singapur mustaqillikka erishguniga qadar qashshoq boʻlib, hatto chuchuk suv va qurilish uchun moʻljallangan qumni ham xorijdan keltirgan. Qoʻshni mamlakatlar nodoʻstona kayfiyatda boʻlsa, aholi orasida sotsialistik gʻoyalar ommalashib ketgandi. Mamlakat Britaniya kolonizatorlaridan nobop hukumatni, korrutsiyalashgan jamiyatni meros qilib olgandi. Korrupsiyaga qarshi kurash boshlagan birinchi hukumat qator muammolarga duchor boʻldi. Unga qarshi kurashni tartibga soluvchi qonun ochiqchasiga zaif edi. Koʻplab korrupsion jinoyatlar qonun doirasidan chetda qolar, tegishli kurashuvchi organlar esa oʻz vazifasini samarali ado etish uchun zarur vakolatga ega emasdi. Amaldorlarning koʻpchiligi poraxoʻr boʻlgani, qonunchilik samarasiz boʻlganligi sababli jinoyatga dalil topish oʻta murakkab edi. 

Davlat amaldorlari tijoriy sektor xodimlaridan oʻz shaxsiy manfaatlari yoʻlida foydalanishi, aholi savodxonligining past darajasi, huquqiy madaniyatning yetishmasligi kurashni qiyinlashtirdi. Natijada pora maqsadga erishishning yagona usuliga aylandi. 

Masalaning yana bir murakkab tomoni shunda ediki, inglizlar davrida tashkil etilgan Korrupsiya holatlarini tergov qiluvchi Byuro xizmatchilari mahalliy politsiyadan iborat boʻlib, ular ruhiy jihatdan ushbu illatga qarshi kurashga tayyor emasdi. 

“Bojxona amaldorlari kontrabanda va taʼqiqlangan mahsulotlarni tashiydigan transport vositalarini tekshirishni “tezlashtirish” uchun pora olardilar. Markaziy taʼminot xizmati xodimlari muayyan chaqa evaziga manfaatdor shaxslarga tenderga kelib tushgan arizalar haqida maʼlumot berardi. Import-eksport departamenti amaldorlari ruxsatnomani tezlashtirib berganlari uchun pora olishardi. Klerklar kamchiliklarga koʻz yumishlari uchun pudratchilar pora taklif qilishardi. Doʻkondorlar va uy egalari axlatni olib ketgani uchun Jamoat sogʻliqni saqlash departamentiga haq toʻlashardi. Maktab direktor va oʻqituvchilari kanselyariya mahsulotlari keltiruvchilaridan foiz olishardi. Hokimiyat tizginidan shaxsiy manfaat yoʻlida foydalanishga oʻtishganida inson ixtirochilik qobiliyatining chegarasi yoʻqoladi”. (Li Kuan Yu). 

Mamlakat juda ogʻir ahvolga kelib qolganini tushungan hukumat jamiyatda ochiqlik va tozalik muhitini yaratishga, korrupsiyani ijtimoiy nomaqbul hodisa deb talqin etilishiga erishish uchun qatʼiy qaror qildi. Oʻz ishining asosiga “toza va sotilmas boʻlib qolish” prinsipini ustuvor qoʻydi. Strategiya mualliflari korrupsiya ustidan nazorat milliy taraqqiyot uchun muhimligiga ishonishardi. 

Li Kuan Yu hukumati oʻz oldiga Singapurni Janubi-Sharqiy Osiyoning moliyaviy va savdo markaziga aylantirish, shuningdek, mamlakatga xorijiy sarmoyadorlarni jalb etish maqsadini qoʻygandi. Rahbarlarining siyosiy irodasi va kuchli antikorrupsiya qonunchiligi hisobiga Singapur poraxoʻrlikni yengishga va jahonning iqtisodiy yetakchilari qatoridan joy olishga erishdi. Birinchi navbatda korrupsion harakatlar sodir etish imkoniyati qisqartirildi. 1960 yilda korrupsiyaga qarshi kurash strategiyasi korrupsiya oldini olish va korrupsiya tergovi boʻyicha Byuroni alohida vakolatlar bilan taʼminlash toʻgʻrisidagi qonunda mustahkamlab qoʻyildi. 

Eng muhim, qonundagi ikki xil maʼno bildiruvchi anglashilmovchiliklar bartaraf etildi, Mustaqil Byuro hokimiyatning eng oliy eshelonlarida poraxoʻrlikka qarshi kurash olib bordi. Tergov Bosh vazir Li Kuan Yuning hatto eng yaqin qarindoshlariga nisbatan ham olib borildi. Korrupsiyaga aloqador qator vazirlar turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilindi yoki oʻz hayotlariga suiqasd qilishdi yoki mamlakatdan qochib ketishdi. Ular orasida Li Kuan Yuning qadrdon doʻstlari ham bor edi. 

