Welcome to Statistika qo'mitasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Statistika qo'mitasi Powered By GSpeech

2015 yil 3-dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘rtinchi yalpi majlisi ochildi. Majlisda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a’zolari, vazirlik va idoralarning rahbarlari, boshqa tashkilotlar, ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdilar.

Majlisni Oliy Majlis Senatining Raisi N.Yo‘ldoshev olib bordi.

Senatorlar o‘z ishlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 93-moddasining 23-bandiga muvofiq parlament yuqori palatasiga kiritilgan«O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma uch yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida»gi masalani ko‘rib chiqishdan boshladilar.

Majlis ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma uch yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risidagi hujjatning qabul qilinishi insonning huquq va erkinliklari oliy qadriyat deb hisoblanadigan davlatimiz insonparvarligining yana bir yorqin ifodasi, olib borilayotgan demokratik, ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy islohotlar mazmun-mohiyatining ko‘rinishi ekanligini qayd etdilar. Amnistiya hujjatining ayrim toifadagi shaxslarga nisbatan qo‘llanilishi katta ijtimoiy va tarbiyaviy ahamiyatga ega.

Ushbu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma uch yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Qarorda ayollarni, voyaga yetmaganlarni, 60 yoshdan oshgan erkaklarni, chet davlatlarning fuqarolarini, shuningdek, fuqarolarning bir qator boshqa toifalarini jazodan ozod etish nazarda tutildi. Shuningdek, amnistiya to‘g‘risidagi qarorning amal qilishi tatbiq etilmaydigan shaxslar toifalari ham belgilab berildi.

Senat qarorini qo‘llash tartibi belgilab olindi. Mazkur tartibda amnistiya hujjati bo‘yicha jinoiy javobgarlikdan va jazodan ozod etilishi lozim bo‘lgan shaxslarga nisbatan ishlarni va materiallarni sudda ko‘rib chiqish tartib-taomili belgilab qo‘yilmoqda. Bunda amnistiya to‘g‘risidagi qarorning qo‘llanilishi, shuningdek, uni ijro etish tartib-taomillari ochiq-oshkoraligining ta’minlanishi ustidan jamoat nazoratini amalga oshirishda senatorlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar Kengashlari deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilining mintaqaviy vakillari faol ishtirok etishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, jazodan ozod etilgan shaxslarni ijtimoiy hayotga moslashtirish va himoya qilishga qaratilgan bir qator tadbirlar ham nazarda tutilgan.

Shundan so‘ng senatorlar O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetini, davlat maqsadli jamg‘armalarining byudjetlarini hamda 2016-yilga mo‘ljallangan soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlarini ko‘rib chiqdilar.

Senatorlar ta’kidlaganidek, bosh moliyaviy hujjat – O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalarining byudjetlari hamda 2016-yilga mo‘ljallangan soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari mamlakatimizda barqaror iqtisodiy o‘sishni va barqarorlikni ta’minlash maqsadida iqtisodiyotni isloh qilish va modernizatsiya qilish jarayonlarini izchil davom ettirish, asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar muvozanatini saqlash, xususiy mulkchilik ahamiyatini tubdan oshirish, xususiy tadbirkorlikning ishonchli himoyasini ta’minlash, fermerlik harakatini rivojlantirish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilab berilgan ustuvorliklar, maqsadlar hamda vazifalar asosida ishlab chiqildi.

Byudjet-soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlari, shuningdek, kelgusi yilning asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari yalpi ichki mahsulotni 7,8 foizga oshirishni nazarda tutadi.

Shuningdek, 2016-yilda iqtisodiy o‘sishning yuqori ko‘rsatkichlari faol investitsiya siyosatini yuritish hisobiga ham ta’minlanadi. Jumladan, 2016-yilda barcha kapital qo‘yilmalar hajmini 9,6 foizga oshirishni ta’minlash nazarda tutilmoqda, shuningdek, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan jami 4,5 trillion so‘m yoki yalpi ichki mahsulotning 2,1 foizi ajratilishi mo‘ljallanmoqda.

