2022-yil 16-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Oʻzbekiston Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyaga qoʻshilganining 30 yilligiga bagʻishlangan davra suhbati oʻtkazildi.

1_7j1a9714

Tadbirda Oliy Majlis Senati rahbariyati, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro bolalar jamgʻarmasi – UNICEF vakillari, xalqaro ekspertlar, Davlat statistika qoʻmitasi hamda boshqa tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Davra suhbatini Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva kirish soʻzi bilan ochib berdi. U Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya boʻyicha yurtimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar haqida batafsil soʻz yuritdi.

2_7j1a9445

Shuningdek, Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender masalalari qoʻmitasi raisi Malika Qodirxonova, Davlat statistika qoʻmitasi raisi Bahodir Begalov, UNICEFning Yevropa va MDH mamlakatlari boʻyicha mintaqaviy direktori Afshan Xon va boshqalar bolalarni sogʻlom va har tomonlama rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi saʼy-harakatlar haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirib oʻtdi.

Tadbirda qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-apreldagi “Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4273-son qarori ijrosini taʼminlash hamda respublikada bolalar va ayollar holatini xalqaro darajada baholash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-iyuldagi 625-son qaroriga muvofiq, 2020-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida Multiindikator klaster kuzatuvlari (MICS) oʻtkazilishi belgilangan edi.

3_7j1a9690

Multiindikator klaster kuzatuvi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro bolalar jamgʻarmasi–UNICEF tomonidan ishlab chiqilgan uy xoʻjaliklarining tanlanma kuzatuv xalqaro dasturi boʻlib, asosan bolalar va ayollar holatini baholash maqsadida koʻp koʻrsatkichli maʼlumotlarni yigʻadi, shu oʻrinda onalar va bolalar boʻyicha dunyo miqyosidagi eng yirik statistik maʼlumotlar manbaasi hisoblanadi.

4_7j1a9385

MICS kuzatuvlari 1995-yildan boshlab 2022-yilga qadar butun dunyo mamlakatlari oʻrtasida 118 ta davlatda 349 marotaba oʻtkazilgan. Ushbu kuzatuvda ona va bola salomatligi, ayollarning reproduktiv salomatligi, bolalar huquqlari va ularning taʼlim olish darajasi, bolalarning sogʻlom va jismoniy rivojlanishi kabi muhim statistik koʻrsatkichlar jamlanadi.

5_7j1a9543

2021-2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida Multiindikator klaster kuzatuvlarini (MICS) oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi va BMT Bolalar jamgʻarmasi UNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Davlat statistika qoʻmitasi kuzatuvni oʻtkazish boʻyicha vakolatli davlat organi etib belgilangan.

6_7j1a9440

Kuzatuv jarayoni Oʻzbekiston Respublikasi boʻyicha tanlab olingan 556 ta mahallada, joylarga chiqilib respondentlar bilan shaxsan suhbatlashish orqali, planshetlarda elektron koʻrinishda savolnomalarni toʻldirish yoʻli bilan maʼlumotlar yigʻildi.

Shakllantirilgan tahliliy jadvallar asosida, UNICEFning xalqaro ekspertlari taklif va mulohazalarini inobatga olgan holda hisobot ilovalari va xulosa jadvallarini shakllantirish, hisobot loyihasi tayyorlash ishlari amalga oshirildi.

7_7j1a9379

Kuzatuv natijalari boʻyicha yakuniy maʼlumotlar, oʻzlariga tegishli soha va yoʻnalishlarni rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish uchun respublikaning tegishli vazirlik va idoralariga taqdim etiladi.

Oʻtkazilgan MICS natijalariga asosan Barqaror rivojlanish sohasidagi maqsad va vazifalarga tegishli boʻlgan 20 dan ortiq indikator koʻrsatkichlari shakllantiriladi.

7j1a9360

Mamlakatimizda oʻtkazilgan MICS natijalarining eʼlon qilinishi xalqaro maʼlumotlar bazalarida uzoq yillar davomida yangilanmay qolayotgan Oʻzbekiston Respublikasiga oid indikatorlarning yangilanishiga hamda xalqaro reyting va indekslarda mamlakatimiz oʻrnining yaxshilanishi va dunyo hamjamiyatida nufuzini yanada oshishiga xizmat qilishi taʼkidlandi.

9_7j1a9698

Matbuot xizmati