2021- yil 29- oktabr kuni Toshkent arxitektura-qurilish institutida  Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan ochiq dars o’tkazildi. Unda Davlat statistika qo‘mitasi marzakiy apparat boshqarma boshliqlari, Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti rahbariyati, Toshkent arxitektura-qurilish instituti professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etdi.

presrel_29_10_21_ichi1

presrel_29_10_21_ichi2

Tadbirda joriy yilning 1–25- noyabr kunlari sinov tariqasida o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olish tadbirlari bo‘yicha ko‘rilayotgan tayyorgarlik jarayoni, shu yil 11- avgustda qabul qilingan “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyati hamda yurtimizda qurilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan talabalarga atroflicha ma’lumotlar berildi.

presrel_29_10_21_ichi3

presrel_29_10_21_ichi4

Dastlab aholini ro‘yxatga olishning ahamiyati xususida so‘z yuritildi. Davlat statistika qo‘mitasi Ro'yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o'tkazish boshqarmasi xodimi Sidiqov Olimjon Abdiraximov mavzu bo‘yicha batafsil ma’lumot berib o‘tdi.

presrel_29_10_21_ichi8

Ta’kidlanganidek, aholini ro‘yxatga olish – bu mamlakat aholisining muayyan vaqtdagi “fotosurati”ni olish imkonini beruvchi umumdavlat miqyosidagi keng ko‘lamli tadbir bo‘lib, aholi to‘g‘risidagi ishonchli axborot manbai hisoblanadi.

 

presrel_29_10_21_ichi6

Aholini ro‘yxatga olishda har bir fuqaroning ma'lumotlari muhim ahamiyatga ega bo‘lib, avvalo, aholining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi, oilaviy ahvoli, ma'lumoti, uy-joy bilan ta'minlanganlik darajasi, bandligi, daromad manbalari kabi ko‘rsatkichlar bo‘yicha batafsil ma'lumot to‘planadi.

Aholini ro‘yxatga olishning huquqiy asosi bo‘lib, 2020- yil 16- martda qabul qilingan “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni xizmat qiladi. Mazkur qonun aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha mustaqillik yillarida qabul qilingan ilk qonun bo‘lib, aholini ro‘yxatga olish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.

presrel_29_10_21_ichi7

Mazkur qonun ijrosini samarali tashkil etish  maqsadida 2020- yilning 11- noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida 2023- yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 710-son qarori qabul qilindi.

Ushbu qarorga binoan O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olish tadbiri 2023- yilning 1–25- noyabr kunlari o‘tkaziladi. Shuningdek, aholini ro‘yxatga olish jarayoni va barcha me'yoriy hujjatlarni sinovdan o‘tkazish maqsadida 2021- yilning 1–25- noyabr kunlari Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilishi belgilandi.

presrel_29_10_21_ichi9

2021- yil 11- avgustda qabul qilingan “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyati xususida Davlat statistika qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Odiljon Mamadaliyev alohida to‘xtalib o‘tdi. Ushbu qonunni ishlab chiqishda BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi tomonidan Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo davlatlari uchun maxsus ishlab chiqilgan “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi model qonuniga tayanildi.

presrel_29_10_21_ichi5

Jarayonga hukumat, vazirlik va idoralar mas'ullari hamda Jahon bankining xorijiy ekspertlari jalb etildi. MDH, Osiyo va Yevropa mamlakatlarining qonunchiligi hamda Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Qozog‘iston va boshqa davlatlarning rasmiy statistika borasidagi huquqni qo‘llash amaliyoti o‘rganildi.

Yangi qonun 7 ta bob va 44 ta moddadan iborat bo‘lib, avvalgi qonunimizdan tubdan farqi qiladi va asosiy jihatlar va yangiliklarni quyidagilarda ko‘rishimiz mumkin: birinchidan, yangi tushuncha, ya'ni rasmiy statistika tushunchasi amaliyotga joriy etilmoqda. Qonunda rasmiy statistika O‘zbekiston Respublikasidagi iqtisodiy, demografik, ijtimoiy, moliyaviy, ekologik hodisalar va jarayonlarni hamda boshqa hodisalar va jarayonlarni tavsiflovchi, ushbu qonunning qoidalariga muvofiq tayyorlanadigan hamda tarqatiladigan statistika ma'lumotlaridan iboratdir, deb aniq belgilab qo‘yilmoqda.

presrel_29_10_21_ichi11

Bundan buyon ushbu qonun qoidalariga muvofiq tayyorlanmagan har qanday statistika ma'lumoti rasmiy deb tan olinmaydi va mazkur tushuncha yordamida milliy axborot makonida rasmiy va normasiy statistik ma'lumotlarni aniq ajratib olish imkoniyati yaratiladi.

Shuningdek, ochiq dars davomida yurtimizda investitsiyalar va qurilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha ham fikr-mulohaza bildirildi. Qo‘mitaning Investitsiyalar va qurilish statistikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Javlon Soipov mavzu bo‘yicha ma’lumot berdi.

presrel_29_10_21_ichi10

presrel_29_10_21_ichi12

Ta’kidlanganidek, 2021- yilning yanvar–sentabr oylarida, O‘zbekiston Respublikasida jami 76890,7 mlrd. so‘mlik qurilish ishlari bajarilib, o‘sish sur’ati 2020- yilning yanvar-sentabr oylariga nisbatan 104,5 % ni tashkil etdi.

2021- yilning yanvar-sentabr oylarida kichik korxona va mikrofirmalar tomonidan bajarilgan qurilish ishlari hissasiga jami qurilish ishlari hajmining 54,7% i to‘g‘ri kelib, 2020- yilning yanvar-sentabr oylari ko‘rsatkichiga nisbatan 0,5 % punktga ko‘paydi. Shuningdek, ular hissasiga to‘g‘ri kelgan qurilish ishlari hajmi 2020- yilning mos davriga nisbatan 104,9 % ni tashkil etgan holda 42031,3 mlrd. so‘m miqdorida qayd etildi.

presrel_29_10_21_ichi13

Ochiq darsda Davlat statistika qo‘mitasi mutaxassislari talabalar tomonidan berilgan barcha savollarga atroflicha javob berdi.

Tadbirda faol ishtirok etgan talabalarga esdalik uchun kitoblar berildi.

Matbuot xizmati