Mamlakatimizda pandemiyaning salbiy oqibatlarini yumshatish maqsadida aholining barcha qatlamlarini jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug'ullanishga jalb etish, aholida kasalliklarga qarshi immunitet tizimini shakllantirish va sog'lom ovqatlanish targ'ibotini sog'lom turmush tarzi garovi sifatida kuchaytirish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Ma'lumki, hukumat tomonidan koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurash davrida aholini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish va iqtisodiyot tarmoqlari faoliyatining barqarorligini ta'minlash bo'yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
O'zbekiston Respublikasi davlat statistika organlari tizimida ommaviy sportni, sog'lom turmush tarzini va sog'lom ovqatlanishni yanada rivojlantirishga ko'maklashish bo'yicha qator ishlar bajarilayapti. Xususan, 2020- yil 13- oktabr kuni Davlat statistika qo'mitasida "Ommaviy sportni rivojlantirish va sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish chora-tadbirlari dasturi" ishlab chiqildi va tasdiqlandi.
Ushbu dastur doirasida markaziy apparat va hududiy boshqarmalar xodimlari o'rtasida har shanba kuni mini-futbol, basketbol, haftasiga 3 marta gimnastika, stol tennisi bo'yicha mashg'ulotlar o'tkaziladi. Bundan tashqari, tizim xodimlari o'rtasida piyodalar va velosiped harakatini targ'ib qilish ishlari olib borilmoqda.
Qo'mita markaziy binosida sport anjomlari bilan jihozlangan sport zali ta'mirlanib, sport bilan shug'ullanish uchun sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, davlat statistika organlari tizimida sog'lom turmush tarzi, sog'lom ovqatlanishni targ'ib qilish bo'yicha bukletlar va boshqa axborot materiallari tayyorlanmoqda va tarqatilmoqda.
Muntazam ravishda markaziy apparat va hududiy statistika organlari xodimlari uchun seminarlar va veb-seminarlar o'tkazilmoqda. Ommaviy sportni yanada rivojlantirish va sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish, jahon pandemiyasi sharoitida sanitariya qoidalariga rioya qilish bo'yicha malakali mutaxassislar jalb etilmoqda.
Turli ommaviy sport tadbirlari va musobaqalarini o'tkazishdan maqsad – salomatlikni mustahkamlash, jismoniy rivojlanishni yaxshilash, umumiy va professional samaradorlikni oshirish, dam olish vaqtini foydali o‘tkazishdir.
Matbuot xizmati


