Joriy yilning 28- sentabr kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Islom hamkorlik tashkiloti statistika qo‘mitasi (SESRIC)ning 9- sessiyasi o‘z faoliyatini boshladi.
Videokonferensiya tarzida tashkil etilgan ushbu tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi raisi Begalov Bahodir Abdusalomovich boshchiligidagi qo‘mita jamoasi ham qatnashmoqda.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad – Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarda rasmiy statistikani rivojlantirish, ma’lumotlarni xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqarish, tarqatish va tahlil qilish maqsadida milliy statistika idoralari salohiyatini mustahkamlash masalalarini muhokama qilishdan iborat.

28- sentabrdan 1-oktabrgacha bo‘lib o‘tadigan mazkur sessiyada Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika va Tinch okeani mamlakatlari delegatlarining ma'ruzalari tinglanadi va bildirilgan tashabbuslar ko‘rib chiqiladi.

Jumladan, sessiyasi doirasida quyidagi masalalar kun tartibidan o‘rin olgan:
✓ 2030- yilga mo‘ljallangan Islom hamkorlik tashkiloti statistika qo‘mitasining strategik qarashlari va 2021–2025- yillarga mo‘ljallangan harakatlar dasturini qabul qilish;
✓ milliy statistika tizimlari salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan yangi yondashuvlarni muhokama qilish;
✓ Barqaror rivojlanish maqsadlari ko‘rsatkichlari bo‘yicha monitoring va hisobot masalalarini ko‘rib chiqish (qashshoqlikning barcha ko‘rinishlarini bartaraf etish);
✓ rasmiy statistikada noan’anaviy ma’lumot manbalarini qo‘llash.


(Ma'lumot uchun: SESRIC – Islom mamlakatlari uchun statistik, iqtisodiy, ijtimoiy va kadrlar tayyorlash markazi bo'lib, Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) statistika komissiyasining byurosi va Ijroiya organi hisoblanadi).
Axborot xizmati


