Davlatimiz rahbari tomonidan 2021-yil 3-dekabrda “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi farmonlari qabul qilingan edi.

Mazkur farmonlar ijrosini taʼminlash maqsadida yurtimizdagi har bir mahallaga hokim yordamchilari hamda ularning ish samaradorligini oshirish uchun respublika davlat idoralari va tashkilotlaridan maxsus vakillar biriktirilgan.

Davlat statistika qoʻmitasi tizimidan ham 19 nafar respublika vakillari tuman va shaharlardagi mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha hokim yordamchilari bilan birgalikda faoliyat yuritmoqda.

Biriktirilgan respublika vakillari va hokim yordamchilari har kuni mahallalarda aholi bilan muloqot qilib, ularning muammolarini tinglab, mavjud kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etishga harakat qilishmoqda.

Samarqand viloyati Ishtixon tumaniga Davlat statistika qoʻmitasidan respublika vakili etib biriktirilgan Xurshid Iskandarov ham tumandagi mahallalarda faoliyat yuritayotgan hokim yordamchilari bilan birgalikda aholi turmush tarzini oshirish yoʻlida mehnat qilmoqda.

Maʼlumot uchun, Ishtixon tumanidagi 62 ta mahalla fuqarolar yigʻinida 244 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Joriy yil boshida “Temir daftari”ga kiritilgan oilalar soni 2328 ta bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda “Temir daftari”dagi oilalar soni 172 tani tashkil etadi. Ayni paytda “Ayollar daftari”ga kiritilganlar soni 3532 nafar.

Respublika vakillari va hokim yordamchilari tashabbusi bilan 2022- yilning 9 oyi davomida Ishtixon tumanidagi 2944 nafar fuqaroga tadbirkorlik uchun 77 milliard 275 million soʻmlik imtiyozli kreditlar ajratildi.

Oʻtgan davr davomida respublika vakillari va hokim yordamchilari tashabbuslari bilan 179 ta yangi loyihalar ishga tushirilib, 675 nafar fuqarolar bandligi taʼminlandi.

Respublika vakillari va hokim yordamchilari tashabbusi bilan jami 110 nafar fuqaroga, 394 mln. soʻmlik subsidiya ajratildi.
Matbuot xizmati


