Joriy yilning 19- fevral kuni Farg‘ona viloyatidagi Savdo-sanoat palatasida palata mutaxassislari, o‘qituvchilar va Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi mutaxassislari ishtirokida aholini ro‘yxatga olish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda Savdo-sanoat palatasi rahbari Sh. Tojiboyev, Farg‘ona viloyati Beshariq tumani statistika bo‘limi boshlig‘i F. Davlatov, bo‘lim xodimlari hamda maktab o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Davra suhbati davomida aholini ro‘yxatga olishning tashkilotchilik va metodologik tamoyillari, dasturiy-texnik ta’minot va ma’lumotlarni qayta ishlash texnologik jarayonlari, xorijiy mamlakatlarning tajribasi hamda bugungi kunga qadar amalga oshirilgan ishlar, shuningdek, kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, tadbirga tayyorgarlik ko‘rish, bu borada qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, qonunlar va qarorlar, ularning ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan va rejalashtirilgan ishlar muhokama qilindi.

Davra suhbati faol bahs-munozaralar va muhokamalar ruhida o‘tdi. Tadbir yakunida mutaxassislar tinglovchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berishdi.


