Davlatimiz rahbari tomonidan 2021- yil 3- dekabrda “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi farmonlari qabul qilingan edi.

Mazkur farmonlar ijrosini taʼminlash maqsadida yurtimizdagi har bir mahallaga hokim yordamchilari hamda ularning ish samaradorligini oshirish uchun respublika davlat idoralari va tashkilotlaridan maxsus vakillar biriktirilgan.

Davlat statistika qoʻmitasi tizimidan ham 19 nafar respublika vakillari tuman va shaharlardagi mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha hokim yordamchilari bilan birgalikda faoliyat yuritmoqda.

Biriktirilgan respublika vakillari va hokim yordamchilari har kuni mahallalarda aholi bilan muloqot qilib, ularning muammolarini tinglab, mavjud kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etishga harakat qilishmoqda.

Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumaniga Davlat statistika qoʻmitasidan respublika vakili etib biriktirilgan Fazliddin Narzullayev ham tumandagi mahallalarda faoliyat yuritayotgan hokim yordamchilari bilan birgalikda aholi turmush tarzini oshirish yoʻlida mehnat qilmoqda.

Maʼlumot uchun, Sariosiyo tumanidagi 61 ta mahalla fuqarolar yigʻinida 218 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Shundan “Temir daftari”da 136 nafar, “Ayollar daftari”da 19 nafar, “Yoshlar daftari”da 94 nafar fuqaro roʻyxatda turadi.

Respublika vakillari va hokim yordamchilari tashabbusi bilan 2022- yilning 15 noyabr holatiga Sariosiyo tumanidagi 2 219 nafar fuqaroga tadbirkorlik uchun 61 milliard 485 million soʻmlik imtiyozli kreditlar ajratildi.

Oʻtgan davr davomida respublika vakillari va hokim yordamchilari tashabbuslari bilan 179 ta yangi loyihalar ishga tushirilib, 7 222 nafar fuqarolar bandligi taʼminlandi.
Respublika vakillari va hokim yordamchilari tashabbusi bilan jami 73 nafar fuqaroga, 305 mln. soʻmlik subsidiya ajratildi.
Matbuot xizmati


