Avval xabar berganimizdek, 16–18-iyun kunlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining  Yevropa iqtisodiy komissiyasi (UNECE) tashabbusi bilan Jenevadagi “Palais des Nations” majmuasida Yevropa statistiklari konferensiyasining 73-yalpi sessiyasi boʻlib oʻtdi. Unda 54 davlatdan milliy statistika idoralari rahbarlari hamda 15 ta xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etdi.

Konferensiyada rasmiy statistikani modernizatsiya qilish, strategik yoʻnalishlarni belgilash, raqamli texnologiyalar va katta maʼlumotlardan foydalanish, shuningdek, aholi va uy-joy fondini roʻyxatga olish 2030 raundiga tayyorgarlik kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Statistika sohasida yuz berayotgan tub oʻzgarishlar, raqamli transformatsiya jarayonining jadallashuvi, axborot oqimlarining murakkablashuvi va ishonchli maʼlumotlarga boʻlgan ehtiyoj ortib borayotgan bir paytda ushbu konferensiya milliy va xalqaro statistika tizimlarining strategik yoʻnalishlarini belgilashda muhim maydon boʻlib xizmat qildi.

Konferensiyada Oʻzbekistondan Milliy statistika qoʻmitasi delegatsiyasi ishtirok etib, milliy statistika tizimini rivojlantirish, sohada idoraviy maʼlumotlar boʻyicha integratsiya jarayonlarini jadallashtirish, uy xoʻjaliklarida oʻtkaziladigan tanlanma statistik kuzatuv savolnomalarini optimallashtirish, rasmiy statistika maʼlumotlarining ochiqligini taʼminlash, jamoatchilik vakillari, jurnalist va blogerlar bilan samarali hamkorlik qilish orqali aholining statistika savodxonligini oshirish kabi masalalar yuzasidan amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar borasida soʻz yuritdi.

Bundan tashqari, sessiya doirasida Barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha tahliliy sharhlar taqdim etildi.

Yevropa statistiklari konferensiyasi byurosining yangi tarkibi saylandi hamda statistik tizimlarni zamonaviylashtirish boʻyicha yuqori darajadagi ishchi guruhning faoliyati yuzasidan axborot berildi.

Konferensiya zamonaviy statistik yondashuvlarni joriy etish, turli mamlakatlar oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlash va dolzarb statistik masalalarni hal etishda muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ishlab chiqish uchun xalqaro miqyosdagi muhim muloqot maydoniga aylandi.

Milliy statistika qoʻmitasi delegatsiyasi tashrif davomida BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi Statistika boʻlimi rahbari, YEVROSTAT direktori, Kanada, Armaniston, Qozogʻiston, Niderlandiya, Ozarbayjon, Irlandiya, Meksika statistika idoralari rahbarlari hamda Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari bilan uchrashib, ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

Olib borilgan ushbu muhokamalar natijasi 2026–2030-yillarga moʻljallangan Statistikani rivojlantirishning milliy strategiyasini ishlab chiqish, “Statistika faoliyati samaradorligi indeksi”da yanada yuqori natijaga erishish, Milliy statistika qoʻmitasini transformatsiya qilish masalalari, xususan, uslubiyotlarni xalqaro tashkilotlar tamoyillari va tavsiyalari bilan uygʻunlashtirish kabi yoʻnalishlarni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

p