Welcome to Statistika qo'mitasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Statistika qo'mitasi Powered By GSpeech

3-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Deputatlar jamiyat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni chuqurlashtirishga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar.

Parlament quyi palatasi majlisining kun tartibiga kiritilgan masalalar oldindan siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining, Qonunchilik palatasi qo‘mitalarining majlislarida vazirliklar va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari ishtirokida dastlabki tarzda muhokama qilingan edi.

Majlisda ta’kidlandiki, mamlakatimizda fuqarolarning mehnat qilishga, ishni erkin tanlash va qulay mehnat sharoitlariga bo‘lgan huquqlarini ta’minlashning samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ushbu sohaga oid qonun hujjatlari izchil takomillashtirilmoqda.

Yangi tahrirdagi “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini moddama-modda muhokama qilish jarayonida deputatlar qayd etib o‘tdilarki, fuqarolarning mehnatni muhofaza qilish sohasiga oid huquqlarining konstitutsiyaviy kafolatlarini yanada mustahkamlash zarurati bozor iqtisodiyotining izchil rivojlanishi, ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash, islohotlarning huquqiy maydonini rivojlantirish bilan bog‘liq.

Qonun loyihasi dastlab quyi palata qo‘mitalarining a’zolari tomonidan fuqarolik jamiyati institutlari, mehnat jamoalarining vakillari, mazkur sohaning mutaxassislari ishtirokida joylarda muhokama qilindi, bu esa qonun loyihasini yanada takomillashtirish yuzasidan qator taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish imkonini berdi. Qonun loyihasining muhokamasi parlament quyi palatasidagi Demokratik kuchlar bloki va muxolifat fraksiyalari majlislarida ham bo‘lib o‘tdi, majlislar yakunlariga ko‘ra mazkur huquqiy hujjat bo‘yicha ularning nuqtai-nazarlari shakllantirildi.

– Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash chog‘ida biz davlatimiz rahbari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 23-yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishda belgilangan ustuvor vazifalarga alohida e’tibor qaratdik. Umumiy prinsip va mexanizmlarni belgilovchi normalar mumkin qadar batafsil ko‘rib chiqildi, havola qiluvchi normalar kamaytirildi, – deydi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi Yo.Umarov. – “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri qonun normalarini yangidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar talablari bilan, shuningdek, bozor iqtisodiyotining, demokratik islohotlarning zamonaviy talablari bilan muvofiq holga keltirishga, ijtimoiy sheriklikni mustahkamlashga, mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini va mehnatga oid qonun hujjatlarini rivojlantirishga qaratilgan. Qonunda mehnatni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, mehnatni muhofaza qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish borasida davlat organlarining vakolatlarini aniq belgilash, mehnat sharoitlari davlat ekspertizasiga doir talablarni o‘rnatish, ish o‘rinlarining attestatsiyasini o‘tkazish, mehnatni muhofaza qilish auditini tashkil etish, mehnatni muhofaza qilish sohasidagi talablarni buzganlik uchun ish beruvchi va xodimlarning javobgarligini kuchaytirish nazarda tutilgan.

Muhokama davomida deputatlar yangi tahrirdagi “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonun va sohaga oid boshqa normativ-huquqiy hujjatlar normalarining qo‘llanilishi masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Ko‘rib chiqilayotgan qonun mehnatni muhofaza qilish borasida mustahkam huquqiy asosga aylanajagi ta’kidlab o‘tildi.

Qayd etildiki, qonun loyihalarini tayyorlash chog‘ida ularning davlat boshqaruvining, fuqarolik jamiyati institutlarining turli darajalarida ta’sirchan muhokamasini tashkil etishga katta e’tibor qaratildi. Qonun hujjatlari loyihalarini muhokama qilish jarayonida yetakchi mutaxassislar, olimlar, tegishli sohalar amaliyotchilari, fuqarolik institutlarining vakillaridan iborat Qonunchilik palatasi qo‘mitalari huzurida tashkil etilgan ekspert guruhlarining a’zolari faol ishtirok etdilar. Qonun loyihalarining ommaviy axborot vositalarida muhokamasi tashkil etilib, bunda ularning mohiyati va ahamiyati keng jamoatchilik e’tiboriga yetkazildi.

Majlis ishtirokchilari o‘tgan yil dekabr oyida birinchi o‘qishda qabul qilingan “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqishga alohida e’tibor qaratdilar. Demokratik kuchlar blokining taklifiga ko‘ra yangi tahrirdagi mazkur qonun loyihasini qabul qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Respublikamizda buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan rioya etilishini, ushbu sohada yaxlit tizimni shakllantirishga doir vazifalarning samarali hal etilishini ta’minlovchi buxgalteriya hisobi tizimining yuzaga kelishi va shakllanishining mustahkam huquqiy asoslari yaratilganligi ta’kidlandi.

