Welcome to Statistika qo'mitasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Statistika qo'mitasi Powered By GSpeech

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 26-noyabrdagi “Aholining ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish va uning sifatini yaxshilash uchun Oʻzbekiston Respublikasining suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–5883-son Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tizimiga kiruvchi suv taʼminoti davlat unitar korxonalari negizida ushbu korxonalarni masʼuliyati cheklangan jamiyatlar sifatida qayta tuzish orqali “Oʻzsuvtaʼminot” AJ tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Suv taʼminoti tizimini takomillashtirish boʻyicha ishlarni izchil davom ettirish, sohaga chet el investitsiyalarini jalb etish va mamlakatning ichimlik suv taʼminoti va suv chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida:

1. Belgilansinki:

tashkil etilayotgan masʼuliyati cheklangan jamiyatlar qayta tuzilayotgan tegishli davlat unitar korxonalarining shartnomalari, huquqlari (2019-yilning 1-oktyabr holatiga koʻra 381,7 milliard soʻm debitor qarzdorlik) va majburiyatlari (2019-yilning 1-oktyabr holatiga koʻra 499,8 milliard soʻm kreditor qarzdorlik) boʻyicha huquqiy vorislari hisoblanadi;

tashkil etilayotgan masʼuliyati cheklangan jamiyatlarning ustav kapitallari qayta tashkil etilayotgan davlat unitar korxonalarining mol-mulkini qoldiq qiymati boʻyicha topshirish hisobiga shakllantiriladi;

“Oʻzsuvtaʼminot” AJ ustav kapitalini shakllantirish uchun tashkil etilayotgan masʼuliyati cheklangan jamiyatlarning davlat ulushini topshirish nominal qiymati boʻyicha amalga oshiriladi;

“Oʻzsuvtaʼminot” AJ ustav kapitalidagi aksiyalarning davlat paketi boʻyicha aksiyador funksiyalari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan amalga oshiriladi;

Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi (keyingi oʻrinlarda – Vazirlik) davlat unitar korxonalarini qayta tashkil etish yakunlangunga qadar ularning mol-mulki saqlanishini taʼminlaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda har bir tadbir oʻtkazilishining aniq muddatlari va masʼul shaxslarni, jumladan, qayta tashkil etilayotgan davlat unitar korxonalarining aktivlari va majburiyatlari xatlovdan oʻtkazilishini koʻzda tutgan holda 2020-yil 1-mayga qadar davlat unitar korxonalarini qayta tashkil etish tartib-taomillarining tugatilishini nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi belgilangan tartibda quyidagilarni taʼminlasin:

ushbu qarorning 1-bandida koʻrsatilgan davlat unitar korxonalarini masʼuliyati cheklangan jamiyatlar sifatida qayta tashkil etish;

“Oʻzsuvtaʼminot” AJning ustav kapitalini shakllantirish va uning taʼsis hujjatlarini tasdiqlash;

Vazirlik bilan birgalikda zarur tajriba va amaliy koʻnikmalarga ega yuqori malakali, xususan, xorijiy mutaxassislarni, shu jumladan, rahbarlik lavozimlariga jalb qilishda “Oʻzsuvtaʼminot” AJga koʻmaklashish.

3. “Oʻzsuvtaʼminot” AJ:

emission qimmatli qogʻozlar chiqarilishini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va qimmatli qogʻozlar chiqarilishi toʻgʻrisidagi hujjatlarni koʻrib chiqish yigʻimlaridan;

qayta tashkil etilayotgan davlat unitar korxonalarining avtotransport vositalari topshirilishini qayta roʻyxatdan oʻtkazishda avtotransport yigʻimlarini toʻlashdan ozod etilsin.

“Oʻzsuvtaʼminot” AJga yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni ishga qabul qilishga va jamiyat mablagʻlari hisobidan ularga erkin konvertatsiya qilinadigan valyutada ish haqi va boshqa toʻlovlarning miqdorini belgilashga ruxsat etilsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirining birinchi oʻrinbosari zimmasiga suv taʼminoti va suv chiqarish tizimlarini samarali ekspluatatsiya qilish, rivojlantirish, modernizatsiyalashni, shuningdek, ularni boshqarishga, jumladan, barcha ish jarayonlarini avtomatlashtirishni nazarda tutuvchi innovatsiyalar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilishni taʼminlash yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

5. Quyidagilar:

2020-yilda respublikaning ichimlik suv taʼminoti va suv chiqarish obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha manzilli dasturi 1-ilovaga muvofiq;

2020-2021 yillarda ichimlik suvini ishlab chiqarish va taqsimlash boʻyicha inshootlarda oʻlchov asboblari (sarf oʻlchagichlar)ni oʻrnatish grafigi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. Suv taʼminoti va suv chiqarish sohasidagi Loyihalar tayyorlanishini moliyalashtirish jamgʻarmasini shakllantirish, shuningdek, loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishni keyinchalik moliyalashtirish uchun Osiyo taraqqiyot banki bilan 15 million AQSH dollari miqdorida qarz mablagʻlari ajratilishi toʻgʻrisida kelishuvga erishilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Vazirlik:

