Welcome to Statistika qo'mitasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Statistika qo'mitasi Powered By GSpeech

Shu yil 4-fevral kuni xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nutq so‘zladi.

Bugungi uchrashuvimizdan asosiy maqsad – sizlar bilan ko‘rishib, hol-ahvolingizdan xabardor bo‘lish, o‘z yechimini kutib turgan muammolar, qiyinchiliklar haqida fikr almashish va oldimizda turgan dolzarb vazifalarni aniqlab olishdan iborat. Eng muhimi, aholining turmush sharoitini yanada yaxshilash, avvalo boshqaruv tizimidagi rahbarlarning mas’uliyati va javobgarligini oshirish masalasini ko‘rib chiqsak, ayni muddao bo‘lur edi, dedi davlatimiz rahbari o‘z nutqining avvalida va quyidagi fikrlarni alohida ta’kidladi.

Hammamizga yaxshi ma’lum, Toshkent viloyati katta iqtisodiy va ijtimoiy salohiyatga, ulkan tabiiy va insoniy resurslarga ega bo‘lgan markaziy viloyat sifatida O‘zbekistonimiz hayotida alohida o‘rin egallab, ko‘pgina soha va yo‘nalishlar bo‘yicha yetakchi bo‘lib keladi.

Shu borada ayrim misollarni olib keladigan bo‘lsak, mamlakatimizda ishlab chiqariladigan sanoat mahsulotlarining qariyb 15 foizi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 12 foizdan ziyodi, iqtisodiyotimizga jalb etilayotgan investitsiyalarning taxminan 10 foizi, yalpi ichki mahsulotimizning esa 9,7 foizi ayni shu viloyat hissasiga to‘g‘ri kelishining o‘zi ko‘p narsadan dalolat beradi.

Bu zaminda joylashgan O‘zbekiston metallurgiya kombinati, Chirchiq qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, dunyoga mashhur “Jeneral motors” kompaniyasi bilan hamkorlikda barpo etilgan, avtomobil dvigatellari ishlab chiqaradigan noyob zamonaviy korxona, Yangi Angren hamda Toshkent issiqlik elektr stansiyalari va boshqa yirik sanoat korxonalari respublikamiz iqtisodiyotining lokomotivlari, desak, adashmagan bo‘lamiz.

Hech shubhasiz, bu korxonalar yurtimiz boyligiga boylik qo‘shayotgan, nafaqat mamlakatimizda, balki Markaziy Osiyo mintaqasida ko‘zga ko‘ringan ishlab chiqarish majmualari hisoblanadi.

Ayni vaqtda Toshkent vohasining eng katta boyligi – bu avvalambor ko‘pni ko‘rgan, o‘zining mehnati, intellektual salohiyati, bilim va tajribasi bilan o‘z yurtini obod etib kelayotgan ishchi va muhandislar, fermerlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi vakillari, o‘qituvchi va shifokorlar, azmu shijoatli yoshlarimiz, bir so‘z bilan aytganda, viloyatning ko‘p millatli, mehnatkash va bag‘rikeng xalqidir, desak, haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

O‘z yurtiga mehr va sadoqat bilan yashayotgan bu elning munosib farzandlari, ularning fidokorona mehnati davlatimiz, jamiyatimiz tomonidan yuksak baholanib kelinayotgani sizlarga yaxshi ayon, albatta. Faqat keyingi uch yilda Toshkent viloyati bo‘yicha 100 nafarga yaqin ana shunday insonlar Vatanimizning yuksak unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlangani misolida buning yaqqol dalilini ko‘rish mumkin.

Barchamizga ma’lumki, Toshkent viloyati – oddiy viloyat emas, u avvalambor poytaxt viloyati sifatida mamlakatimizda yetakchi mavqeni egallab keladi. Qaysi soha yoki tarmoqni olmaylik, bu zamin katta imkoniyat va resurslarga boy ekanini ko‘ramiz. Shuning uchun ham Toshkent viloyatini mamlakatimiz hayotida yanada yuqori o‘ringa ko‘tarish, bu yerda yashayotgan 2 million 770 mingdan ziyod aholining tobora o‘sib borayotgan talab va ehtiyojlarini munosib darajada ta’minlash, aytish kerakki, bugun ham, ertaga ham, hech shubhasiz, eng dolzarb vazifamiz bo‘lib qoladi.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, Toshkent viloyatida hali-beri yechilmagan ko‘pgina muammolar, qancha-qancha muhim vazifalar oldimizda turgani haqida, o‘ylaymanki, ortiqcha gapirishning hojati yo‘q, dedi Islom Karimov.

Bu vohadagi yer osti va yer usti boyliklaridan to‘la va oqilona foydalanish, ularni avvalo shu go‘zal, betakror zaminda yashayotgan odamlar, butun xalqimiz manfaatlari yo‘lida ishlatib, faoliyatimizni bugun zamon talab qilayotgan darajada tashkil qilish, viloyatning uzoq va davomli rejalarini amalga oshirish uchun bu yo‘lda uchraydigan turli qiyinchiliklarni oldindan ko‘rib, ularni bartaraf etishga tayyor bo‘lishimiz zarur.

