O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020- yil 3- avgustdagi PQ- 4796- son qarori bilan tasdiqlangan “2020–2025- yillarda O‘zbekiston Respublikasi statistikasini rivojlantirishning milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi”ning tegishli bandlariga muvofiq Davlat statistika qo‘mitasiga “Milliy hisoblar tizimi – 2008” (MHT – 2008) xalqaro standartini amaliyotga to‘liq joriy etish hamda yalpi ichki mahsulot (YaIM)ning tarkibiy qismlarini baholash amaliyotini takomillashtirish vazifalari yuklatilgan.

Mazkur vazifalar ijrosi yuzasidan Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan xalqaro tavsiyalar va xorijiy davlatlar tajribasi asosida uy xo‘jaliklarining o‘z uyida yashash bo‘yicha xizmatlari (shartli uy-joy rentasi) hajmini baholash metodologiyasi takomillashtirildi.

Shuningdek, Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Osiyo taraqqiyot banki ekspertlari tavsiyalari asosida hamda mamlakatdagi uy-joy bozori xususiyatlarini hisobga olgan holda “Uy-joy egalari tomonidan o‘z iste'moli uchun ishlab chiqarilgan yashash xizmatlarini baholash bo‘yicha uslubiy Nizom” ishlab chiqildi. Ushbu uslubiy Nizomga muvofiq, foydalanuvchilar xarajatlari usuli asosida O‘zbekiston Respublikasida o‘z uyida yashash bo‘yicha xizmatlar hajmlarini qayta hisoblash ishlari amalga oshirildi.

Ma'lumot uchun: Agar inson uy-joyni ijaraga olsa va ijara to‘lovini amalga oshirsa, bu holat iqtisodiy operatsiya hisoblanadi va o‘z navbatida, xizmatlar sohasi ko‘rsatkichlarini shakllantirishda hisobga olinadi. Agar inson o‘z uyida yashasa va buning uchun ijara puli to‘lamasa, amalda hech qanday iqtisodiy operatsiya amalga oshmagan hisoblanadi. Ammo, bunday holatda MHT metodologiyasiga ko‘ra uy egasi, agar u xuddi shunday uyni ijaraga olganida, to‘lashi kerak bo‘lgan mablag‘ miqdorida shartli daromad olishi kerakligi va bu daromadga teng bo‘lgan shartli yashash xizmatlari hisobga olinishi ko‘zda tutilgan.

Shundan kelib chiqib, MHT tamoyillariga asosan, o‘z uyida yashash bo‘yicha shartli xizmatlar hajmi ishlab chiqarish chegarasiga kiritiladi va uy xo‘jaliklari iste'molining bir qismi hisoblanadi (“MHT – 2008” qo‘llanmasining 6.34 va 6.117 – bandlari).

 

Shartli uy-joy rentasini hisoblashning takomillashtirilgan metodologiyasi joriy etilishi natijasida 2020- yil aholi umumiy daromadlarning nominal hajmi 401,5 trln. so‘mdan 420,3 trln. so‘mga oshdi.       

 

O‘zbekiston Respublikasi aholining umumiy daromadlarini qayta hisoblash natijalari bo‘yicha taqqoslama jadval.

Aholining umumiy daromadlari (mlrd. so‘mda)

Yillar

Qayta hisoblashgacha

Qayta hisoblangandan so‘ng

2010

50 436,5

62 631,6

2011

66 670,5

85 933,5

2012

82 153,6

104 263,0

2013

101 661,2

126 268,0

2014

117 888,9

146 392,9

2015

158 699,8

169 344,3

2016

185 036,5

197 962,4

2017

220 811,8

236 893,1

2018

282 762,5

300 842,7

2019

346 461,5

365 735,6

2020

401 501,5

420 338,3

 

Hurmatli foydalanuvchilar, agar Sizda savol va takliflar mavjud bo‘lsa quyidagi manzilga murojaat qilishingiz mumkin:

 

Aholi turmush darajasi
va kuzatuvlari statistikasi boshqarmasi

Matbuot xizmati

Tel.: 71 202-81-66

Tel.: 71 203-80-24

e-mail: This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.

e-mail: This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it.