O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan Davlat statistika qo‘mitasining 30 yillik faoliyatiga oid “Davlat statistika qo‘mitasi prospekti” nashr qilindi.
Mazkur jurnalda mustaqillik yillarida statistika sohasida amalga oshirilgan ishlar va islohotlarning yangi bosqichida milliy statistika tizimini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari borasida atroflicha to‘xtalib o‘tilgan. Jumladan, statistika idoralari faoliyatiga ilg‘or raqamli texnologiyalarning joriy qilinishi, CAPI-maxsus dasturi orqali elektron qurilma (planshet)ga joylashtirilgan so‘rovnomadan foydalanib, statistika sohasida ma’lumotlarni elektron shaklda to‘plash imkonini beruvchi zamonaviy texnologiya hamda e-Stat 4.0 avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishlab chiqililib, amaliyotga joriy etilgani borasida alohida ma'lumot berilgan.
Statistik ma'lumotlarning ochiqligi, shaffofligi va oshkoraligini ta'minlash borasidagi islohotlar, qo‘mita faoliyati yoritiladigan manbalar, OAV bilan hamkorlik masalalariga ham alohida urg‘u berilgan.
Jurnalda mustaqillik davrida ilk bor o‘tkazilayotgan ro‘yxatga olish tadbirlarini, Xalqaro taqqoslash dasturi (XTD), Milliy barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM), Multiindikator klaster kuzatuvlari (MICS) kabi yirik tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazishga oid jarayonlar ham keltirilgan.
Shuningdek, “Davlat statistika qo‘mitasi prospekti”da qo‘mitaning xalqaro reytinglardagi ishtiroki, natijalari, xalqaro tashkilotlar bilan olib borilayotgan hamkorlik masalalari va xalqaro ekspertlar bilan bo‘lgan uchrashuvlar hamda qo‘mita rahbariyatining xorijiy safarlariga oid ma'lumotlar ham keltirilgan.
Jurnalda qo‘mita tarmoq boshqarmalarining faoliyati, vazifalari va erishgan natijalari hamda qo‘mita huzuridagi Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti faoliyatiga bag‘ishlangan sahifalar ham o‘rin olgan.
E'tiborlisi, mazkur “Davlat statistika qo‘mitasi prospekti”da foydalanuvchilar qo‘mita faoliyatiga oid ma'lumotlarni nafaqat o‘qishi, balki jurnalda keltirilgan maxsus – QR kodlar orqali o‘sha mavzuga oid manbalar, saytlarga kirishi va videoformatda tomosha qilishi mumkin. Bu esa, o‘z navbatida foydalanuvchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratib, ortiqcha vaqt sarflashlarini oldini oladi.
Matbuot xizmati


