19/11/2020

Joriy yilning 18- noyabr kuni Bolgariya hukumati va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamg'armasi (UNFPA) hamkorligida “Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlarida demografik barqarorlik va barqaror rivojlanish” mavzusida onlayn brifing bo'lib o'tdi.

Tadbirda Bolgariyaning BMTdagi doimiy vakili, favqulotda muxtor elchi Georgiy Panayotov, UNFPAning ijrochi direktori o’rinbosari Diane Keyta, YUNFPAning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo'yicha mintaqaviy direktori Alanna Armitaj so’zga chiqdi. Tadbirda Dаvlаt stаtistikа qo‘mitаsidan Rаisining ijtimoiy statistika bo’yicha o’rinbosari Ziyadullayev Maxmudjon Djurakulovich ishtirok etdi.

Tadbirdan ko'zlangan maqsad aholining turli guruhlari dinamikasiga javob berish usullari bo'yicha demografik xilma - xillik tajribasini o’rtoqlashish, shuningdek, UNFPA Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyodagi demografik barqarorlik dasturini namoyish etish va kelgusida amalga oshirishni rag’batlantirishdan iborat.

Tadbirda ishtirokchilar 2030- yilgacha bo'lgan davrda demografik barqaror rivojlanish dasturlarini amalga oshirishga ta'sir qiluvchi turli demografik tendentsiyalar va siljishlar bo'yicha taqdimot qilishdi. So'zga chiqqanlar aholining zaif qatlamlariga manzilli yordam ko'rsatish uchun aholi haqidagi statistik ma'lumotlarning muhimligini ta'kidlashdi.

Maxmudjon Ziyadullayev o'z nutqida 2023- yilda aholini ro'yxatga olish bo'yicha chora-tadbirlar rejasining amalga oshirilishi, xususan, mamlakatimizda karantin tadbirlari vaqtida Davlat statistika qo'mitasi tomonidan aholini ro'yxatga olish borasida qo'mitaning rasmiy veb-saytlarida va ommaviy axborot vositalarida ma’lumotlarni joylashtirish hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish haqida batafsil ma'lumot berdi.

Ma'lumot uchun: ushbu tadbir 2019- yilda o'tkazilgan МКНР25 bo'yicha Nayrobida bo'lib o'tgan sammitga bag'ishlangan bo’lib, mintaqada barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda demografik tendensiyalarni qayd etish, sammitda olingan majburiyatlarni bajarishda hukumatlarning yutuqlarini aks ettirish, shuningdek, COVID-19 pandemiyasi sharoitida yuzaga kelgan muammolarni hal qilish tajribasi bilan o’rtoqlashish imkonini beradi.

Axborot xizmati

Tugmani bosing Tinglash GSpeech