Avval xabar berilganidek, Qozog‘iston Respublikasining Olmaota shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Aholini ro‘yxatga olish: muammolar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro forum yakunlandi.

Xalqaro forumda 2020- yil raundida BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi hududidagi davlatlar va MDHga a’zo davlatlarda aholini ro‘yxatga olish natijalari, aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlaridan mamlakatlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognozlari va samarali siyosiy chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda foydalanish kabi muhim masalalarga e’tibor qaratildi.


Shuningdek, forumda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishni an’anaviy usulidan yangi usullarga o‘tish, jumladan, aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qayta ishlash va tahlil qilishda Big Data va BI platformalarini qo‘llash istiqbollari muhokama qilindi.


Ushbu xalqaro forumda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi direktori oʻrinbosari Zohidjon Ziyayev hamda Statistika agentligining Roʻyxatga olish jarayonlarini tashkil etish va oʻtkazish boshqarmasi boshligʻi Qobil Berdiqulov ishtirok etib, O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olishga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari, jumladan, 2021-yilda o‘tkazilgan sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish natijalari to‘g‘risida taqdimot qilishdi.

Xalqaro forum davomida Belorus Respublikasi milliy statistika qo‘mitasi raisi – I. Medvedeva va Qozog‘iston Milliy statistika byurosi rahbari – J. Shaymardanov bilan aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish, uni o‘tkazish, natijalarini qayta ishlash va tahlil qilish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama etildi va kelishib olindi.


