Welcome to Statistika qo'mitasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Statistika qo'mitasi Powered By GSpeech

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatiga tashrifi boshlandi. Davlatimiz rahbari dastlab Pop tumanida barpo etilgan “Nuran uz” meva-sabzavotchilik klasteri faoliyati bilan tanishdi.

Pop Namangan viloyatining hududi jihatidan eng katta tumani. Prezidentimizning foydalanishdan chiqib ketgan qishloq xoʻjalik yerlarini oborotga qaytarish toʻgʻrisidagi tegishli qaroriga muvofiq, tumandagi unumsiz toshloq yerlarni oʻzlashtirish boʻyicha dastur ishlab chiqildi.

Ushbu dasturga asosan “Nuran uz” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan Pop tumanidagi adirliklardan iborat 1 ming 885 gektar oʻzlashtirilmagan yerda meva-sabzavotchilik klasteri tashkil etildi. Joriy yilning bahorida bu yerda 100 gektarga oʻrik, 70 gektarga gilos koʻchatlari ekildi, 12 gektar yerda uzumzor barpo etildi.

Ispaniyadan keltirilgan “Magador”, “Maryblon 29c”, “Flopria” navli oʻrik koʻchatlari hosildor boʻlib, ikki oyligidayoq nishona koʻrsatdi. Bu bogʻ kelasi yildan toʻliq hosilga kiradi va gektariga 70 tonnagacha meva beradi. Bu har bir gektaridan 50 ming dollarlik meva eksport qilish mumkin degani.

Klaster egalari bu bilan cheklanib qolmasdan, bogʻ qator oralariga qovun, tarvuz ekdi. Ayni kunlarda gʻarq pishgan shirin-shakar tarvuz-qovunlar Rossiya va boshqa bozorlarga eksport qilinmoqda.

Qirq yillar mobaynida samarasiz yotgan yerlarda intensiv bogʻ yaratishga innovatsion asosda yondashilgan, suvni tejaydigan tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy etilgan. Ushbu tizimni klasterning oʻzi yaratgan boʻlib, bu 50 foiz mablagʻni tejash imkonini bergan. Buning uchun 180 metr chuqurlikdan suv chiqariladigan 4 ta quduq qazilgan. Toʻliq kompyuterlashtirilgan tizim chanqagan yerlarga avtomatik tarzda suvni yuboradi. Yaʼni, hamma ish inson omilisiz, kompyuter orqali boshqariladi.

Bu - ikki bosqichli loyihaning dastlabkisi boʻlib, 2021-2022-yillarga moʻljallangan keyingi bosqichda yana 1 ming 455 gektar yer oʻzlashtiriladi.

Loyiha toʻliq amalga oshirilgach, 350 ta ish oʻrni yaratiladi, yiliga 10 million dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilinadi.

Ushbu foydalanilmay kelgan tashlandiq yerlarda obod bogʻ barpo etish oson boʻlgani yoʻq. Klaster buning uchun yerga tuproq soldi, unumdor texnologiyalar olib kelindi. Bu, albatta, yurtimizda foydalanilmay, qarovsiz yotgan yerlarni oʻzlashtirib, aholiga daromad keltiradigan maydonlarga aylantirish boʻyicha boshlangan saʼy-harakatlarning mevasi.

Davlatimiz rahbari bogʻni koʻzdan kechirdi, shu yerda nuroniylar, qishloq xoʻjalik xodimlari bilan suhbatlashdi.

Namangan viloyatida tumanlarni muayyan qishloq xoʻjalik ekinlariga ixtisoslashtirish, jumladan, Kosonsoy, Chortoq, Yangiqoʻrgʻon tumanlarini bogʻdorchilikka yoʻnaltirish lozimligi qayd etildi.

- Boshqa yoʻlimiz yoʻq. Yerimiz jannat, bundan foydalanib, Namanganni boshqa hududlarga namuna qilishimiz kerak, odamlarni uygʻotishimiz lozim. Yilma-yil foydalanish sharti bilan yerini, urugʻini, koʻchatini, mablagʻini beramiz, qolgan harakat odamlarning oʻzidan boʻlishi kerak. Shunday qilmasak ertaga natijamiz boʻlmaydi, - dedi Prezident.

Shu yerda Namangan viloyatida qishloq xoʻjaligi sohasini rivojlantirishga oid loyihalar, istiqbolli rejalar muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari qishloq xoʻjaligiga bunday yangicha yondashuv Oʻzbekistonning yangi qirralarini, yangi imkoniyatlarini amalda namoyon etadigan tizim boʻlishi kerakligini taʼkidladi.

Mutasaddilarga tumanlarni aniq ekin turlariga ixtisoslashtirish boʻyicha qaror loyihasini tayyorlash, bunda har bir hududning iqlimi, imkoniyatlarini hisobga olish yuzasidan topshiriqlar berildi.

OʻzA

 
  • ASOSIY SAHIFA
  • QO‘MITA HAQIDA
  • AXBOROT XIZMATI
  • INTERAKTIV XIZMATLAR
  • OCHIQ MA’LUMOTLAR
  • MUROJAATLAR
  • KONTAKTLAR
  • Tugmani bosing Tinglash