Majlis ishtirokchilari ta’kidladilarki, taklif etilayotgan yangiliklar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va “Ishbilarmonik muhitini yanada tubdan yaxshilash va tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlarida belgilangan vazifalarni hayotga tatbiq etishga xizmat qiladi. Kiritilayotgan yangiliklar, shuningdek, buxgalteriya hisobini tashkil etish va yuritish borasida mansabdor shaxslarning, buxgalteriya xizmati rahbarlarining javobgarligini yanada oshirishga yordam beradi. Qonun xalqaro prinsiplar va standartlarga muvofiq buxgalteriya hisobi tizimining yanada rivojlanishi, iqtisodiyotning o‘sishi uchun qo‘shimcha sharoit va imkoniyatlar yaratadi.

– Ayrim tushunchalarning o‘z vaqtida mustahkamlab qo‘yilayotganligini, xususan, “buxgalteriya hisobi”, “buxgalteriya axboroti” tushunchalarining aniq belgilanganligini, bu esa buxgalteriya hisobini yuritish prinsiplarini yanada to‘liq ochishga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tmoqchiman, – deydi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi a’zosi A.To‘xtaboyev. – Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash chog‘ida Qonunchilik palatasi deputatlari, qo‘mitalari, deputatlar birlashmalari, davlat organlari, jamoat tashkilotlari, olimlar, ekspertlar va amaliyotchi buxgalterlar tomonidan mazkur qonun loyihasini takomillashtirishga doir 70 dan ortiq takliflar bildirildi. Ularning aksariyati qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash chog‘ida inobatga olindi. Qonunning yangi tahriri fraksiyalar, shuningdek, Demokratik kuchlar bloki va muxolifat fraksiyalari majlislarida muhokama qilindi, ularning nuqtai nazarlari ishlab chiqildi.

Parlament quyi palatasi deputatlari respublikamizda donorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan “Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasini, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari va xususiy mulkdorlar, jamoat tashkilotlarining nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarining harakatlari va qarorlari ustidan bevosita sudga yoki bo‘ysunuv tartibida yuqori organga yoxud mansabdor shaxsga shikoyat qilish huquqini nazarda tutuvchi “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi va “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqdilar.

Moddama-modda muhokamadan so‘ng deputatlar mazkur qonun loyihalarini ma’qulladilar.

Parlament quyi palatasi a’zolari qator qonun loyihalarini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqadilar. Xususan, “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi qonun normalarini xalqaro talablarga muvofiq holga keltirishni nazarda tutadi, bu esa iste’molchilar va davlatning mahsulot, jarayonlar va xizmatlar xavfsizligi sohasidagi manfaatlarining himoya qilinishini, mahsulotni sinash va o‘lchash xalqaro uslublarining tatbiq etilishini ta’minlaydi.

Deputatlar “Er osti boyliklari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini ham ko‘rib chiqdilar. Ta’kidlanganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi geologiya-qidiruv ishlari samaradorligini yanada oshirishga va yer osti boyliklaridan foydalanish sohasida raqobatli muhitni yaratishga, shuningdek, respublikamizning mineral-xomashyo bazasidan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlari talablarini sifatli ijro etishga yordam beradi.

Qonunchilik palatasi majlisida, shuningdek, faoliyatning ayrim sohalarini yanada rivojlantirishga qaratilgan bir qator boshqa qonun loyihalari birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Muhokama yakunlariga ko‘ra deputatlar qonun loyihalarini konseptual jihatdan ma’qulladilar va ularni birinchi o‘qishda qabul qildilar. Kelib tushgan takliflarni inobatga olgan holda hujjatlarni keyingi o‘qishga tayyorlash mas’ul qo‘mitalarga topshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

Qonunchilik palatasi Axborot xizmati

O'zA

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING FARMONI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA 2022 YILDA AHOLINI ROʻYXATGA OLISHNI OʻTKAZISH KONSEPSIYASINI TASDIQLASH TOʻGʻRISIDA
O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI
DAVLAT BOSHQARUVINING OCHIQLIGI VA SHAFFOFLIGINI TA`MINLASH HAMDA MAMLAKATNING STATISTIKA SALOHIYATINI OSHIRISH YUZASIDAN QO`SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO`G`RISIDA
PRESS-RELIZLAR
CHORAK NATIJALARI
USLUBIY MATERIALLAR

DIAGRAMMA VA GRAFIKLAR
 
ISTE`MOL NARXLARI INDEKSI KALKULATORI

TADBIRKORLAR UCHUN

Tugmani bosing Tinglash