2016 yilga mo‘ljallangan soliq-byudjet siyosati ishlab chiqarishni yanada modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, shuningdek, yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini, agrosanoat majmuasini jadal rivojlantirish, eksport o‘sishini ta’minlash, mamlakatimiz iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan.

Soliq siyosatidagi asosiy ustuvorliklar xo‘jalik yurituvchi subyektlar va aholiga tushadigan soliq yukini yanada kamaytirish, iqtisodiyotning barqaror o‘sishini rag‘batlantiruvchi soliq solish tizimini soddalashtirish, mahalliy byudjetlarning daromad qismini mustahkamlash orqali byudjet tizimi byudjetlarining mutanosibligini ta’minlashdan iborat bo‘lib qolmoqda.

Aholi daromadlari zimmasiga tushadigan soliq yukini kamaytirish maqsadida soliq solishning ikkinchi pog‘onasi bo‘yicha jismoniy shaxslar daromadidan olinadigan soliq stavkasini 8,5 foizdan 7,5 foizgacha pasaytirish nazarda tutilmoqda, bu esa aholi daromadlarini 235 milliard so‘mga ko‘paytirish imkonini beradi.

2016 yilda xizmatlar sohasidagi mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi stavkasining 6 foizdan 5 foizga pasaytirilishi 2012-2016-yillarda O‘zbekiston Respublikasida xizmatlar sohasini rivojlantirish dasturida nazarda tutilganidek, mazkur sohaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 54,5 foizdan 55,5 foizga ko‘paytirish imkonini beradi.

Mamlakatimizning bosh moliyaviy hujjatini muhokama etish chog‘ida senatorlar Davlat byudjeti ijtimoiy sohaga yo‘naltirilganligi saqlanib qolayotganligini, chunonchi, Davlat byudjetining ijtimoiy xarajatlari 59,2 foizni tashkil qilayotganligini qayd etdilar. Davlat byudjeti parametrlarida aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga, oliy o‘quv yurtlarini mukammal ta’mirlashni va jihozlashni moliyalashtirishga, umumta’lim maktablari va maktabgacha tarbiya muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga sarflanadigan xarajatlarni oshirish nazarda tutilmoqda.

Global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz va uning oqibatlari davom etayotgan, jahonning ko‘pchilik mamlakatlarida investitsiyaviy faollik sustlashayotgan hamda o‘sish sur’atlari pasayayotgan bir sharoitda 2016-yilga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetida aholi real daromadlari va jamg‘armalarining, turmush darajasining oshirilishi nazarda tutilmoqda. Bunda oylik ish haqi, stipendiyalar, ijtimoiy nafaqalar va pensiyalar miqdorlarini inflatsiya sur’atlaridan ortiq miqdorlarda oshirish, muhtoj oilalarning manzilli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishini kuchaytirish, shuningdek, byudjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirish nazarda tutilmoqda.

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetini, davlat maqsadli jamg‘armalarining byudjetlarini hamda 2016-yilga mo‘ljallangan soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlarini tasdiqladilar.

Shundan so‘ng «Soliq va byudjet siyosatining 2016-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ko‘rib chiqildi. Yalpi majlis ishtirokchilarining fikricha, ushbu qonunning amalga oshirilishi 2016-yil uchun qabul qilingan soliq siyosati asosiy yo‘nalishlarining ijro etilishi uchun normativ-huquqiy asos yaratadi hamda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining samarali amalga oshirilishini ta’minlaydi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Yalpi majlisda Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan 2016-yilda ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi ham ko‘rib chiqildi hamda ma’qullandi. Dastur parametrlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hukumat majlisidagi 2014-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlariga va 2015-yildagi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalar asosida ishlab chiqilganligi qayd etildi.