Bir so‘z bilan aytganda, nafaqat bugungi, balki ertangi kun haqida bosh qotirish, xalqimizni, jamoatchilikni ayni shu maqsadlarga safarbar etish barchamizning, birinchi navbatda, o‘zini rahbar degan, odamlar unga ishonch bildirgan shaxslarning asosiy burchi, desam, o‘ylaymanki, hammangiz bu fikrga qo‘shilasiz, dedi Prezidentimiz.

Sizlarga yaxshi ma’lum, yaqinda Vazirlar Mahkamasining mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning asosiy ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu majlisda o‘tgan yilda erishgan natijalarimiz atroflicha muhokama qilinib, joriy yil va istiqbolga mo‘ljallangan eng muhim vazifalarimiz aniqlab olindi. Xususan, 2030-yilgacha mamlakatimizda yalpi ichki mahsulot hajmini kamida 2 barobar oshirib, uning tarkibida sanoatning ulushini 40 foizga yetkazishni biz o‘zimiz uchun strategik vazifa sifatida belgilab oldik, deb ta’kidladi davlatimiz rahbari.

Bunday ulkan va o‘ta mas’uliyatli vazifalarni amalga oshirish haqida so‘z yuritar ekanmiz, shu borada hayotimizni har tomonlama yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladigan dasturlarni joriy etish uchun qay darajada yetarli zamin yaratganimiz, jumladan, 2015-yilda Toshkent viloyatida erishgan marralarimiz haqida to‘xtalib o‘tsak, o‘rinli bo‘ladi.

Bu haqda so‘z borar ekan, avvalo, o‘tgan yili viloyatda yalpi hududiy mahsulot 6,7 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 11 foiz, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 7 foizga, xizmat ko‘rsatish sohasi 13 foizdan ziyod o‘sgani, eksport bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichi bajarilganini ta’kidlash lozim.

Toshkent viloyatining sanoat sohasidagi salohiyatini izchil rivojlantirish dasturiga asosan keyingi uch yilda 1 ming 50 ta loyiha amalga oshirildi. Shu asnoda 2 trillion 700 milliard so‘m va 532 million dollar miqdorida investitsiyalar o‘zlashtirilib, 30 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratilgani biz uchun ayniqsa muhimdir. Shular qatorida Toshkent issiqlik elektr stansiyasida 370 megavatt energiya ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan, tabiiy gazni ikki barobar kam sarflaydigan bug‘-gaz qurilmasi barpo etilganini qayd etish zarur.

Bu ishlarimizning davomi sifatida hozirgi vaqtda tog‘-kon sanoati, kimyo va neft-kimyo sanoatida qiymati 2 milliard 558 million dollarlik 26 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Shuningdek, Chirchiq shahridagi “Ammofos-Maksam” korxonasida mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish jarayonini modernizatsiya qilish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish maqsadida umumiy qiymati 136 million dollardan ziyod 3 ta loyihani joriy yilda amalga oshirish mo‘ljallanmoqda.

Haqiqatan ham, Toshkent viloyatida sanoat sohasida erishilgan bunday katta yutuq va ko‘rsatkichlar, 2016-yil uchun belgilangan rejalar barchamizga mamnuniyat yetkazadi, dedi Prezidentimiz.

Majlisda bugun zamon qanday tez o‘zgarayotgani, ilgari duch kelmagan turli-tuman muammo va qiyinchiliklar oldimizda paydo bo‘layotgani butun mamlakatimiz qatori Toshkent viloyatida ham ishimizni yangicha tashkil etib, uning samarasini tubdan oshirishni, eskicha yondashuvlardan, o‘z umrini o‘tab bo‘lgan ish usullaridan butunlay voz kechishni talab etayotgani alohida qayd etilib, Toshkent viloyatida olib borilayotgan ishlarga ayni shunday tanqidiy ko‘z bilan qarab, ko‘pgina yo‘nalishlarda hali-beri yechilmagan muammolar, kamchilik va nuqsonlar borligi haqida atroflicha fikr yuritildi.

Avvalo, viloyatdagi mavjud 14 ta tumanning 7 tasida mahalliy byudjet xarajatlari subvensiya, ya’ni, berilayotgan moliyaviy yordam hisobidan qoplanayotganiga e’tibor qaratildi. Qo‘pol bo‘lsa ham aytishga majburmiz – bunday kayfiyatlar tobora surunkali tus olib, boqimandalikka aylanib borayotganiga qachongacha chidash mumkin, deb so‘rashning vaqti kelmadimi, dedi Islom Karimov.

Misol uchun, Bekobod tumanida mahalliy byudjet umumiy xarajatlarining 44,1 foizi, Quyichirchiq tumanida 43,2 foizi, Oqqo‘rg‘on tumanida 42,2 foizi, Bo‘ka tumanida 42,1 foizi dotatsiya hisobidan qoplanayotganini qanday baholash mumkin?

