Yurtimizda aholi salomatligini saqlash va mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishni kuchaytirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-noyabrdagi “Yurish, yugurish, mini-futbol, badminton, stritbol va “Workout” sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5282-sonli qaror ijrosini ta’minlash maqsadida barcha ishchi-xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq qilish maqsadida turli sport musobaqalari tashkil etilmoqda.

Joriy yilning 1-5 dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi Kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan hamkorlikda ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida markaziy apparat xodimlari hamda ularning farzandlari o‘rtasida “Sport festivali” tashkil etildi.

Mazkur “Sport festivali”da yurish, yugurish, mini-futbol, badminton, stritbol va workout sport turlari bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlash lozimki, muntazam jismoniy tarbiya va ommaviy sportni o‘tkazishdan maqsad har bir fuqaroda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, yomon odatlardan voz kechish, to‘g‘ri ovqatlanish tamoyillariga rioya qilishdir.

Statistika agentligi xodimlari o‘rtasida sport musobaqalarini muntazam ravishda tashkil qilish natijasida, joriy yilning oktabr oyida bo‘lib o‘tgan futbol bo‘yicha “Hukumat kubogi” musobaqasida, Statistika agentligining markaziy apparati xodimlaridan iborat bo‘lgan jamoa musobaqaning 1/2 final bosqichiga yetib bordi.


“Sport festivali” g‘olib va sovrindorlariga diplom va esdalik sovg‘alar topshirildi.


