2021- yil 3- noyabr kuni soat 11:00da poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida Davlat statistika qo‘mitasi va Toshkent shahar statistika boshqarmasi tomonidan shu yilning 1–25- noyabr kunlari sinov tariqasida o‘tkazilayotgan aholini ro‘yxatga olish tadbirlari jarayoni yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi.

 uzb_03_11_21_ichi1

Matbuot anjumanida Davlat statistika qo‘mitasi vakillari, Toshkent shahar statistika boshqarmasi rahbariyati, mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari, blogerlar ishtirok etdi.

Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, aholini ro‘yxatga olish – bu mamlakat aholisining muayyan vaqtdagi “fotosurati”ni olish imkonini beruvchi umumdavlat miqyosidagi keng ko‘lamli tadbir bo‘lib, aholi to‘g‘risidagi ishonchli axborot manbai hisoblanadi.

uzb_03_11_21_ichi2

Aholini ro‘yxatga olishning huquqiy asosi bo‘lib, 2020- yil 16- martda qabul qilingan “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni xizmat qiladi. Mazkur qonun aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha mustaqillik yillarida qabul qilingan ilk qonun bo‘lib, aholini ro‘yxatga olish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.

Mazkur qonun ijrosini samarali tashkil etish  maqsadida joriy yilning 11- noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida 2023- yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 710-son qarori qabul qilindi.

uzb_03_11_21_ichi3

Ushbu qarorga binoan O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olish tadbiri 2023- yilning 1–25- noyabr kunlari o‘tkaziladi. Shuningdek, aholini ro‘yxatga olish jarayoni va barcha me'yoriy hujjatlarni sinovdan o‘tkazish maqsadida 2021- yilning 1–25- noyabr kunlari Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilishi belgilandi.

Matbuot anjumanida aytilganidek, ayni paytda Yashnobod tumanida ham sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish tadbirlari o‘tkazilmoqda. Joriy yil 25- noyabrgacha davom etadigan tadbirlar uchun mazkur tumandagi 58 ta mahalla fuqarolar yig‘inining sxematik xaritalari o‘rganilib chiqildi.

uzb_03_11_21_ichi4

  Mazkur tadbirga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida xorijlik ekspertlar taklif etildi. Xususan, MDH Statistika qoʻmitasi raisi Sokolin Vladimir Leonidovich, ushbu qo‘mitaning ijtimoiy-demografik statistika boshqarmasi boshligʻi I.Zbarskaya, Aholini roʻyxatga olish boʻyicha YUNPFAning xalqaro eksperti G.Sherbakova Yashnobod tumanida amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirib, tegishli taklif va tavsiyalar berdi.

uzb_03_11_21_ichi5

Sinov tariqasida o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olish tadbirlari jarayonida:

2021- yil 1-5 noyabr kunlari – internet orqali aholi ro‘yxatga olinadi (bunda yaratilgan maxsus dastur orqali sinov hududida yashaydigan istalgan fuqaro o‘zi mustaqil ravishda ro‘yxatdan o‘tishi mumkin bo‘ladi) →ishtirok etish;

6–10- noyabr kunlari – internet orqali ro‘yxatdan o‘tgan respondentlar va ularning uy manzillari ro‘yxati shakllantiriladi;

11–22- noyabr kunlari – ro‘yxatga oluvchilar uyma-uy yurgan holda aholini ro‘yxatga oladilar;

23–25- noyabr kunlari – har bir hisob uchastkasidagi uy-joy manzillarining 10 foizi tanlanma ravishda nazorat kuzatuvi asosida qayta o‘rganiladi.

uzb_03_11_21_ichi6

Bunda agar respondent (aholi) yashab turgan xonadonida (joyida) ro‘yxatdan o‘tishni istamasa, ro‘yxatga olish uchastkasidan ro‘yxatdan o‘tishi uchun imkoniyat yaratiladi. Respondentlar tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlar oshkor etilmaydi va maxfiyligi kafolatlanadi.

Sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olishning yakunlari bo‘yicha ro‘yxatga olish dasturi, ro‘yxatga olish hujjatlari shakllari, ro‘yxatga olishni o‘tkazish usullari, ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlari hamda foydalaniladigan axborot texnologiyalari sinovi natijalari tahlil qilinadi.

uzb_03_11_21_ichi7

2022 yil 1- iyunga qadar 2023- yilda aholini ro‘yxatga olish dasturi, metodik qo‘llanmalar va normativ hujjatlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi hamda ma'lumotlarni qayta ishlash usullari va aholini ro‘yxatga olish yakunlarini shakllantirish zarurati yuzasidan takliflar ishlab chiqiladi.

Sinov tariqasida o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik jarayonida aholi punktlarining sxematik rejalarini texnik shartlar asosida tayyorlash Yashnobod tuman kadastr bo‘limi bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Shuningdek, aholi punktlarida yashovchi aholi soni ko‘rsatilgan holda uylar va xonadonlarning to‘liq ro‘yxati tuzib chiqildi, ko‘cha nomlari, uy-joylarni raqamlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

uzb_03_11_21_ichi8

 Sinov tariqasida o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olish tadbirlarini yuqori darajada o‘tkazilishi uchun unga tayyorgarlik ko‘rish, ma’lumotlarni qayta ishlash va hujjatlarni saqlash uchun Yashnobod tuman hokimligi tomonidan maxsus binolar ajratildi.

Shuni alohida aytish joizki, aholini ro‘yxatga olish tadbiri uchun Yashnobod tumanida 19 nafar uchastka raisi, 19 nafar rais o‘rinbosarlari, 94 nafar stasionar ro‘yxatga oluvchi hamda 472 nafar ro‘yxatga oluvchi xodimlar hududiy komissiya a’zolari tomonidan tanlab olindi.

uzb_03_11_21_ichi9

Ushbu tanlab olingan 698 nafar xodim joriy yilning oktabr oyida aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha maxsus o‘qitildi.

Matbuot anjumanida mutaxassislar jurnalistlar tomonidan berilgan barcha savollarga atroflicha javob berdi.

Eslatma: joriy yilning 1-5 noyabr kunlari Internet tarmog‘i orqali aholini sinov tariqasida ro‘yxatga olish o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Onlayn tadbirda census.stat.uz havolasi orqali O‘zbekistondagi va xorijdagi barcha yurtdoshlarimiz ixtiyoriy qatnashishi mumkin.

Matbuot xizmati