Oqqo‘rg‘on, Bekobod, Bo‘ka, Quyichirchiq, Parkent, Yuqorichirchiq, Chinoz tumanlarida sanoat rivojiga, yangi ish o‘rinlarini yaratish masalasiga beparvolik bilan qaralayotgani va bu tumanlarning viloyat sanoatidagi ulushi 1 foizdan ham past bo‘lib qolayotganini izohlashning o‘zi qiyin, dedi Yurtboshimiz.

Shuningdek, viloyat hududidagi 20 ta yirik sanoat korxonasida o‘tgan yili ishlab chiqarish hajmi pasayib ketgan, 2 ta korxonada esa mahsulot ishlab chiqarilmagan. Lekin mahalliy rahbarlar vaziyatni o‘nglash haqida o‘ylayotgani yo‘q.

Qurilish sohasini oladigan bo‘lsak, qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida uy-joylar barpo etishda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda, ular ko‘pincha belgilangan muddatda o‘z egalariga topshirilmayapti. Umuman aytganda, bu uylarni qurayotgan pudratchi tashkilotlarning moddiy-texnik bazasi, ularni texnika va asbob-uskunalar bilan ta’minlash talabga mutlaqo javob bermasligi bunday noxush holatga sabab bo‘lmoqda va topshirilayotgan uylarning sifatiga, odamlarning kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Sessiyada iqtisodiyotimiz taraqqiyotida muhim o‘rin tutadigan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivoji haqida so‘z yuritilar ekan, bu sohaning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi viloyat bo‘yicha 56 foizdan yuqori ekani ijobiy natija sifatida e’tirof etildi. Bu mamlakatimiz miqyosidagi ko‘rsatkich bilan deyarli barobar bo‘lib, mehnat bilan band aholining 76 foizdan ortig‘i yoki 980 ming kishi shu sohada ishlab daromad topayotgani qayd etildi.

Bunday ijobiy natijalarni tan olgan holda, bu hududda ko‘pchilik viloyatlarga tegishli bo‘lgan bir kamchilik to‘g‘risida aytmasdan o‘tolmaymiz, dedi Yurtboshimiz. Ya’ni, Toshkent viloyatida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi asosan savdo-sotiq va qishloq xo‘jaligi sohasida yuqori bo‘lib qolmoqda. Sanoat sohasini oladigan bo‘lsak, viloyatda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning bu tarmoqdagi ulushi 28,8 foizni tashkil etmoqda. Vaholanki, bu raqam mamlakatimiz miqyosida 38,9 foizni tashkil etadi.

Ma’lumki, bugungi kunda yurtimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, bank-moliya xizmatlari, turizm, qurilish va transport sohalarida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushini keskin oshirish vazifasi qo‘yilgan va bu masalaga Toshkent viloyatida alohida e’tibor qaratish zarur.

Prezidentimiz o‘z nutqida Toshkent viloyatining azim poytaxtimiz Toshkent shahri bilan yonma-yon joylashgani viloyatga katta imkoniyatlar berishi, ayni vaqtda alohida mas’uliyat ham yuklashiga e’tibor qaratdi.

Shuni aytish joizki, viloyatda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni sotish uchun Toshkent shahri ulkan, har tomonlama qulay bozor hisoblanadi. Bu haqda so‘z yuritganda, avvalo poytaxtimiz aholisini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash borasida viloyat mehnatkashlari katta hissa qo‘shayotganini ta’kidlash zarur.

Birgina o‘tgan 2015-yili viloyatda 2 million tonnadan ortiq sabzavot, 400 ming tonna kartoshka, 200 ming tonnadan ziyod meva, qariyb 170 ming tonna uzum yetishtirildi. O‘z-o‘zidan ravshanki, bu raqamlar xalqimizni oziq-ovqat bilan ta’minlashda, bozorlarimizda narx-navo barqarorligini saqlashda Toshkent viloyatining naqadar beqiyos o‘rin tutayotganidan dalolat beradi.

Viloyatda so‘nggi uch yilda 74 ming gektar yerning meliorativ holati yaxshilandi, 4 ming 500 gektar maydonda intensiv bog‘lar barpo etildi, dehqonchilikka yangi texnika va texnologiyalar, serhosil ekin navlari izchil joriy etilmoqda.

Fursatdan foydalanib, viloyatning dehqon va fermerlariga, barcha mehnatchilariga o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildirib, bu yil ham hosilingiz mo‘l bo‘lsin, omadingizni bersin, deb ezgu tilaklarimni izhor etishga ijozat bergaysiz, dedi davlatimiz rahbari.

Majlisda bugungi kunda Toshkent viloyatida qishloq xo‘jaligi rivojini yangi bosqichga ko‘tarish, paxta maydonlari hajmini kamaytirish hisobidan oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni yanada ko‘paytirish, fermer xo‘jaliklarini optimallashtirish, qayta ishlash sohasidagi mavjud rezervlarni ishga solish muhim vazifa bo‘lib turganiga urg‘u berildi.

