2021- yil 16- sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida joriy yilning “Аholini sinov tariqasida ro‘yxatga olish tadbirlariga tayyorgarlik jarayonlari” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbirda Davlat statistika qo‘mitasi rahbariyati, markaziy apparati boshqarma boshliqlari, Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalistlar, blogerlar ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, aholini ro‘yxatga olish bu – mamlakat aholisining muayyan vaqtdagi “fotosurati”ni olish imkonini beruvchi umumdavlat miqyosidagi keng ko‘lamli tadbir bo‘lib, aholi to‘g‘risidagi ishonchli axborot manbai hisoblanadi.
Aholini ro‘yxatga olishda har bir fuqaroning ma’lumotlari muhim ahamiyatga ega bo‘lib, avvalo, aholining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi, oilaviy ahvoli, ma’lumoti, uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi, bandligi, daromad manbalari kabi ko‘rsatkichlar bo‘yicha batafsil ma’lumot to‘planadi.
Aholini ro‘yxatga olishning huquqiy asosi bo‘lib, 2020- yil 16- martda qabul qilingan “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni xizmat qiladi. Mazkur qonun aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha mustaqillik yillarida qabul qilingan ilk qonun bo‘lib, aholini ro‘yxatga olish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
Mazkur qonunning ijrosini samarali tashkil etish maqsadida, 2020- yilning 11- noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida 2023- yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 710-son qarori qabul qilindi.
Ushbu qarorga binoan O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olish tadbiri 2023- yilning 1–25- noyabr kunlari o‘tkaziladi. Shuningdek, aholini ro‘yxatga olish jarayoni va barcha me’yoriy hujjatlarni sinovdan o‘tkazish maqsadida 2021- yilning 1–25- noyabr kunlari Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilishi belgilandi.
Sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olishning maqsadi – aholini ro‘yxatga olish uchun ishlab chiqilgan uslubiy qo‘llanmalar, so‘rovnoma shakllaridagi savollar, tashkiliy ishlar, dasturiy ta’minot va texnologiyalarni sinovdan o‘tkazishdan iborat.
Sinov jarayonlarida aniqlangan barcha xato va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralar koʻriladi. Shuning uchun ham sinov tariqasida aholini roʻyxatga olish tadbiri asosiy tadbirdan kamida ikki yil oldin oʻtkaziladi.
Sinov tariqasida aholini roʻyxatga olishga puxta tayyorgarlik koʻrish maqsadida 2021-yil may oyida sinov hududlarida kadastr organlari tomonidan tayyorlangan mahallalarning xaritalari uy-joylar roʻyxatini tuzuvchi xodimlar (registratorlar) tomonidan joyiga chiqqan holda haqiqiy holatga mosligi oʻrganilib, uy-joylar roʻyxati tuzib chiqildi hamda uyma-uy yurgan holda aholi soniga aniqlik kiritilib, xonadonlar roʻyxati yangilandi.
Mazkur ishlar uchun jami 175 nafar (Xoʻjaobod tumanida 35 nafar, Yuqori Chirchiq tumanida 37 nafar, Xiva shahrida 22 nafar va Yashnobod tumanida 81 nafar) registratorlar statistika, kadastr, mahalla va uy-joy fondidan foydalanuvchi tashkilotlar xodimlari orasidan hududiy komissiyalar tomonidan tanlab olindi. Tanlab olingan registratorlar joriy yilning 28-30-aprel kunlari Davlat statistika qoʻmitasi mutaxassislari tomonidan maxsus dastur asosida oʻqitilib, tanlanma ravishda mahallalarga chiqqan holda ularning amaliy koʻnikmalari oshirildi.
Hozirgi kunda 4 ta hudud boʻyicha ishlab chiqilgan tashkiliy rejaga muvofiq, mahallalarda aholini roʻyxatga olish jarayonlarini tashkil etish va nazorat qilishga moʻljallangan roʻyxatga olish uchastkalari tashkil etilmoqda. Jami boʻlib 100 ta, shundan, Xoʻjaobod tumanida 11 ta, Yuqori Chirchiq tumanida 13 ta, Xiva shahrida 7 ta
va Yashnobod tumanida 19 ta roʻyxatga olish uchastkalari tashkil etilmoqda.
Shuningdek, har 5 nafar roʻyxatga oluvchi ishini nazorat qilib boruvchi instruktorlik uchastkalari tashkil etilmoqda. Bular, Xoʻjaobod tumanida 56 ta, Yuqori Chirchiq tumanida 68 ta, Xiva shahrida 36 ta va Yashnobod tumanida 94 tani tashkil etadi.
Mazkur uchastkalar uchun mahalliy hokimliklar tomonidan zarur vositalar bilan jihozlangan bino yoki xonalar ajratilmoqda.
Shu bilan birga, hozirda aholini roʻyxatga olish jarayonlariga vaqtincha jalb etiladigan xodimlarni tanlab olish ishlari davom etmoqda. Roʻyxatga olish jarayonlariga jami boʻlib 1900 nafarga yaqin xodim jalb etilishi rejalashtirilgan. Bular, Xoʻjaobod tumanida 413 nafar, Yuqori Chirchiq tumanida 506 nafar, Xiva shahrida 268 nafar va Yashnobod tumanida 698 nafarni tashkil etadi.
Aholini roʻyxatga olishning rasmiy aholi.stat.uz veb-sayti ishga tushirildi. Unda aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq meʼyoriy-huquqiy hujjatlar, uslubiy qoʻllanmalar va nashrlar joylashtirilib, tayyorgarlikning “qaynoq” jarayonlari yoritib borilmoqda.
Aholini ro‘yxatga olishga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan muntazam ravishda onlayn seminarlar va davra suhbatlari tashkil etilib, aholini ro‘yxatga olish jarayoniga oid ma’lumotlar e’lon qilib kelinmoqda. Bu kabi tadbirlar ommaviy axborot vositalarida ham keng yoritilmoqda.
Matbuot anjumanida Davlat statistika qo‘mitasi mutaxassislari jurnalistlar tomonidan berilgan barcha savollarga atroflicha javob berishdi.
Matbuot xizmati


