Joriy yilning 20- aprel kuni Davlat statistika qo‘mitasi hamda Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti hamkorligida davra suhbati tashkil etildi.
Mazkur tadbirda Davlat statistika qo‘mitasi markaziy apparati vakillari, Milliy universiteti Iqtisodiyot fakulteti professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etdi.



Tadbirda Davlat statistika qo‘mitasi Makroiqtisodiy indikatorlar va milliy hisoblar boshqarmasi boshlig’i Abrorali Mamadjanov “Milliy hisoblar tizimining asosiy ko'rsatkichlari” mavzusida taqdimot qildi.



Ta’kidlanganidek, 2021- yilda O‘zbekiston Respublikasi YAIM hajmi joriy narxlarda 734 587,7 mlrd. so‘mni tashkil etdi va 2020- yil bilan taqqoslaganda 7,4 % ga o‘sdi. YAIM deflyator indeksi 2020- yildagi narxlarga nisbatan 113,6 % ni tashkil etdi. 2021- yilda aholi jon boshiga hisoblangan YAIM hajmi joriy narxlarda 21 039,3 ming so‘mni (yoki 1 983,0 AQSH dollari ekvivalentida) tashkil etdi va 2020- yil bilan taqqoslaganda 5,3 % ga o‘sdi.
Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti Iqtisodiyot fakulteti professor-o‘qituvchilari va ilmiy tadqiqotchilari o‘zlarining qiziqtirgan barcha savollariga qo‘mita mutaxassislaridan atroflicha javob olishdi.



Davra suhbati yakunida, qo’mita faoliyatiga oid “Davlat statistika qo‘mitasining prospekti” hamda statistik to‘plamlar sovg’a qilindi.
Tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash va shu kabi uchrashuvlarni muntazam o‘tkazishga kelishib oldi.

Eslatib o’tamiz, bu kabi davra suhbatlari O‘zbekistonning boshqa oliy ta’lim muassasalari bilan ham o‘tkazilishi muntazam yo‘lga qo‘yilgan.
Matbuot xizmati