Ayni shu borada, umuman, ichki va tashqi bozorimizda talab kuchli bo‘lgan mahsulotlarni yuqori qo‘shimcha qiymat bilan ishlab chiqarishda Toshkent viloyatining o‘rni va roli, kerak bo‘lsa, mas’uliyati katta ekanini, o‘ylaymanki, hammamiz yaxshi tushunamiz, dedi Yurtboshimiz.

Hozirgi kunda bu sohada e’tiborga molik ishlar qilinmoqda va buning tasdig‘ini ko‘pgina misollarda ko‘rishimiz mumkin. Masalan, Angren maxsus industrial zonasida xalqaro standartlarga to‘la javob beradigan mis quvurlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan 52 turdagi ana shu mahsulotlar jahonning ko‘plab davlatlariga eksport qilinayotganini alohida qayd etish lozim.

Bundan tashqari, bu yerda qiymati 214 million dollar bo‘lgan, engil avtomobillar va qishloq xo‘jaligi texnikalari uchun yiliga 3 million 200 ming dona shina va 100 ming pogon metr konveyyer lentasi ishlab chiqarish bo‘yicha yana bir yirik loyiha ustida ish olib borilmoqda. Bu loyihani amalga oshirish natijasida mamlakatimizga chetdan olib kelinayotgan 200 million dollarlik mahsulotni o‘zimizda ishlab chiqarish va shu tariqa katta valyuta mablag‘larini tejash imkoniga ega bo‘lamiz.

Sessiyada bunday yutuqlar e’tirof etilgani holda, ko‘pgina soha va tarmoqlarda, jumladan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohasida olib borilayotgan ishlar qoniqarli emasligi tanqid qilindi. Buning tasdig‘ini viloyatda yetishtirilayotgan meva-sabzavotning faqatgina 24 foizi, go‘shtning 27 foizi, sutning esa 20 foizi qayta ishlanayotgani misolida ko‘rish mumkin.

Eng achinarlisi, meva-sabzavot mahsulotlarining 46 foizi, go‘sht mahsulotlarining 39 foizi, sut mahsulotlarining 18 foizi birlamchi qayta ishlash darajasida sotilayotgani tufayli katta miqdorda qo‘shimcha daromad olish imkoniyatini boy bermoqdamiz, dedi Islom Karimov. Holbuki, yarim fabrikat holida sotiladigan mana shu mahsulotlarni qo‘shimcha qayta ishlash hisobidan oladigan daromadlarimizni 2-3 karra ko‘paytirish imkoniyati mavjud.

Buning uchun nima kerak? Avvalo, taraqqiy topgan davlatlardan eng zamonaviy texnologiyalarni olib kelib, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, chiqarayotgan tayyor mahsulotlarimizning sifati va raqobatdoshligini oshirish kerak. Bularning barchasi bugungi kunda eng muhim va dolzarb vazifalarimiz qatoridan o‘rin olishi zarur.

Majlisda bu masala bo‘yicha quyidagi vazifalarga alohida e’tibor qaratildi.

Takror aytishga to‘g‘ri keladi: ayni mana shunday katta imkoniyatlarni ishga solish, eksportni, valyuta hajmini ko‘paytirish, buning uchun birinchi navbatda tashabbus va yana bir bor tashabbus ko‘rsatishimiz, tadbirkorlik va izlanuvchanlik bilan yashashimiz shart, dedi Yurtboshimiz. Bu masala avvalo barcha rahbar va mutasaddilarga daxldor ekanini yaxshi anglab olishimiz darkor.

Chindan ham, bugungi kunda jahon bozorlarida raqobat tobora kuchayib, shafqatsiz tus olayotgan bir paytda faqat g‘alla va paxta hisobidan rivojlanib bo‘lmaydi va bunday kaltabinlik bilan, uzoqni ko‘rmasdan yashashga bizning mutlaqo haqqimiz yo‘q.

Faqat xomashyo ishlab chiqarish va uni bozorda suvtekin narxda boshqalarga sotish bilan yuradigan bo‘lsak, o‘zgalar esa bu xomashyoni qayta ishlash hisobidan uning yog‘ini, qaymog‘ini oladigan bo‘lsa, bunday yo‘l faqatgina mustamlakaga aylangan davlatlarning qismati bo‘lganini yaxshi bilamiz.

Biz ham bir vaqtlar shunday taqdirni boshimizdan kechirganimiz, faqat paxta xomashyosi yetishtirishni, ya’ni, eng og‘ir mehnatni bizning bo‘ynimizga yuklab, paxtadan olinadigan tayyor mahsulotning foydasini esa boshqalar ko‘rganini esingizga solishni o‘rinli, deb bilaman, dedi Islom Karimov.