Ushbu dastur mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti uchun muhim ahamiyatga ega hamda hududlarning va iqtisodiyot tarmoqlarining salohiyatidan foydalanish, demografik omillarni va iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlarni inobatga olgan holda mehnat resurslaridan oqilona foydalanish orqali aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha har tomonlama hamda o‘zaro bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan.

Dasturda tumanlar va shaharlar kesimida o‘rta maxsus ta’lim muassasalari bitiruvchilarining sonini hisobga olgan holda ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash parametrlari belgilab olindi, kichik sanoat zonalarini tashkil etish, ish o‘rinlarini band qilib qo‘yish orqali ish o‘rinlarini yaratish yo‘nalishlari kengaytirildi hamda alohida ajratib ko‘rsatildi. Aholini, shu jumladan, xotin-qizlarni, nogironlarni hamda ijtimoiy yordamga muhtoj aholining boshqa toifalarini va eng avvalo, yoshlarni ishga joylashtirishning, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilishning yangi usullaridan foydalanish nazarda tutilmoqda.

Dasturda oilaviy tadbirkorlikni, milliy hunarmandchilikni rivojlantirish, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratish, tadbirkorlarning kredit va moddiy xomashyo resurslaridan foydalanishini kengaytirish, kollej bitiruvchilarini ishga qabul qiluvchi kichik korxonalarga keng imtiyozlar berish hisobiga ish o‘rinlarini tashkil etishda kichik biznesning rolini yanada oshirishga doir chora-tadbirlar alohida o‘rin egallaydi.

Korxonalar (ish beruvchi), ta’lim muassasalarining bitiruvchilari va ota-onalar o‘rtasida tuzilgan uch tomonlama shartnomalar samaradorligini oshirish va bunday shartnomalarning to‘liq bajarilishini ta’minlash, mahalliy hokimliklar huzurida tashkil etilgan ishga joylashtirish masalalari bo‘yicha komissiyalar faoliyatining samaradorligini kuchaytirish choralari ko‘rilmoqda.

Dasturda ish o‘rinlarini tashkil etish, aholini ishga joylashtirish bo‘yicha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining, xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlarining, barcha darajadagi hokimliklarning aniq vazifalari belgilab berilmoqda. Umuman olganda, dasturga muvofiq 2016-yilda 992,7 ming kishini ishga joylashtirish nazarda tutilgan. Shundan 511,5 ming kishi ta’lim muassasalari bitiruvchilaridir.

Senatorlar «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar. Ushbu huquqiy hujjat davlat organlari faoliyatining samaradorligini yanada oshirishga, aholiga, jismoniy va yuridik shaxslarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan (AKT) keng foydalanish orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga qaratilganligi ta’kidlandi.

Qonun «elektron hukumat» faoliyatini tashkil etishning davlat organlari faoliyatining ochiq-oshkoraligi, da’vo qiluvchilarning elektron davlat xizmatlaridan teng foydalanishi, axborot xavfsizligini ta’minlash kabi prinsiplarini mustahkamlaydi.

Qonun shu jumladan, «bir darcha» prinsipi asosida elektron hujjat almashish imkoniyatlarini kengaytirmoqda, aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan o‘zaro aloqaning samarali mexanizmlarini yaratishni, elektron davlat xaridlari tizimini rivojlantirishni nazarda tutmoqda.

Qonunda elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi Vazirlar Mahkamasining, markazda va joylardagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining vakolatlari, funksiyalari, shuningdek, fuqarolarning, jismoniy hamda yuridik shaxslarning ushbu sohadagi huquqlari belgilab berilmoqda. «Elektron hukumat»faoliyatining tartibi, asosiy infratuzilma xususiyatlari belgilanmoqda.

