O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020- yil 11- noyabrdagi 710- son qaroriga muvofiq, aholini sinov tariqasida ro‘yxatga olish tadbiri 2021- yil 1–25- noyabr kunlari Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Davlat statistika qo‘mitasining Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish boshqarmasi xodimlari aholini ro‘yxatga olish tadbiriga ko‘rilayotgan tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishish maqsadida hududlarga bordi.
Tashkil etilgan uchrashuvlarda qo‘mita vakillari aholini sinov tariqasida ro‘yxatga olish tadbirlarini sifatli va samarali tashkil etish yuzasidan taklif va tavsiyalar berdi.
Aholini ro‘yxatga olish – bu mamlakat aholisining muayyan vaqtdagi “fotosurati”ni olish imkonini beruvchi umumdavlat miqyosidagi keng ko‘lamli tadbir bo‘lib, aholi to‘g'risidagi ishonchli axborot manbasi bo‘lishini ta’kidlandi.
Ta’kidlash lozimki, aholini ro‘yxatga olish ma’lum bir davrda O‘zbekiston aholisining soni, yoshi, jinsi, diniy va etnik tarkibi, oilaviy ahvoli, ma'lumot darajasi, uy-joy bilan ta'minlanganligi, iqtisodiy faolligi, daromad olish manbalari, nogironligi xususida batafsil ma'lumot olishga yordam beradi. Shuningdek, aholi jon boshiga makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning taqsimlanishini hisoblashda ishlatiladi, migratsiya holatini, mehnat resurslari taqsimotini aniq ko‘rsatib beradi.
Matbuot xizmati











