Welcome to Statistika qo'mitasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Statistika qo'mitasi Powered By GSpeech

Bugun, 13-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturining vazirlar darajasidagi konferensiyasi tadbirlarida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Takexiko Nakao boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda davlatimiz rahbari eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni ilgari surishda Oʻzbekistonning yetakchi va ishonchli sherigi boʻlmish ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy institut bilan oʻzaro manfaatli munosabatlar rivojlanish dinamikasini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Mamlakatimizda Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi loyihalarni ishlab chiqish sifati va amalga oshirish surʼati sezilarli darajada ortgani alohida taʼkidlandi.

Bugungi kunda ikki tomonlama hamkorlik yurtimiz iqtisodiyotining barcha ustuvor tarmoqlarini qamrab olgan holda amalga oshirilgan va davom etayotgan, umumiy qiymati qariyb 8 milliard dollarlik 60 dan ziyod loyihani oʻz ichiga oladi. Bankning 2019-2023-yillarda Oʻzbekiston bilan sheriklikni kengaytirish boʻyicha moliyalashtirish hajmi 5 milliard dollardan oshadigan yangi strategiyasi qabul qilindi.

Uchrashuvda oʻzaro hamkorlikning istiqbollari har tomonlama koʻrib chiqildi. Mamlakatimizda irrigatsiya-drenaj va avtomobil yoʻllari infratuzilmasini modernizatsiya qilish, jumladan, boshqaruv tizimini takomillashtirish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish, kadrlar tayyorlash va boshqa masalalarga doir uzoq muddatli strategik va dasturiy hujjatlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga eʼtibor qaratildi.

Mintaqaviy miqyosdagi, avvalo, transport yoʻlaklarini rivojlantirish, energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish, ekologik muammolarni hal etish boʻyicha loyihalarni ilgari surish ustuvor ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.

Osiyo taraqqiyot banki rahbari Oʻzbekiston bilan hamkorlikning bugungi darajasi va samaradorligini yuksak baholadi, shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni toʻliq qoʻllab-quvvatlashini qayd etdi.

Takexiko Nakao yurtimizning barqaror taraqqiyoti va ravnaqi yoʻlidagi maqsad va vazifalarga erishishda bank bundan buyon ham asosiy sherik boʻlib qolish istagidaligini bildirdi.

OʻzА

  • ASOSIY SAHIFA
  • QO`MITA HAQIDA
  • AXBOROT XIZMATI
  • INTERAKTIV XIZMATLAR
  • OCHIQ MA’LUMOTLAR
  • MUROJAATLAR
  • KONTAKTLAR
  • Tugmani bosing Tinglash