“Vi Tun Bun 1975 yilda Indoneziyaga oilasi bilan birga sayohatga borganida atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri lavozimida ishlardi. Sayohat pulini esa uy-joy qurayotgan pudratchi tashkilot toʻlab bergan. U mazkur pudratchidan qiymati 500 ming singapur dollari turadigan koshonani pora sifatida oladi, shuningdek, 300 ming dollarlik ikkita kreditni otasi nomiga pudratchi kafolati asosida rasmiylashtiradi. Maqsad ushbu puldan fond bozorida chayqovchilik maqsadida foydalanish edi. Vi Tun Bun 1950-yillardan boshlab sadoqatli nokommunist yetakchi boʻlgan, shuning uchun uni himoya qilish va oʻzini aybsiz ekanligi xususida ishonchsiz urinishlarini eshitish menga ogʻir boʻldi. U aybdor deb topilib, 4 yili 6 oylik qamoq jazosiga hukm qilindi. Hukm ustidan shikoyat qilishiga qaramay, u kuchda qoldirildi, garchi qamoq muddati 18 oyga kamaytirilgan boʻlsa ham – deb hikoya qiladi Bosh vazir Li Kuan Yu oʻz esdaliklarida. 

Demak, hamma narsadan koʻra qonun ustuvorligini afzal koʻrish, jamiyatda hammaning qonun oldida tengligi prinsipini targʻib qilish va unga amal qilish, bu yoʻlda yuqori martabali amaldorlar va qarindoshlarini ham ayamaslik Singapurda korrupsiyani bartaraf etish ishiga xizmat qildi. 

Li Kuan Yuning qayd etishicha, siyosiy yetakchilar tartibli va vijdonli hukumatning vakillari boʻlgani uchun eng katta maoshlar tayinlangan. Agar ularga yaxshi pul toʻlanmasa, notoʻgʻri yoʻlga kirib qolishi va korrupsion harakatlarga aralashib qolishi hech gap emas. Shunga muvofiq, “aqllilar”ning xususiy sektorga oʻtib ketishini kamaytirish maqsadida Singapur davlat xizmatchilarining ish haqi muttasil oshirib borildi. 

1989 va 1994 yillarda davlat oliy xizmatchilarining ish haqini qayta koʻrib chiqish jarayonida maoshlar shu qadar oshirildiki, dunyoning boshqa har qanday davlat xizmatchisi buni orzu qilardi xolos. Biroq mazkur formula ish haqining har yili avtomatik tarzda oshirilishini anglatmaydi, chunki xususiy sektorning daromadlari goh tushar, goh koʻtarilardi. 1995 yilda xususiy sektorning daromadi pasaygan boʻlsa, 1997 yilda bunga muvofiq ravishda barcha vazirlar va mansabdorlarning maoshi kamaytiriladi. 

Singapur rahbariyati saylovoldi kampaniyasiga katta xarajatlarni sarflash koʻplab Osiyo mamlakatlari uchun behuda ekaniga ishonardi. Saylovga katta pul tikkan gʻoliblar nafaqat sarflangan mablagʻni qaytarishi, balki kelgusi saylov uchun mablagʻ toʻplashi zarur edi. Bu holat korrupsion operatsiyalarni amalga oshirishga yoʻl ochardi. Shuning uchun Singapur xalq harakati partiyasi yetakchilari saylovoldi kampaniyaga sarflanadigan xarajatlarni qisqartirishga urindi. Partiyaning saylovdan keyin xazinasini toʻldirishga va saylovlar oraligʻida saylovchilarga sovgʻa tarqatishga hojat qolmagandi. “Biz shunga erishdikki, odamlar ish oʻrinlari yaratishimiz, maktablar, kasalxonalar, ijtimoiy markazlar qurishimiz uchun qayta-qayta ovoz beraverardi. Mazkur ijtimoiy qulayliklar odamlar hayotini oʻzgartirdi, farzandlarining kelajagi Xalq harakati partiyasi bilan ekanligiga xalqni ishontira boshladi.(Li Kuan Yu). 

 

O'zA

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING FARMONI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA 2022 YILDA AHOLINI ROʻYXATGA OLISHNI OʻTKAZISH KONSEPSIYASINI TASDIQLASH TOʻGʻRISIDA
EKSPRESS-MA`LUMOTLAR
PRESS-RELIZLAR
CHORAK NATIJALARI
USLUBIY MATERIALLAR
ISTE`MOL NARXLARI INDEKSI KALKULATORI
Tugmani bosing Tinglash