Bugungi kunda zamonaviy tashkilot faoliyati nafaqat yuqori natijadorlik, balki inson salomatligi, jamoaviy muhit va xodimlarning ruhiy barqarorligini ta’minlash bilan ham chambarchas bog‘liqdir. Ayniqsa, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, jismoniy faollikni oshirish va sportni kundalik hayotning ajralmas qismiga aylantirish har qanday tashkilotning muhim vazifalaridan biriga aylanmoqda. Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasida amalga oshirilayotgan islohotlar inson qadri va salomatligiga qaratilgan amaliy tashabbuslarning yorqin namunasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-maydagi 25-sonli topshiriqlar bayoni hamda “Jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqichga olib chiqish” mavzusida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan topshiriqlar bayoni asosida Milliy statistika qo‘mitasida xodimlarni sport va sog‘lom turmush tarziga keng jalb etish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur tashabbuslarning mantiqiy davomi sifatida qo‘mita tizimida haftaning chorshanba kuni “Sport kuni” etib belgilandi. Bu kun oddiy sana emas – u jamoaning birlashuvi, sog‘lomlik sari intilish va yangi energiya manbai sifatida qadrlanmoqda. Har bir chorshanba kuni qo‘mita binosida sportga oshno insonlarning shijoati, sog‘lom raqobat ruhi va ko‘tarinki kayfiyati hukm suradi.



Milliy statistika qo‘mitasi markaziy apparatida zamonaviy sport zali ta’mirlanib, barcha zarur sport anjomlari bilan jihozlandi. Fitnes zalida ayollar va erkaklar uchun alohida qulay sharoitlar yaratilgani esa xodimlarning muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanishiga keng imkoniyat ochib bermoqda. Zamonaviy sport anjomlari, qulay muhit va sportga bo‘lgan rag‘bat bu maskanni xodimlarning eng sevimli maskanlaridan biriga aylantirgan.
Bugungi kunda qo‘mita xodimlari futbol, stol tennisi, fitnes va boshqa sport turlari bilan faol shug‘ullanmoqda. Ayniqsa, futbol musobaqalari jamoada birdamlik va hamjihatlikni mustahkamlashda alohida o‘rin tutmoqda. Maydondagi har bir uzatma, har bir gol yoki muvaffaqiyatli himoya ortida jamoaviy ishonch va o‘zaro hurmat mujassam.
Stol tennisi musobaqalari esa xodimlarning chaqqonligi, tezkor fikrlashi va diqqatini oshirishga xizmat qilmoqda. Sportning ushbu turi nafaqat jismoniy faollikni kuchaytiradi, balki insonning ichki muvozanatini tiklashda ham muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Qo‘mita rahbariyati ham sport tadbirlarida faol ishtirok etayotgani xodimlar uchun alohida motivatsiya manbaiga aylangan. Chunki sog‘lom turmush tarzi eng avvalo shaxsiy namuna orqali targ‘ib qilinadi.



Sport bilan muntazam shug‘ullanish natijasida xodimlarning nafaqat jismoniy holati, balki ruhiy barqarorligi, ish unumdorligi va kayfiyati ham sezilarli darajada yaxshilanmoqda. Bugun qo‘mita jamoasida sog‘lom raqobat, ijobiy muhit va o‘zaro hurmat tamoyillari yanada mustahkamlanib bormoqda.
Milliy statistika qo‘mitasida yaratilgan bunday imkoniyatlar davlat tashkilotlarida inson omiliga bo‘lgan e’tiborning amaliy ifodasidir. Zero, sog‘lom inson – taraqqiyot tayanchi, kuchli jamoa esa muvaffaqiyat garovidir.
Kelgusida ham qo‘mitada sportni ommalashtirish, xodimlar uchun yanada keng imkoniyatlar yaratish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish borasidagi ishlar izchil davom ettiriladi.


