Ma'lumki, hukumat tomonidan koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurash davrida aholini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish va iqtisodiyot tarmoqlari faoliyatining barqarorligini ta'minlash bo'yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
O'zbekiston Respublikasi aholisining sog'lig'ini saqlash va mustahkamlash hamda sog'lom turmush tarzini targ'ib qilishni kuchaytirish zamonaviy davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biridir. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020- yil 30- oktabrdagi "Sog'lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi PF-6099-son Farmonining ijrosi bo‘yicha barcha ishchi-xodimlar o‘rtasida sog'lom turmush tarzini keng tadbiq qilish yuzasidan turli sport musobaqalari tashkil etilmoqda.
Viloyat statistika boshqarmalarida har shanba kuni ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida jamoa o'rtasida maxsus sport majmualarida o'tkaziladigan haftalik turli sport tadbirlari ham o'tkazilmoqda. Xususan, 20- mart kuni reja asosida hududlarda stol tennisi, futbol hamda shaxmat bo'yicha sport musobaqalari o'tkazildi.
Muntazam jismoniy tarbiya va ommaviy sportni o'tkazishdan maqsad har bir fuqaroda sog'lom turmush tarzini shakllantirish, yomon odatlardan voz kechish, to'g'ri ovqatlanish tamoyillariga rioya qilish, Covid-19 ga qarshi ishlarni tizimli va samarali tashkil etish orqali kasalliklarga qarshi doimiy immunitet tizimini shakllantirish, shuningdek, jismoniy faoliyat orqali xodimlarning ish faoliyatini yaxshilashdir.
Matbuot xizmati