Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi jamoasi Toshkent Moliya instituti professori, iqtisodiyot fanlari doktori, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi, Davlat statistika qoʻmitasi Jamoatchilik kengashi raisi Yorqin Abdullayevni tabarruk 80 yoshi bilan samimiy muborakbod etadi!

1

Yorqin Abdullayev 1968- yilda Toshkent xalq xoʻjaligi institutini imtiyozli diplom bilan tugatganidan soʻng, boshlangan koʻp yillik mehnat faoliyatini ilm va pedogogik sohasiga bagʻishlagan. Hamkasblari va shogirdlariga doimo olimlik va insoniylik fazilatlari bilan namuna koʻrsatib, ular orasida chuqur hurmat va ehtiromga sazovor boʻlib kelmoqda.

Institutni tamomlab, “Statistika” kafedrasida dastlab assistent, keyinchalik katta oʻqituvchi, dotsent lavozimlarida ishlagan. 1972-1974-yillarda Moskva iqtisod statistika instituti aspiranturasida tahsil olib, nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqlagan. Bunda makroiqtisodiy koʻrsatkichlarni hisoblash metodologiyasini ilmiy asoslab berishi natijasida hududlar miqyosida hududiy ichki mahsulotni hisoblash boʻyicha birinchi tamal toshi qoʻyilgan. Shundan soʻng, Ustozning ilmiy asosli takliflari statistika idoralari amaliyotida keng qoʻllanila boshlangani bugun hechkimga sir emas. Oʻz oʻrnida, Davlat statistika ishlari dasturlarini ishlab chiqish jarayonlarida ham Ustoz doimiy faol qatnashmoqdalar. Shu bois, Yorqin Abdullayev statistika sohasida oʻz maktabini yaratgan yetuk olim sifatida e’tirof etib kelinadi.

Bugun kitobxonlar Ustozni nafaqat statistika, iqtisodiyot sohalarida yozilgan ilmiy kitoblari, darsliklar, monografiyalar muallifi sifatida bilishadi, balki memuar janrga xos publitsistik asarlarini ham sevib oʻqishmoqda, ilm olishmoqda. 

Yorqin Abdullayevdek jonkuyar Ustoz, yetuk olim, iqtisod fanlari doktori, professor, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi, oliy taʼlim aʼlochisi, xalqimiz va millatimiz uchun hormay-tolmay mehnat qiladigan fidoyi inson bilan hamisha faxrlanamiz.

Yorqin Abdullayev ilmiy-pedagogik faoliyati davomida 6 nafar fan doktorlari, 20 dan ortiq fan nomzodlari va minglab shogirdlarni jamiyatga tayyorlab kelmoqda. Davlat statistika qoʻmitasi huzuridagi Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti qoshida tashkil etilgan Ilmiy kengashda statistika nazariyasi, tarmoqlar statistikasi, milliy hisoblar, narxlar statistikasi yoʻnalishlarida Ustozning rahbarligida yosh tadqiqotchilar ilmiy-izlanishlar olib borishmoqda. U tayyorlagan kadrlar bugungi kunda iqtisodiyotning turli sohalarida masʼuliyatli vazifalarni bajarib, yurt ravnaqiga munosib hissa qoʻshib kelishmoqda.

Sizni yana bir bor tavallud ayyomingizning 80-yilligi bilan chin dildan muborakbod etamiz. Sizga uzoq umr, sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat tilaymiz !

  Hurmat va ehtirom ila,

 Davlat statistika qoʻmitasi jamoasi