Welcome to Statistika qo'mitasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Statistika qo'mitasi Powered By GSpeech

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-iyul kuni sugʻurta xizmatlari bozorini rivojlantirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

Sugʻurta xizmatlari iqtisodiyotni turli xil moliyaviy xatarlardan himoya qiluvchi vositalardan biridir. Biroq mamlakatimiz moliya bozorida bu xizmatlarning oʻrni hozircha yetarli emas. 

Joriy yilning olti oyida sugʻurta tashkilotlari tomonidan yigʻilgan sugʻurta mukofoti oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 1,5 barobar oshgan boʻlsa-da, sugʻurta tushumi aholi jon boshiga 50 ming soʻmdan toʻgʻri kelgan. 

Ushbu sohaning mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotidagi ulushi atigi 0,4 foizni tashkil etmoqda. Qiyos uchun, bu koʻrsatkich Janubiy Koreyada 11 foiz, Germaniyada 6 foiz, Rossiyada 1,5 foizni tashkil etadi. 

Buning asosiy sabablaridan biri – sugʻurta xizmatlari yetarli darajada jozibador emasligi. Misol uchun, oʻtgan olti oyda umumiy sugʻurta tarmogʻida 887 milliard soʻm sugʻurta mukofoti yigʻilgan boʻlsa-da, ushbu davrda mijozlarga toʻlangan sugʻurta qoplamasining hajmi mukofotning atigi 11 foiziga toʻgʻri kelgan. Dunyoda esa bu koʻrsatkich oʻrtacha 50-60 foizdir. 

Yigʻilishda Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻurta nazorati davlat inspeksiyasini bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda tubdan isloh qilish masalasi muhokama etildi. 

Sohaga nazoratchi emas, ilgʻor va zamonaviy standartlarni joriy etadigan, barcha ishtirokchilar oʻrtasida chinakam raqobat muhitini yaratib, sugʻurta bozorini rivojlantiradigan tuzilma kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Shu bois ushbu inspeksiyani tugatib, Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligi tashkil etish taklif qilindi. Mutasaddilarga sugʻurta sohasini oʻrta va uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish, 2022-yilgacha aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan sugʻurta mukofoti hajmini 3 baravar, sohaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini esa 2 baravar oshirish vazifasi qoʻyildi. 

Avvalo, aholi va tadbirkorlarning sugʻurtaga ishonchini oshirish zarurligi taʼkidlandi. Moliya vazirligi hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasiga sugʻurta daʼvolarini koʻrib chiqish muddatlari va hujjatlarini qisqartirish, sugʻurta hodisasini adolatli baholash va toʻlovlarni tezkor toʻlash tizimini joriy qilish vazifasi topshirildi. 

Sugʻurta tashkilotlarining investitsiya faoliyatini qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirish yuzasidan topshiriqlar berildi. Jumladan, sugʻurta kompaniyalarining lizing faoliyati bilan shugʻullanishini ragʻbatlantirish va lizing xizmatlari boʻyicha soliqqa tortish tizimini takomillashtirish vazifalari belgilandi. 

Iqtisodiyot tarmoqlarini sugʻurta xizmatlari bilan qamrab olish muhimligi qayd etildi. Moliya vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportini sugʻurtalash xarajatlarining bir qismini davlat tomonidan subsidiyalash mexanizmlarini joriy etish boʻyicha koʻrsatma berildi. 

Milliy sugʻurta kompaniyalarining xalqaro moliya bozorlariga chiqishini taʼminlash, ilgʻor korporativ boshqaruv tizimini joriy qilish orqali xalqaro reytinglar olish boʻyicha ham aniq vazifalar belgilandi. 

Sugʻurta sohasida zamonaviy kadrlar tayyorlash, mutaxassislarni nufuzli xorijiy bilim yurtlarida oʻqitish va yetakchi kompaniyalarda malakasini oshirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi. 

Mamlakatimizda majburiy tibbiy sugʻurta tizimini joriy qilish haqida soʻz borar ekan, davlatimiz rahbari bunga puxta tayyorgarlik koʻrish, tibbiy xizmatlarning minimal ijtimoiy paketini shakllantirish kerakligini taʼkidladi.

OʻzA

  • ASOSIY SAHIFA
  • QO`MITA HAQIDA
  • AXBOROT XIZMATI
  • INTERAKTIV XIZMATLAR
  • OCHIQ MA’LUMOTLAR
  • MUROJAATLAR
  • KONTAKTLAR
  • Tugmani bosing Tinglash