Joriy yilning 7-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasida YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori ko‘magida Ochiq ma’lumotlar xalqaro xartiyasi — Open Data Charter ijrochi direktori Natalia Carfi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonda ochiq ma’lumotlar sohasini yanada rivojlantirish, e’lon qilinayotgan ma’lumotlarning sifati, ochiqligi va amaliy ahamiyatini oshirish, shuningdek, davlat ma’lumotlarini boshqarish bo‘yicha zamonaviy xalqaro yondashuvlarni joriy etish doirasida Open Data Charter bilan hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Metama’lumotlarni takomillashtirish, ma’lumotlarni mashinada o‘qiladigan formatlarda e’lon qilish, ularning taqqoslanishi, o‘zaro mosligi, muntazam yangilanishi hamda davlat organlari, tadqiqotchilar, fuqarolik jamiyati va biznes vakillari tomonidan keng foydalanilishi masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, ochiq ma’lumotlardan davlat boshqaruvi shaffofligini oshirish, korrupsiyaviy xatarlarning oldini olish, ma’muriy ma’lumotlar, katta ma’lumotlar va sun’iy intellektga asoslangan yechimlarni rivojlantirishda foydalanish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Sifatli, standartlashtirilgan va ochiq ma’lumotlar raqamli yechimlar hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini samarali joriy etishning muhim asoslaridan biri ekani ta’kidlandi.
Tadbir doirasida Natalia Carfi vazirlik va idoralar vakillari uchun ochiq ma’lumotlarning korrupsiyaga qarshi kurashishdagi o‘rni, ma’muriy va katta ma’lumotlarni rivojlantirish, shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishda ma’lumotlardan foydalanish masalalariga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazdi.


Taqdimotda Open Data Charter’ning xalqaro yondashuvlari, jumladan ochiq ma’lumotlarning oltita global tamoyili — ma’lumotlarning dastlabdan ochiqligi, o‘z vaqtida va to‘liq e’lon qilinishi, foydalanish uchun qulayligi, taqqoslanishi va o‘zaro mosligi, davlat boshqaruvi va fuqarolar ishtirokini yaxshilashi, shuningdek, inklyuziv rivojlanish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashi haqida ma’lumot berildi.
Bundan tashqari, davlat xarajatlari, davlat xaridlari, soliq tushumlari, subsidiyalar va davlat organlarining shaffofligi hamda hisobdorligini oshirish uchun muhim bo‘lgan boshqa yo‘nalishlarda ochiq ma’lumotlardan foydalanish bo‘yicha amaliy xalqaro tajribalar ko‘rib chiqildi.
Tomonlar ochiq ma’lumotlar sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish, vazirlik va idoralar mutaxassislarining salohiyatini oshirish, milliy ochiq ma’lumotlar portalini takomillashtirish hamda sifatli, talab yuqori bo‘lgan va qayta foydalanishga yaroqli ma’lumotlar to‘plamlarini shakllantirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surish muhimligini qayd etdilar.


