Joriy yilning 13- sentabr kuni Davlat statistika qo'mitasida ijtimoiy himoya statistikasi bo'yicha trening kursi boshlandi. Ushbu onlayn trening kursi Qozog'iston Respublikasi strategik rejalashtirish va isloh qilish agentligi Milliy statistika byurosi ekspertlari tomonidan Islom hamkorlik mamlakatlari uchun statistik, iqtisodiy, ijtimoiy va kadrlar tayyorlash instituti (SESRIC)ning statistik salohiyatni oshirish dasturi (StatCaB) doirasida amalga oshiriladi.
Mazkur onlayn trening kursi joriy yilning 13–17- sentabr kunlari bo’lib o’tadi. Unda quyidagi mavzular ko'rib chiqiladi: Qozog'istonda gender tengligi va gender siyosatining asosiy yo'nalishlarining institutsional asoslari; Qozog'istonda gender statistikasini rivojlantirish tarixi; Qozog'istonda gender statistikasi ko'rsatkichlarining milliy tizimi va BMTning xalqaro tavsiyalari; Qozog'istonda gender statistikasini ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan asosiy ma'lumot manbalari; Qozog'istonda gender statistikasi (ayollar, jinsga qarshi zo'ravonlik va h. k.) bo'yicha tanlangan so'rovlarni ko'rib chiqish; gender statistikasi ma'lumotlarini tarqatish, foydalanuvchilar va ma'lumotlar ishlab chiqaruvchilar bilan o'zaro hamkorlik qilish; Ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari va innovatsiya statistikasini shakllantirishdagi uslubiy yondashuvlar, turmush darajasi statistikasi, qashshoqlik ko'rsatkichlarini hisoblash usuli va qashshoqlik statistikasini rivojlantirishdagi yangi yo'nalishlar.
Bundan tashqari, ijtimoiy himoya statistikasi bo'yicha onlayn trening kursida quyidagilar ko'rib chiqiladi: aholi va uning ijtimoiy-demografik xususiyatlari haqidagi ma'lumotlarning asosiy manbalari; demografiya statistika, ta'lim, sog'liqni saqlash va ijtimoiy ta'minot statistikasi va so'rovlarni o'tkazish tajribasi (ko'p indikatorli klaster tadqiqotlar, aholining huquqni muhofaza qilish organlariga bo'lgan ishonch darajasi) bo'yicha ma'lumotlar metodologiyasi va shakllanishi.
Onlayn o'quv kursida Davlat statistika qo'mitasidan Statistika ishlarini tashkil etish va metodologiya boshqarmasi, Xalqaro hamkorlik va axborot almashuv boshqarmasi, Demografiya va mehnat statistikasi boshqarmasi, Aholi turmush darajasi va kuzatuvlari statistikasi boshqarmasi, shuningdek, Ijtimoiy soha va barqaror rivojlanish statistikasi boshqarmasi boshliqlari va xodimlari ishtirok etmoqda.
Matbuot xizmati


