Davlatimiz rahbari tomonidan 2021- yil 3- dekabrda “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi farmonlari qabul qilingan edi.

Mazkur farmonlar ijrosini taʼminlash maqsadida yurtimizdagi har bir mahallaga hokim yordamchilari hamda ularning ish samaradorligini oshirish uchun respublika davlat idoralari va tashkilotlaridan maxsus vakillar biriktirilgan.

Davlat statistika qoʻmitasi tizimidan ham 19 nafar respublika vakillari tuman va shaharlardagi mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha hokim yordamchilari bilan birgalikda faoliyat yuritmoqda.

Biriktirilgan respublika vakillari va hokim yordamchilari har kuni mahallalarda aholi bilan muloqot qilib, ularning muammolarini tinglab, mavjud kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etishga harakat qilishmoqda.

Toshkent viloyati Bekobod tumaniga Davlat statistika qoʻmitasidan respublika vakili etib biriktirilgan Mo‘sinov Xasan Shuhratovich ham tumandagi mahallalarda faoliyat yuritayotgan hokim yordamchilari bilan birgalikda aholi turmush tarzini oshirish yoʻlida mehnat qilmoqda.

Maʼlumot uchun, Bekobod tumanidagi 51 ta mahalla fuqarolar yigʻinida 165 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Shundan “Temir daftari”da 86 nafar, “Ayollar daftari”da 3721 nafar, “Yoshlar daftari”da 494 nafar fuqaro roʻyxatda turadi.

Respublika vakillari va hokim yordamchilari tashabbusi bilan 2022- yilning 9 oyi davomida Bekobod tumanidagi 1380 nafar fuqaroga tadbirkorlik uchun 37 milliard 138 million soʻmlik imtiyozli kreditlar ajratildi.

Oʻtgan davr davomida respublika vakillari va hokim yordamchilari tashabbuslari bilan 848 ta yangi loyihalar ishga tushirilib, 1020 nafar fuqarolar bandligi taʼminlandi.

Respublika vakillari va hokim yordamchilari tashabbusi bilan jami 473 nafar fuqaroga, 3 milliard 961 million soʻmlik subsidiya ajratildi.
Matbuot xizmati


