2024- yilning 10- sentabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligida “Iqtisodiy faoliyatning yuqori chastotali koʻrsatkichlari – choraklik milliy hisoblar” mavzusida tashkil etilgan oʻquv kursi natijalari boʻyicha taqdimot boʻlib oʻtdi. Ushbu oʻquv kursi joriy yilning 19–30- avgust kunlari Avstriyaning Vena shahrida Xalqaro valyuta jamgʻarmasi (XVJ) hamda Birlashgan Vena instituti tomonidan tashkil etilgan.
Taqdimotda mazkur oʻquv kursida ishtirok etgan agentlikning Sanoat va energetika statistikasi boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Ulugʻbek Karimov, Makroiqtisodiy indikatorlar va milliy hisoblar boshqarmasi bosh mutaxassisi Davron Kushchiyev va yetakchi mutaxassisi Bahromjon Orifovlar oʻquv kursi natijalari yuzasidan olgan bilim va koʻnikmalarini agentlik xodimlariga yetkazishdi.
Kursning asosiy maqsadi ishtirokchilarning bilim va koʻnikmalarini rivojlantirish, shuningdek iqtisodiy faoliyat boʻyicha yuqori chastotali statistik ma’lumotlarning tabiati va potensial qoʻllanilishi, indikatorlarni tanlab olish, choraklik va yillik milliy hisoblar oʻrtasidagi muvofiqlik, mavsumiy tuzatish kiritish, ma’lumotlarni tarqatish va qayta koʻrib chiqish bilan bogʻliq boʻlgan nazariy va amaliy masalalarni koʻrib chiqishdan iborat boʻldi.
Shuningdek, tadbir davomida mavzu yuzasidan fikr-mulohazalar almashinib, qatnashchilarni qiziqtirgan savollariga atroflicha javob berildi.