Eski tuzumdan qolgan bunday og‘ir muammolarni hal qilishning yo‘li bitta: “olma pish, og‘zimga tush” degan qarashlardan butunlay voz kechishimiz zarur. Buni zamonning o‘zi bugun bizga uqtiryapti. Sodda qilib aytganda, dunyoqarashimizni, ishga, hayotga munosabatimizni tubdan o‘zgartirishimiz lozim.

Bugungi kunda O‘zbekistonimizni dunyodagi rivojlangan, erkin va farovon yashayotgan davlatlar qatoriga olib chiqish uchun barcha imkoniyatlarga egamiz. Yurtimiz qanday rang-barang boyliklarga ega bo‘lsa – bu mineral xomashyolar bo‘ladimi, tabiiy resurslar bo‘ladimi, iqtisodiy va insoniy salohiyat bo‘ladimi – bularning hammasi Toshkent viloyatida mujassam ekanini yaqqol ko‘rish mumkin. Bu zamin shunday bebaho boyliklarga egaki, ba’zan o‘zimiz ham buning qadriga yetmay qolyapmiz, desak, bu ham haqiqatdan uzoq gap emas, dedi Prezidentimiz.

O‘zingiz ayting, eng unumdor yer, eng ko‘p suv manbalari qayerda? Shu yerda, Toshkent vohasida emasmi? Bu viloyat yer maydonlarining ball boniteti eng yuqori bo‘lgan hududlarimizdan biri bo‘lib, suv resurslarining yetarli ekani, sho‘rlangan yerlarning deyarli yo‘qligini ko‘rib, aytish kerakki, boshqalar bizlarga havas qiladi, dedi davlatimiz rahbari.

Bundan tashqari, logistika, zamonaviy kommunikatsiya tarmoqlari deysizmi, havo transporti, avtomobil va temir yo‘l tizimlari deysizmi, infratuzilma obyektlari deysizmi – bularning barchasi Toshkent viloyatida mavjud.

Hech shubhasiz, bunday noyob imkoniyatlar haqida gapirganda, viloyatda eng katta boylik, bizga berilgan eng katta ne’mat – bu zaminning unumdor yeri, desak, o‘ylaymanki, haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Aynan shuning uchun ham barchamizni boqadigan yer bilan tillashish, uni asrab-avaylash, e’zozlash, xalqimiz o‘rtasida keng tarqalgan “Sen yerni boqsang, yer seni boqadi” degan hikmatni hech qachon esimizdan chiqarmasligimizni istardim, deb ta’kidladi Yurtboshimiz.

Ming afsuski, tahlillar shuni ko‘rsatmoqda – viloyatda so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish rejalari qo‘pol ravishda buzilib, 2 ming 500 gektar sug‘oriladigan maydonlarga boshqa ekinlar ekilgan. Bunday holatlar Bekobod, Yangiyo‘l, Qibray, Bo‘stonliq va Chinoz tumanlarida muntazam ravishda takrorlanib kelgan.

Davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyat va sharoitlarga qaramasdan, o‘tgan yili Toshkent viloyatida paxtachilik bo‘yicha 97 ta, g‘allachilik bo‘yicha esa 149 ta fermer xo‘jaligi shartnoma majburiyatini bajarmagan. Ishga ana shunday mas’uliyatsiz yondashuv tufayli Bo‘ka va Bekobod tumanlarining har birida 1 milliard 200 million so‘m, Oqqo‘rg‘on va O‘rtachirchiq tumanlarida esa 500 million so‘mdan zarar ko‘rilgani ayniqsa achinarlidir.

Bu nimaning isboti? Bunday misollar viloyatda yer maydonlari, afsuski, hanuzgacha haqiqiy egasini topmaganidan dalolat beradi.

Toshkent viloyatida aholi zich joylashgan bo‘lib, yangi ish o‘rinlariga talab yuqori bo‘lsa-da, paxtachilik va g‘allachilik yo‘nalishida mingdan ortiq fermer xo‘jaligiga 100-120 gektarlab yer ajratib berilgan. Shuning uchun bu masalada tartib va adolat o‘rnatish maqsadida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida hozirgi vaqtda fermer xo‘jaliklarining yer maydonlari optimallashtirilib, 3 ming 146 ta yangi fermer xo‘jaligi va 27 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari tashkil etildi.

Biz bugun iqtisodiyot sohasida qo‘lga kiritgan yutuqlar bilan birga, ko‘zga yaqqol tashlanayotgan kamchilik va muammolarga ham to‘xtaldik, deb fikrini davom ettirdi Prezidentimiz. Ayni vaqtda ijtimoiy tarmoqlar bo‘yicha ham – bu transport, kommunal va maishiy xizmat sifatini oshirish bo‘ladimi, tibbiyot sohasi bo‘ladimi, aholini ish bilan ta’minlash, uning kundalik ehtiyoj va talablarini qondirish bo‘ladimi, uy-joy fondidan oqilona foydalanish bo‘ladimi – bunday misollarni ko‘plab olib kelish mumkin.

