O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020- yil 11- noyabrdagi 710- son qaroriga muvofiq, aholini sinov tariqasida ro‘yxatga olish tadbiri 2021- yil 1–25- noyabr kunlari Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Davlat statistika qo‘mitasi raisi Begalov Bahodir Abdusalomovich aholini ro‘yxatga olish tadbiriga ko‘rilayotgan tayyorgarlik jarayonlari hamda olib borilayotgan o‘quv-seminarlari bilan tanishish maqsadida Yuqori Chirchiq tumaniga bordi.
Aholini sinov tariqasida ro‘yxatga olish tadbirini sifatli va samarali tashkil etish yuzasidan qo‘mita raisi o‘zining taklif va tavsiyalarini berdi.
Shuningdek, B. Begalov aholini ro‘yxatga olish – bu mamlakat aholisining muayyan vaqtdagi “fotosurati”ni olish imkonini beruvchi umumdavlat miqyosidagi keng ko‘lamli tadbir bo‘lib, aholi to‘g'risidagi ishonchli axborot manbasi bo‘lishini ta’kidladi.
Aholini ro‘yxatga olish ma’lum bir davrda O‘zbekiston aholisining soni, yoshi, jinsi, diniy va etnik tarkibi, oilaviy ahvoli, ma'lumot darajasi, uy-joy bilan ta'minlanganligi, iqtisodiy faolligi, daromad olish manbalari, nogironligi xususida batafsil ma'lumot olishga yordam beradi. Shuningdek, aholi jon boshiga makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning taqsimlanishini hisoblashda ishlatiladi, migratsiya holatini, mehnat resurslari taqsimotini aniq ko‘rsatib beradi.
Shuningdek, qo‘mita raisi Yuqori Chirchiq tumanida MICS kuzatuvlarini o‘tkazayotgan intervyuyer va supervayzerlarning ish faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Ularga karantin talablariga rioya qilgan holda aholi xonadonlariga tashrif buyurishi, so‘rovnoma ma'lumotlarini planshetlarda to‘liq aks ettirish bo‘yicha kerakli taklif va tavsiyalar berdi. Shu bilan birga, MICS kuzatuvlarining xalqaro standart talablari asosida o‘tkazilishi to‘g‘risida tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Matbuot xizmati








