Joriy yilning 29-sentabr kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligining Kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi.


Tadbirda statistika tizimida uzoq yillar faoliyat olib borgan, shogirdlar tarbiyalagan ustoz-murabbiylar, soha rivojiga o‘z hissasini qo‘shgan bir guruh xodimlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.


Shuningdek, 1- oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbirida, Statistika agentligi direktori Begalov Bahodir Abdusalomovich ustoz-murabbiylarning jamiyatimizdagi roli haqida gapirar ekan, ularning ezgu xizmatlari tufayli yoshlarimiz har tomonlama barkamol bo‘lib voyaga yetayotgani, vatanimiz uchun sadoqatli va salohiyatli kadrlar tayyorlashda ustozlarning o‘rni beqiyos ekanligini ta’kidladi.


Agentlik direktori Bahodir Begalov O’zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo’llab-quvvatlash “Nuroniy jamg’armasi” tomonidan “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan, Statistika agentligida ko‘p yillardan buyon faoliyat yuritib kelayotgan xodimlar – Abdullayeva Ozoda Xasanovna hamda Xabiyeva Faniya Abdulaxatovnani alohida qutladi.


Shu o‘rinda, Statistika agentligi jamoasi nomidan bizga taʼlim-tarbiya berib kelayotgan ustoz va murabbiylarni yana bir bor kasb bayramlari bilan chin yurakdan tabriklaymiz. Barcha ustoz va murabbiylarga sihat-salomatlik, sharafli va masʼuliyatli faoliyatida katta muvaffaqiyatlar, xonadonlariga fayzu baraka tilaymiz.



