Joriy yil 21–22- dekabr kunlari Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi statistika qo‘mitasi tomonidan MDH mintaqasidagi valyutalarning xarid qobiliyati pariteti asosida “Xalqaro taqqoslash dasturi – 2021”ga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Onlayn tarzda o‘tkazilgan mazkur uchrashuvda Davlat statistika qo‘mitasi Narxlar statistikasi boshqarmasi boshlig‘i Muxtor Umarov, Makroiqtisodiy indikatorlar va milliy hisoblar boshqarmasi boshlig‘i Aziz Mamirov hamda boshqa xodimlar qatnashdi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad – MDH mintaqasida valyutalarning xarid qobiliyati pariteti asosida xalqaro taqqoslashlar dasturi doirasida uy xo‘jaliklari tomonidan sotib olingan iste'mol tovarlar va xizmatlari ro‘yxatini yangilashdan iborat.
Uchrashuvni MDH statistika qo‘mitasi raisi o‘rinbosari A.Kosarev xalqaro taqqoslash dasturlarining statistikasini rivojlantirishdagi ahamiyatiga bag‘ishlangan taqdimot bilan ochib berdi.
Yig'ilishda MDH statistika qo‘mitasi mutaxassislari “Oziq-ovqat, ichimliklar va tamaki”, “Shaxsiy foydalanish uchun tovarlar”, “Uy uchun tovarlar”, “Xizmatlar” guruhlariga kiruvchi iste'mol tovarlari bo‘yicha taqdimot qilishdi. Taqdimotlarda xalqaro taqqoslash dasturlari uchun yangi mahsulot va xizmatlarning paydo bo‘lishi bilan bog'liq masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Axborot xizmati








