Joriy yilning 19- may kuni Shveytsariyaning Jeneva shahrida aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish masalalari bo‘yicha ekspertlar guruhining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Mazkur yig‘ilishda Yevropa, Kavkaz, Markaziy Osiyo, Amerika va Afrika davlatlari statistika idoralari vakillari hamda xalqaro tashkilotlar ekspertlari ishtirok etdi.
Onlayn ravishda tashkil etilgan uchrashuvda pandemiya sharoitida aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish, ushbu tadbirni o‘tkazishda innovatsion usullar, ma'muriy va boshqa axborot manbalaridan foydalanish, ma'lumotlar sifatini baholash, foydalanuvchilarning ehtiyojlarini qondirish, aholini ro‘yxatga olish va ijtimoiy kuzatuvlarni integratsiyalash kabi masalalar ko‘rib chiqildi.
Ushbu tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasidan Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish boshqarmasi boshlig‘i Berdiqulov Qobil G‘ulomovich ham ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy maqsadi – aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olishning 2020- yil raundi doirasida amalga oshirilgan ishlar va ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazgan davlatlar tajribasini muhokama qilishdan iborat.
Tadbir davomida Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish boshqarmasi boshlig‘i Qobil Berdiqulov so‘zga chiqib, O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va kelajakdagi rejalar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Xalqaro ekspertlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi vakilining ma’ruzasi alohida e’tirof etildi va 2021- yilda O‘zbekistonda aholini sinov tariqasida ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuqori baholandi.
Matbuot xizmati