Shular qatorida bizda eng katta tashvish va xavotir uyg‘otadigan masala – bu viloyatda ishni bugun zamon talab qilayotgan darajada tashkil qilishda, faollar va jamoatchilik bilan bamaslahat ish olib borishda yo‘l qo‘yilayotgan jiddiy xato va kamchiliklar, eng achinarlisi, ayrim rahbarlar tomonidan o‘z mansab vakolatini suiiste’mol qilish holatlaridir.

Men bir fikrni ko‘p marta aytganman va uni bugun ham takrorlashga majburman: qayerdaki rahbarlar o‘z zimmasidagi mas’uliyatni unutsa, qayerdaki ishlar o‘z holiga tashlab qo‘yilsa, o‘sha yerda ish orqaga ketadi, bundan qancha-qancha odamlar zarar ko‘radi, eng yomoni, aholining joylardagi hokimiyat idoralariga ishonchi yo‘qoladi, dedi Islom Karimov.

Har bir rahbar – u qaysi vazifada ishlashi, qaysi bo‘g‘inni boshqarishidan qat’i nazar, avvalambor o‘zining manfaati bilan emas, odamlarning dardu tashvishlari bilan yashashi, ularni qiynayotgan muammolarni yechish haqida chuqurroq o‘ylashi, uzoqroqni ko‘rishi va jamoatchilikni o‘z ortidan ergashtirish uchun ularning ishonchini qozonishi kerak.

Buning uchun rahbar viloyatda mavjud bo‘lgan, o‘zining yechimini kutib turgan ko‘pgina muammolarni, o‘zi boshqarayotgan hudud aholisining o‘ziga xos va o‘ziga mos dardu tashvishlarini chuqur o‘rganishi, ularni hal etish uchun faollar va jamoatchilikni, butun aholini safarbar etib, ularni boshqarib, ular bilan til topishib ishlashi zarur.

Bu yo‘lda butun borlig‘ini, bor bilim va tajribasini ishga solishi, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib, boshqalarga o‘rnak bo‘lishi lozim. Ayni shunday munosabatni, ishni aynan shunday tashkil etishni hududga yangi rahbar etib tayinlangan shaxsdan odamlar kutishi tabiiy, desam, o‘ylaymanki, hammangiz bu fikrga qo‘shilasiz, dedi Prezidentimiz.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, bugungi sessiya kun tartibiga qo‘yilgan tashkiliy masalaning asosiy maqsad-mazmuni ham ayni shu muammoga qaratilganini tushunish qiyin emas, deb fikrini davom ettirdi davlatimiz rahbari. Ya’ni, so‘z Toshkent viloyatining hokimi bo‘lib ishlab kelayotgan A.Usmonovning faoliyati va mas’uliyati haqida bormoqda.

Hammangizga ma’lum, 2013-yilda barchamiz katta ishonch bildirib, Toshkent viloyati hokimi vazifasiga A.Usmonovni tasdiqlagan edik.

Bu shaxsni tanlash va bu yuksak lavozimga tayinlashda avvalambor uning oldingi ish faoliyati, ko‘pgina mas’uliyatli vazifalarda xizmat qilgani, birinchi navbatda, Andijon viloyatida ko‘p yil birinchi rahbar bo‘lib ishlagan davrida – bu ham haqiqat – ushbu viloyatni rivojlantirishda, viloyat ahlining katta yutuq va marralarni qo‘lga kiritishida ancha tajriba orttirib, o‘zi ham bunga hissa qo‘shgani inobatga olingan edi.

U Andijon viloyatida rahbarlik qilgan paytda ishni tashkil qilishda – albatta, har qaysi hududning o‘ziga yarasha qiyinchilik va muammolari bor – bu yerda ko‘pgina masalalarni yechish uchun zamin tug‘dirilgan edi. Qurilish va obodonchilik sohasi bo‘ladimi, qishloq xo‘jaligini boshqarish, fermerlik harakatini rivojlantirish bo‘ladimi, Andijon viloyati mamlakatimizda ko‘zga ko‘ringan o‘rinni egallagani hech kimga sir emas. Buning negizida avvalo mard va matonatli Andijon xalqining mehnati mujassam ekanini hammamiz yaxshi bilamiz, dedi Islom Karimov.

Aytish kerakki, Toshkent viloyatida ish boshlagach, dastlabki paytda A.Usmonovning faoliyatida viloyat oldida turgan vazifalarni amalga oshirish, mavjud muammolarni hal etish uchun birmuncha harakatlar ko‘zga tashlandi. Lekin, ming afsuski, hayot shunday murakkab bir holatlarni oldimizga qo‘yadi. Ya’ni, odamning, yuqori lavozimga tavsiya etilayotgan shaxslarning ichki dunyosini, ularning asl insoniy fazilatlarga ega bo‘lishini aniqlash o‘ta og‘ir va murakkab vazifa, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Bunday shaxslarning iymoni naqadar butun, irodasi nechog‘liq baquvvatligi asosan ular amalga o‘tirganidan keyin bilinib qolishini, bunday sinovda ular baribir o‘zini yo‘qotib qo‘yishini hayotning o‘zi tasdiqlab beradi. Va bunday shaxslarning oyog‘i yerdan uzilishi, gerdayib ketishi shu darajaga yetib boradiki, ular uchun go‘yo amal – lavozim o‘ziga umrbod meros qilib berilganidek bo‘lib tuyuladi.

