O‘zbekiston Respublikasi eksport-importida turizm hajmini to‘liq hisobga olinishini ta’minlash, turizm statistikasi ko‘rsatkichlarini va turizm yordamchi hisobini shakllantirish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlami yig‘ish tizimini takomillashtirish maqsadida, Davlat statistika qo‘mitasining 2022-yil 5-maydagi 28-son buyrug‘i bilan joriy yilning 10-mayidan 10- iyuniga qadar kiruvchi va chiquvchi turizm bo‘yicha tanlanma kuzatuv o‘tkazilishi belgilagan.

Mazkur buyruq ijrosini ta’minlash maqsadida, Davlat statistika qo‘mitasi markaziy apparatidan biriktirilgan vakil – Tashqi iqtisodiy faoliyat va savdo statistikasi boshqarmasi boshlig‘i Botir Irgashyev, Namangan viloyati statistika boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Bobirjon Xoliqov hamda viloyat turizm boshqarmasining mas’ul xodimlari tomonidan mazkur kuzatuvlarni samarali tashkil etish maqsadida supervayzerlar va ishchi guruh a’zolari uchun o‘quv seminari tashkil etildi.

Aytish kerakki, mazkur kuzatuvlar O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirish va chiqishga oid turizm bo‘yicha tanlanma kuzatuv o‘tkazish tartibini belgilaydi. Shuningdek, respublika eksportida turizm hajmining to‘liq hisobga olinishini, turizm statistikasi ko‘rsatkichlari va turizm yordamchi hisobini shakllantirishni ta’minlaydi.

Kuzatuv natijasi asosida turistlar oqimi, turistlarning safar maqsadi va davomiyligi, respublika hududida chet ellik turistlarning hamda va chet elga safar qilgan O‘zbekiston rezidentlarining amalga oshirgan sarf-xarajatlari tarkibi kabi ma’lumotlar shakllanadi.

Respublikaning turizm bo‘yicha eksport-import ko‘rsatkichi tanlanma kuzatuv natijalari asosida bitta tashrif buyuruvchiga to‘gri keladigan o‘rtacha xarajatdan kelib chiqqan holda hisoblanadi.
Kuzatuvni tashkil qilish va o‘tkazish Turizm va madaniy meros hamda Investitsiya va tashqi savdo vazirliklari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Matbuot xizmati


