Davlat statistika qo‘mitasi Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish boshqarmasi tomonidan Vazirlar Mahkamasininig 2020- yil 11- noyabrdagi “O`zbekiston Respublikasida 2023- yilda aholini ro`yxatga olishga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 710- sonli qarorining ijrosi bo`yicha tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.
Xususan, Toshkent shahar statistika boshqarmasida Davlat statistika qo‘mitasi Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish boshqarmasi boshlig‘i Qobil Berdiqulov boshchiligida 2023- yilda aholini ro‘yxatga olish ishlariga ko‘rilayotgan tayyorgarlik, bu jarayonda foydalanish uchun zarur bo‘ladigan kartografik materiallar holatini o‘rganish kabi masalalar yuzasidan tadbir tashkil etildi.
Tadbir davomida aholi punktlarining chizma rejalarini tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar haqida alohida to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, tayyorlanadigan xaritalarda mavjud mahalla fuqarolar yig‘inlari chegarasini aniq ko‘rsatish, ularning chizma rejalarini qog‘oz va elektron shaklda tayyorlash, ko‘cha nomlari, ko‘p qavatli uylar va hovlilar, turar, noturar joylar maxsus belgilar bilan ajratish kerakligi ta’kidlandi.
Tadbir so‘nggida poytaxtimizda 2023- yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Matbuot xizmati