Mana, bugun bu achchiq haqiqatning tasdig‘ini A.Usmonov misolida ko‘rib turibmiz, deb ta’kidladi Prezidentimiz.

Vaqt o‘tishi bilan bu insonning ishga qarashi va odamlarga munosabatida manmanlik, o‘ziga bino qo‘yish, yon-atrofdagilardan o‘zini yuqori tutish, qo‘pollik, qo‘l ostida ishlayotganlarni mensimaslik, ularning fikri bilan hisoblashmaslik kabi holatlar “ish uslubi”ga aylanib qoldi. Eng yomoni, bunday munosabatlar birinchi rahbar bilan viloyat faollari o‘rtasida katta jardek tushunmovchilik paydo bo‘lishiga olib keldi.

O‘zingiz ayting, viloyat rahbari tomonidan o‘zi bilan birga ishlaydigan yetakchi va mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, ruhini ko‘tarish o‘rniga, ularning shaxsiga tegish, ko‘nglini cho‘ktirish o‘zaro hurmatga olib kelishi mumkinmi, dedi Yurtboshimiz.

Shu borada bir haqiqatni yana bir bor aytishga to‘g‘ri keladi: oddiy odamlarimiz, xalqimiz hamma narsani kuzatib turadi, yon-atrofida yuz berayotgan voqealardan xabardor bo‘lib, har qanday rahbarning ham ishiga albatta o‘z bahosini berishi muqarrar. Agarki kimdir xomxayolda yurib, boshqacha fikrlaydigan bo‘lsa, katta xatoga yo‘l qo‘yadi. Shunday o‘ylaydigan odam vaqti kelganida cheksiz nadomat va pushaymonlikda qolishi turgan gap.

A.Usmonovning ish faoliyatidagi nomaqbul xususiyatlar haqida, o‘z mas’uliyatini oshirishi zarurligi haqida unga ko‘p bor aytilib, suhbatlar o‘tkazilgan bo‘lsa-da, lekin oyog‘i yerdan uzilib qolgani uchun bu gaplardan u tegishli xulosa chiqarib olmadi va bu o‘z navbatida uning viloyat faollari va jamoatchiligi o‘rtasida obro‘-e’tiborini yo‘qotishiga olib keldi.

Tabiiyki, bunday holat viloyatda ishni tashkil qilishda jiddiy xatolarga sabab bo‘ldi.

Sessiyada A.Usmonov kadrlarni tanlash va lavozimga qo‘yishda g‘arazli maqsad bilan ish ko‘rib, asosan o‘ziga shaxsiy sadoqatda bo‘lgan, lekin zarur bilim va tajribaga, ma’naviy fazilatlarga ega bo‘lmagan shaxslarni turli rahbarlik vazifalariga tayinlagani, Toshkent viloyatining o‘zida yuqori malakali kadrlar yetarli bo‘lishiga qaramasdan, ba’zi bir lavozimlarga o‘zining tanish-bilishlarini olib kelish uning odatiga aylanib qolgani qayd etib o‘tildi.

Masalan, Toshkent viloyati hokimligining axborot-tahlil bo‘limi boshlig‘i lavozimiga A.Hamdamov, viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh vrachi vazifasiga B.Qorayev tayinlangan. Shuningdek, u viloyat hokimligining ishlar boshqaruvchisi vazifasiga, kapital qurilish va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha kotibiyat mudiri lavozimiga, huquq-tartibot, safarbarlik va favqulodda holatlar bo‘yicha tuzilmalar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi guruh boshlig‘i vazifasiga, “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasining bosh muhandisi lavozimiga o‘ziga yaqin odamlarni ishga qo‘ygan.

O‘z shaxsiy manfaatini ko‘zlaydigan bu shaxslar amaldagi qonunchilikni buzib, mansabni suiiste’mol qilish bilan bog‘liq turli jinoyatlarni sodir etishgan. O‘z vaqtida ko‘rilgan choralar tufayli ularning ayrimlari (A.Temirov, A.Sattorov, O.Mahmudov) jinoiy javobgarlikka tortilgan, ayrimlari (A.Erjigitov, A.Hamdamov, B.Qorayev, S.Samadov) ishdan bo‘shatilgan.

