Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-apreldagi “Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” PQ-4273-son hamda 2020-yil 3-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasining milliy statistika tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PQ-4796-son qarorlari doirasida Xalqaro transport forumiga aʼzo boʻlishga erishish va Xalqaro transport forumining Asosiy transport statistikasi (Key Transport Statistics, International Transport Forum) maʼlumotlar bazasida Oʻzbekiston Respublikasi toʻgʻrisida maʼlumotlarni aks ettirish vazifasi belgilangan.

Qarorlar talablari ijrosi yuzasidan 2019-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi bilan oʻzaro bir qancha yigʻilishlar, seminarlar tashkil etildi. Shuningdek, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti xalqaro eksperti bilan ZOOM orqali fikrlar almashinildi.

Hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar natijasida 2020-2021-yillar mobaynida Oʻzbekiston Xalqaro transport forumiga aʼzo mamlakatlar orasidan joy oldi. Hozirgi kunga kelib ushbu tashkilotga 66 ta davlat aʼzo boʻlgan.

Natijada, 2023-yil may oyidan boshlab, Asosiy transport statistikasi, Xalqaro transport forumi (Key Transport Statistics, International Transport Forum) xalqaro maʼlumotlar bazasida Oʻzbekiston boʻyicha maʼlumotlar eʼlon qilina boshladi.

Maʼlumot uchun, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti huzuridagi Xalqaro transport forumi 66 ta davlat aʼzosi boʻlgan hukumatlararo tashkilotdir. U transport siyosati boʻyicha tahlil markazi sifatida ishlaydi va Transport vazirlarining yillik sammitini tashkil qiladi. Xalqaro transport forumi barcha transport turlarini qamrab oladigan yagona global tashkilotdir.

Tashkilotning asosiy missiyasi transportning iqtisodiy oʻsish, ekologik barqarorlik va ijtimoiy bogʻliqlikdagi rolini chuqurroq tushuntirishga koʻmaklashish orqali transport siyosatining jamoatchilik orasida mavqeini oshirishdan iborat.


