O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018- yil 3- fevraldagi PF-5326-son “O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni tasdiqlangan edi.

Ushbu Farmonning ijrosini ta'minlash maqsadida hamda “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” ichki turizmni rivojlantirish dasturi doirasida joriy yilning 23- oktabr kuni Davlat statistika qo‘mitasi xodimlari uchun Buxoro shahriga sayohat tashkil etildi.

Mazkur sayohat Davlat statistika qo‘mitasi va Kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan amalga oshirildi.

Xodimlar dastlab, Minorai Kalon meʼmoriy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdilar. Bu yerdagi tarixiy binolar ziyoratchilarda katta taassurot qoldirdi.

Shuningdek, Ark qalʼasi, Somoniylar va Chashma Ayub maqbaralari, Mir Arab madrasasi, Labi hovuz ansambli o‘zining qadimiy me'morchiligi go‘zalligi va ulug‘vorligi bilan хodimlarni o‘ziga jalb etdi.

So‘ngra, xodimlar Buxoro shahrining boshqa diqqatga sazovor joylari, ko‘p yillik tarixni o‘zida aks ettiruvchi me'moriy obidalari va qadimiy yodgorliklarini yaqindan ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Sayohatchilar qadimiy Buxoroning yanada go‘zal va maftunkor manzilgohlari, madrasa, maqbara, minora va zamonaviy majmualarini tomosha qilish orqali tarix nafasini his qilib, katta taassurotga ega bo‘ldilar.
Soha tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlar ushbu maroqli sayohat uchun tashkilotchilarga samimiy minnatdorlik bildirishdi.
Matbuot xizmati


