Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan yangicha – mahallabay va fuqarobay tizimi asosida xalq bilan muloqot qilish, ish tashkil etish, joylardagi muammolarni o‘rganish hamda ularning yechimini topish avvalo, aholining turmush farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda. Bu jarayonda vazirlik va idoralar bilan bir qatorda Davlat statistika qo‘mitasi ham faol ishtirok etmoqda.
Yangihayot tumanidagi mahallalarda o‘rganishlar ishlari olib borilishi bilan birgalikda ishchi guruh vakillari tashabbusi bilan joylarda hasharlar ham tashkil etildi.
Jumladan, mahallalardagi ko‘chalar, ariqlarda to‘planib qolgan turli xazonlar va boshqa chiqindilar qo‘mita xodimlari tomonidan hashar yo‘li bilan tozalandi.
Mahalla hududida, aholi xonadonlari аtrofidagi daraxtlar oqlanib, butaldi. Bo‘sh joylarga ishchi guruhi tashabbusi bilan yangi ko‘chatlar ekilib, hudud obodonlashtirilmoqda.
Shuningdek, mahallalarda “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”da ro‘yxatga olinganlarga alohida e'tibor qaratish, ularning bandligi va salomatligini tiklash kabi masalalar ham diqqat markazida bo‘lmoqda.
Ishchi guruhi vakillari tomonidan “Mahallabay” tizimidagi bu kabi amaliy ishlar davom ettirilmoqda.
Matbuot xizmati