A.Usmonovning yaqin hamtovoqlari bo‘lgan bir guruh shaxslar, jumladan, viloyat hokimining yordamchisi A.Umarov, viloyat hokimligining sobiq ishlar boshqaruvchisi M.Ikromov, viloyat “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi bosh muhandisi Sh.Xo‘jamqulov, “Rubber trast shoss” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari A.Ismoilov poraxo‘rlikda ayblanib, ularga nisbatan prokuratura organlari tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Majlisda A.Usmonovning bunday rahbarlik “uslubi” viloyatni boshqarishda ko‘pgina yangi-yangi muammolarni tug‘dirib, viloyat oldida turgan muhim vazifalarning bajarilmay qolishiga, eng yomoni, viloyat faollari o‘rtasida qarama-qarshilik, nizo va ziddiyatlar paydo bo‘lishiga, muhitning buzilishiga olib kelgani ta’kidlandi.

Prezidentimiz rahbarning bugungi kundagi o‘rni va mas’uliyati, rahbarlik insondan qanday fazilat va xususiyatlarni talab qilishi haqida atroflicha to‘xtalib, jumladan, quyidagilarni bayon etdi.

Qanday og‘ir bo‘lmasin, bu gaplarni aytishdan maqsad shuki, siz, hurmatli deputatlar va faollar bilan o‘rtamizda hech qanday sir bo‘lmasligi, haqiqatni ochiq aytishimiz kerak, dedi Yurtboshimiz. Nega deganda, eng katta kuch – bu haqiqatdir. Haqiqatga suyangan odam hech qachon pushaymon bo‘lmaydi.

Bugun biz rahbarlik, yetakchilik vazifasi naqadar mas’uliyatli ekaniga, bunga har kimning ham qurbi yetmasligiga, bu ish insondan avvalambor mustahkam iroda va iymon-e’tiqod talab qilishiga yana bir bor guvoh bo‘lmoqdamiz.

Shu o‘rinda ilgari ham aytgan bir fikrimni takrorlashni zarur deb bilaman: rahbarga lavozimni, obro‘ni el-yurt beradi, lekin unga ishonib topshirilgan lavozimni uning o‘zi yo‘qotadi. Bu oddiy, shu bilan birga, har bir rahbar uchun oliy haqiqatdir, dedi davlatimiz rahbari.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. A.Usmonov Toshkent viloyati hokimi vazifasidan ozod qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tavsiyasiga ko‘ra, Zangiota tumani hokimi vazifasida ishlab kelayotgan Sodiq Abdullayev Toshkent viloyati hokimi etib tasdiqlandi.

Toshkent viloyati poytaxt viloyat sifatida doimo mamlakatimizning eng yetakchi, salohiyati ulkan viloyati, ta’bir joiz bo‘lsa, tayanch tog‘laridan biri bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi.

Ishonchim komil, hayot sinovlarida toblangan, mehnatkash, mard va olijanob Toshkent vohasi ahli yangi rahbar atrofida jipslashib, viloyat oldida turgan katta vazifalarni hal etishda har tomonlama o‘zini ko‘rsatadi va ezgu maqsadlariga albatta yetadi, dedi Prezidentimiz o‘z nutqining yakunida.

Sessiyada so‘zga chiqqan “Nuroniy” jamg‘armasi Parkent tumani bo‘limi raisi Orif Pirimov, Bo‘ka tumanidagi “Yoqutxon-Said” fermer xo‘jaligi rahbari Saidislom Saydullayev, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti talabasi, boks bo‘yicha jahon chempionati sovrindori Bahodir Jalolov, Zangiota tumanidagi “Nazarbek” qishloq vrachlik punkti mudirasi Maqsuda Varisova va boshqalar Prezidentimizning nutqida Toshkent viloyatida keyingi yillarda qo‘lga kiritilgan yutuq va natijalar bilan birga, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ishni zamon talablari asosida tashkil etish, mavjud imkoniyat va resurslardan samarali foydalanish borasida yo‘l qo‘yilgan jiddiy kamchilik va muammolar har tomonlama tahlil etilib, ularni hal etish yo‘llari, viloyat ahli oldida turgan dolzarb vazifalar aniq ko‘rsatib berilgani, ana shu tanqidiy fikrlar, amaliy ko‘rsatmalar asosida ishni tashkil etib, hamjihatlik bilan mehnat qilish va ko‘zlangan marralarga erishish zarurligini alohida ta’kidladilar.

O‘zA

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING FARMONI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA 2022 YILDA AHOLINI ROʻYXATGA OLISHNI OʻTKAZISH KONSEPSIYASINI TASDIQLASH TOʻGʻRISIDA
O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI
DAVLAT BOSHQARUVINING OCHIQLIGI VA SHAFFOFLIGINI TA`MINLASH HAMDA MAMLAKATNING STATISTIKA SALOHIYATINI OSHIRISH YUZASIDAN QO`SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO`G`RISIDA
PRESS-RELIZLAR
CHORAK NATIJALARI
USLUBIY MATERIALLAR

DIAGRAMMA VA GRAFIKLAR
 
ISTE`MOL NARXLARI INDEKSI KALKULATORI

TADBIRKORLAR UCHUN

Tugmani bosing Tinglash