O‘zbekiston Respublikasi aholi salomatligini asrash va mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishni kuchaytirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021- yil 5- noyabrdagi “Yurish, yugurish, mini-futbol, badminton, stritbol va “Workout” sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5282-sonli qarori hamda O‘zbekiston davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi Ijroiya qo‘mitasining 2024-yil 25-oktabrdagi “11-noyabr – “O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni”ni nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va yuqori saviyada o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 8-35 “s”-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, statistika tizimi xodimlari o‘rtasida sportga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirish va ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng ommalashtirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligining Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan 2024- yil 1- noyabr kuni “Sport – salomatlik garovi” shiori ostida “Sport festivali” o‘tkazildi.

Mazkur “Sport festivali”da yurish, yugurish, mini-futbol, badminton, stritbol va workout sport turlari bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tdi.

Ushbu musobaqada agentlikning turli boshqarmalari xodimlari ishtirok etdi.