2020-yil 1-mayga qadar Loyihalar tayyorlanishini moliyalashtirish jamgʻarmasining mablagʻlari hisobidan suv taʼminoti va suv chiqarish sohasida hisob yuritilishi va monitoringini, ichimlik suvini ishlab chiqarish va taqsimlash boʻyicha inshootlarning zamonaviy oʻlchov asboblari (sarf oʻlchagichlari) bilan jihozlanishini taʼminlovchi zamonaviy axborot va resurs tejovchi texnologiyalarni joriy etish boʻyicha loyihaning texnik-iqtisodiy asosi ishlab chiqilishini;

2020-yil 15-iyulga qadar Loyihalar tayyorlanishini moliyalashtirish jamgʻarmasining mablagʻlari hisobidan oʻlchov asboblari (sarf oʻlchagichlar)ni xarid qilish va ichimlik suvini ishlab chiqarish va taqsimlash boʻyicha inshootlarni ular bilan taʼminlash yuzasidan loyiha-smeta va tender hujjatlarining ishlab chiqilishini taʼminlasin.

7. Vazirlik, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasining suv taʼminoti korxonalarining 2019-yil 1-oktyabr holatiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari, shuningdek, elektr energiyasini yetkazib beruvchilar oldidagi, jumladan, muddati oʻtgan qarzdorligini toʻlovlarni 5 yil muddatga, shu muddatdan, keyingi 5 yil mobaynida har oy bir meʼyorda soʻndirgan holda kechiktirish hamda oʻz vaqtida amalga oshirilmagan toʻlov uchun hisoblangan penyalarni 3-ilovaga muvofiq hisobdan chiqarish yoʻli bilan restrukturizatsiya qilish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

8. Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Energetika vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-yanvarga qadar respublikada ekspluatatsiya qilinayotgan suv taʼminoti va suv chiqarish tizimi obyektlari uchun uskuna, butlovchi qismlar, ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni yanada kengaytirish dasturini ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi 2020-yil 1-martga qadar qishloq aholi punktlarini sifatli ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmati bilan taʼminlash uchun xalqaro va xorijiy moliyaviy (grant) va texnik koʻmak loyihalarini jalb qilishga doir aniq takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. Vazirlik markaziy apparati, uning tashkiliy tuzilmasiga kiruvchi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladigan hududiy boʻlinmalari va tashkilotlarining xodimlariga qonunchilikda nazarda tutilgan ustama va qoʻshimcha toʻlovlardan tashqari Uy-joy kommunal xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan mehnatda yuqori natijalarga erishganligi uchun xodimlar faoliyatini baholashning reyting tizimiga muvofiq belgilanadigan ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar toʻlanishi belgilansin.

Vazirlik bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda ushbu bandga muvofiq Vazirlik xodimlariga ragʻbatlantiruvchi toʻlovlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi taklifni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgarishlarga muvofiq:

tijorat banklari bilan birgalikda davlat unitar korxonalarining investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun jalb qilingan kredit majburiyatlarining qayta rasmiylashtirilishini taʼminlasin;

davlat unitar korxonalarining majburiyatlari boʻyicha ilgari berilgan davlat kafolatlariga oʻzgartirishlar kiritsin.

12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar
va Toshkent shahar hokimliklari Vazirlik bilan birgalikda bir oy muddatda:
 
ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlari bilan taʼminlangan
va taʼminlanmagan barcha aholi punktlarini xatlovdan oʻtkazsin;
 
2020–2030-yillar davrida tegishli hudud aholisini ichimlik suvi
va kanalizatsiya xizmatlari bilan taʼminlashning aniq maqsadli koʻrsatkichlarini koʻrsatgan holda suv taʼminoti va suv chiqarish obyektlarini kengaytirish sxemalari va manzilli dasturini tasdiqlasin;

suv taʼminoti va suv chiqarish tizimlari davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tadbirkorlik subyektlariga hamda tegishli aholi punktlarining aholisi tomonidan tuziladigan markazlashmagan suv taʼminoti tashkilotlariga topshirilishi lozim boʻlgan aholi punktlari roʻyxatini shakllantirsin.

13. Vazirlik bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A.Gulyamov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi  Prezidenti                                                 Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,                                                                                  2019-yil 26-noyabr

 

OʻzА

  • ASOSIY SAHIFA
  • QO`MITA HAQIDA
  • AXBOROT XIZMATI
  • INTERAKTIV XIZMATLAR
  • OCHIQ MA’LUMOTLAR
  • MUROJAATLAR
  • KONTAKTLAR
  • Tugmani bosing Tinglash