Majlisda so‘zga chiqqan senatorlar ta’kidlaganidek, O‘zbekiston Respublikasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida yaratilgan normativ-huquqiy baza tufayli hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasining Hukumat portali, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali faoliyat ko‘rsatmoqda. Mazkur portal 250 dan ortiq xizmat turlarini, shu jumladan, Internet orqali biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish xizmatlarini nazarda tutadi.

Senatorlarning fikricha, «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining kuchga kirishi elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini rivojlantirish sohasidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ladi, turli ma’muriy tartib-taomillarni yanada yengillashtirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi hamda oshkoraligini ta’minlash, samaradorligini oshirish uchun huquqiy asos yaratadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar «O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar.

Bojxona kodeksining yangi tahriri bojxona ishlarining yagona va birxillashtirilgan qonunchilik bazasini yanada rivojlantirish, bojxona ma’murchiligining barcha bosqichlari va darajalarida norma hamda tashkiliy-huquqiy mexanizmlarning birxilda qo‘llanilishini ta’minlash, bojxona tomonidan tartibga solishning oshkoraligini oshirish maqsadida ishlab chiqilganligi ta’kidlandi.

Bojxona kodeksi yuklarni bojxonada rasmiylashtirishning xalqaro standartlariga muvofiqlashtirilgan bojxona rejimlari va tartib-taomillarining barcha turlarini batafsil ravishda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiluvchi normalar asosida tartibga soladi.

Kodeksda ruxsat etish xususiyatiga ega bo‘lgan turli hujjatlarni berish tartib-taomillari, tovarlarni, shu jumladan, tovarlar bojxona hududiga kelib tushishidan avval ularni deklaratsiyalash va rasmiylashtirishda bojxona tartib-taomillaridan o‘tkazish tartibi yengillashtirildi, shuningdek, mazkur masalalar yuzasidan bojxona organlarining mansabdor shaxslari tomonidan qaror qabul qilish uchun belgilangan muddatlar ancha qisqartirildi.

Tijorat va notijorat maqsadlaridagi transport vositalarini, shuningdek, tovarlarni bojxona chegarasi orqali quvur transporti va elektr o‘tkazuvchi liniyalar orqali olib o‘tish tartibi ancha maqbullashtirildi. Bojxona nazoratining yangi shakllari joriy etildi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining bojxona organlari bilan o‘zaro hamkorligining axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishga asoslangan zamonaviy shakllarini joriy etish katta ahamiyatga ega bo‘ladi.

Jumladan, davlat bojxona nazoratining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi faoliyatining tartibi normativ jihatdan mustahkamlandi. Mazkur tartib bojxona organlariga taqdim etiladigan hujjatlar sonini sezilarli darajada qisqartirishni nazarda tutadi. Bu tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari tomonidan tovarlarni bojxonada rasmiylashtirish tartib-taomillarini ancha yengillashtiradi.

Majlisda qayd etilganidek, yangi tahrirdagi Bojxona kodeksining qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyati samaradorligini oshirishning, ichki bozorni sifatsiz va kontrabanda mahsulotlaridan himoya qilishning, xo‘jalik yurituvchi subyektlar, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari, shu jumladan, kichik biznes va tadbirkorlik korxonalarining jahon bozorlariga chiqishi uchun qo‘shimcha qulay tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratishning muhim omiliga aylanadi.

Shundan so‘ng «O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ko‘rib chiqildi. Ushbu normativ-huquqiy hujjat bilan «Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish to‘g‘risida»gi,«Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida»gi, «Tashqi iqtisodiy faoliyat to‘g‘risida»gi qonunlarga, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga, bir qator boshqa qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartishlar kiritildi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati to‘rtinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senatining

Axborot xizmati

O'zA

  • ASOSIY SAHIFA
  • QO`MITA HAQIDA
  • AXBOROT XIZMATI
  • INTERAKTIV XIZMATLAR
  • OCHIQ MA’LUMOTLAR
  • MUROJAATLAR
  • KONTAKTLAR
  • Tugmani bosing Tinglash