Joriy yilning 22- oktabr kuni Davlat statistika qo‘mitasida “2020–2025- yillarda O‘zbekiston Respublikasida statistikani rivojlantirishning milliy strategiyasi” doirasida Xalqaro energiya agentligi vakillari bilan videokonferensaloqa tarzida uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda Davlat statistika qo‘mitasi xodimlari, Xalqaro energiya agentligidan Markus Fager-Pintilla, Antonio Carvalho, Celine Rouquette hamda agentlikning yurtimizdagi vakili Tolib Sultonov ishtirok etdi.
Ushbu tadbirda energetika sohasidagi statistikani xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirilish, xo‘jalik yurituvchi subyektlar va uy xo‘jaliklari tomonidan yoqilg‘i-energetika resurslaridan oqilona va tejamkor foydalanish holatini aniqlash, zarur bo‘lgan yuqori sifatli yoqilg‘i-energetika balansini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Davlat statistika qo‘mitasi Sanoat statistikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari A.Abdullayev so‘z yuritdi. Shuningdek, Sanoat bo`yicha yig`ma tahliliy axborotlarni va sanoatni rivojlantirish dasturlarining indikatorlarini shakllantirish bo`limi boshlig‘i A. Avakova mavzu yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
Tadbir yakunida, ekspertlar energetika statistikasi bo‘yicha Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarini tahlil qilib, aniqlangan muammo va kamchiliklar bo‘yicha kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar yuzasidan kelishib oldi.
Axborot xizmati


